Breaking News

AQShda O'zbekiston prezidenti saylovi uchun ko'chma saylov uchastkalari ochildi


Virjiniyada sayl va saylov
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:39 0:00

24-oktabr kuni O’zbekistonda navbatdagi prezidentlik saylovi bo’lib o’tadi. AQShdagi O’zbekiston elchixonasi xorijdagi vatandoshlar uchun bir qator shtatlarda muddatdan oldin ovoz berish ko’chma saylov uchastkalarini tashkil etdi.

17-oktabr kuni Virjiniyada ham saylov, ham sayl bo’ldi. 300 dan ortiq odam yig’ilgan parkda doshqozonlarda osh pishdi, kabob va boshqa tansiq taomlar tortiq qilindi. Bolalar uchun ko’ngilochar o’yinlar, tomoshalar tashkil etildi. Kattalar esa uzoq davom etgan koronavirus pandemiyasi ortidan yig’ilib, diydorlashish imkoni paydo bo’lganidan xursand.

Vashingtondagi O’zbekiston elchixonasi ko’chma saylov uchastkasini tashkil etdi. Saylga kelgan O’zbekiston fuqarolari bu yerda O’zbekiston prezidentligi uchun kechayotgan saylovda ovoz berish imkoniyatiga ega bo’ldi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan o’zbekistonliklarning aytishicha, saylovda kimning g’olib bo’lishi aniq, chunki nomzodlar orasida siyosiy raqobat mavjud emas. Amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi besh yillik muddatga qayta saylanishi kutilyapti.

AQShdagi o’zbekistonliklar jamiyati yetakchilaridan biri Farhod Sulton O’zbekistonda boshlangan ijobiy o’zgarishlardan umidvor ekanini aytadi.

“Demokratik jarayonlar bundan ham jadallashib, xalqning ishonchi ortib boraversin. O’zbekistonning oldida juda katta yutuqlar turibdi. Birma-bir har bir yutuqlarga erishishga hammamiz tilakdoshmiz”, - deydi u.

Vatandoshlar bilan diyodorlashish uchun keldim, deydi tadbirda qatnashgan 93 yoshli yozuvchi va ijodkor Jo’ra Bo’tako’z.

“Bu yerdagi aziz birodarlarimizga va aziz ona yurtimizdagi birodarlarimizga ich-ichimdan to’lqinlanib kelgan muhabbatlarim, hurmatlarim va salomlarimni bildiraman. Vashingtonda mana shunday katta parkda yig’ilib, bir-birimizni tanib-tanishtirgan, buni tashkil qilgan kimlar bo’lsa, ularning hammasiga katta rahmat”, - deydi keksa vatandosh.

Ayollar huquqlari faoli va AQShdagi “O’zbek diasporasi” guruhi asoschilaridan biri Shahlo Ziyodullayeva O’zbekistonda ayol siyosatchilar ko’payishidan umidvor ekanini aytadi.

“Bu yilgi saylovlarda birinchi marta ayol kishi nomzodi bor. Bundan juda xursand bo’ldim. Chunki o’zbek ayollarimiz siyosatda ko’p ko’rinmaydi. Xohlaymanki, bu boshlanishi. Ko’p o’zbek ayollarimiz mana shunday chiqib, saylovlarda prezidentlikkacha borishlarini xohlardim”, - deydi u.

AQShda yashovchi yana bir o’zbekistonlik Yulduz Artikovaning ham saylovdan o’z umidlari bor. U xorijdagi O’zbekiston fuqarolariga e’tibor yanada ko’proq bo’lishini xohlaydi.

“Endi shu elchixonadan bizning iltimosimiz borki, shu O’zbekiston xalqiga ko’proq e’tibor qaratishsa, yaxshi bo’lardi”, - deydi u.

AQShda ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Poytaxt Vashington va unga qo’shni shtatlardan tashqari, o’zbekistonliklar ko’p yashovchi Nyu-York, Florida, Illinoys va Pensilvaniya kabi shtatlarda ham ko’chma saylov uchastkalari tashkil etilgan. 24-oktabr kuni Vashingtondagi O’zbekiston elchixonasi binosida ham ovoz berish davom etadi.

Elchixona vakillarining aytishicha, saylovda qatnashish uchun oldindan elchixona ro’yxatida bo’lish shart emas. Yaroqlilik muddati o’tmagan O’zbekiston pasporti bo’lishi kifoya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG