Breaking News

Saylov: nomzodlarning muhojirlarni soliqqa tortish-tortmaslik haqidagi fikrlari spektaklmi?


O’zbekiston prezidentligi saylovida raqobat yo’qligiga doir YHHT hisobotidan sal o’tib, nomzodlar mehnat muhojirlari masalasida munozaraga kirishgan.    

Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning mehnat muhojirlarini soliqqa tortish haqidagi tashabbusiga Shavkat Mirziyoyev javob berdi: “Men shu yurtda rahbar bo’lib ishlasam, ular hech qachon soliqqa tortilmaydi”.

Mirziyoyevning Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda aytgan bu bayonoti soni uch millionga yaqin ko’rilyotgan o’zbekistonlik mehnat muhojirlari, saylovchilar tomonidan olqish bilan kutib olingani kuzatiladi.

Bu olqishlarda esa Mirziyoyevning saylovdagi raqibi Alisher Qodirov xizmati beqiyosligi ta’kidlanmoqda. Har holda ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda mehnat muhojirlari daromadini soliqqa tortish taklifini surgan Qodirov bilvosita prezident Mirziyoyev manfaatini ko’zlagani shubha ostiga olinmayapti.

Bloger Abduqodir Mo’minovning ta’kidlashicha, Qodirov bildirgan va jamoatchilikda jiddiy munozara qo’zg’agan bu bayonotga nisbatan prezidentlikka nomzodlardan faqat Mirziyoyev munosabat bildirishi rejalashtirilgan ssenariydek ko’rinadi.

“Buni boshqacha tahlil qilish qiyin. Chunki Alisher Qodirovning, “Milliy tiklanish” partiyasining saylov dasturida mehnat muhojirlariga oid biror band yo’q. Men saylov dasturiga qarab chiqdim. Uning kutilmaganda bunday taklif bilan chiqishi, sal o’tmasdan Mirziyoyevning bu tashabbusga munosabat bildirishi rejalashtirilgan o’yindek. Qodirov bu tashabbusi bilan Mirziyoyevga yaxshigina xizmat qilib berdi. Bu shaxsan uning o’zidan chiqqan g’oyami yoki unga buni tavsiya qilishganmi, bunisi mavhum”, - deydi bloger.

Mehnat muhojirligi O’zbekistonda so’nggi yillarda dolzarb turgan og’ir iqtisodiy- ijtimoiy muammolardan biri sanaladi. Agar gap saylash huquqidagi millionlab fuqarolar haqida borayotgani inobatga olinsa, masala siyosiy ahamiyat ham kasb etadi.

Alisher Qodirovning bu bayonoti prezident Mirziyoyevga hozirgacha saylovchilar bilan o’tgan uchrashuvlarida chetlab kelayotgan mehnat muhojirlari muammosiga bir qadar hadiksiz yondashish imkoniyatini ham bergan.

Mehnat muhojirlarini “yanada vatanparvarroq” bo’lishga, mamlakatda ham soliq to’lashga chaqirgan Alisher Qodirovning bu bayonoti mamlakatdagi ishsizlik tufayli dunyoning turli davlatlarga tarqalgan o’zbekistonliklar tomonidan jiddiy norozilik bilan kutib olindi. Besh yil burun hokimiyatga kelish arafasida mehnat muhojirligini qisqartirishga, munosib ish o’rinlarini mamlakatning o’zida yaratishga va’da bergan Shavkat Mirziyoyev bu safar 2,5 milliondan oshiq mehnat muhojirlarini hech qachon soliqqa tortmaslikka so’z bergan. Vatandan uzoqda ishlab, ham o’zini, ham oilasini boqayotgan muhojirlarga faqat rahmat aytish zarurligini bildirgan.

“Bu tashabbus jamoatchilikda jiddiy norozilik, munozara uyg’otganiga qaramasdan odatda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan Alisher Qodirovning o’zi bunga biror bir izoh bilan chiqmayotgani ham g’alati ko’rinadi. Go’yo unga bu haqda gapirishni taqiqlashgandek yoki jiddiy bosim o’tkazishgandek ”, - deydi Abduqodir Mo’minov.

Qodirovning bu tashabbusi haqiqatda jiddiy norozilik uyg’otgan, ijtimoiy tarmoqlarda mehnat muhojirlarining bu tashabbusga nisbatan munosabatlari aks etgan g’azabli chiqishlar ko’paygan. Buning ortidan Davlat soliq qo’mitasi mehnat muhojirlaridan soliq undirish rejasi yo’qligiga doir bayonot bilan ham chiqdi.

Prezidentlikka nomzodlar o’rtasida mehnat muhojirlari mavzusi munozara qilinmasdan biroz avval O’zbekistondagi saylovlarni kuzatayotgan YXHT missiyasi dastlabki oraliq hisobotini e’lon qilgan, undagi asosiy xulosa prezidentlikka nomzodlar o’rtasida raqobat, mazmunli, jiddiy munozaralar kuzatilmayotganidan iborat edi.

So’ngi ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston televideniyesi “saylov debatlari” namoyishini rejalashtiryapti. Ammo bu debatlar bevosita prezidentlikka nomzodlar emas, balki prezidentlikka nomzodlarning vakillari ishtirokida o’tishi kutilyapti.

O’zbekiston prezidentligi uchun saylovlar 24-oktabr kuni o’tadi. Saylovda besh nomzod qatnashmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi, jumladan, prezident Mirziyoyev ham saylov kompaniyasi demokratik tamoyillarga mos o’tayotgani, saylovchilarda o’zi istagan nomzodga ovoz berish imkoniyati borligini ta’kidlab kelishadi.

Ammo mamlakatdagi faollar, muxoliflar O’zbekiston prezidentligi uchun o’tkazilayotgan navbatdagi saylov ham Karimov davridagidan farq qilmasligi, amaldagi prezident g’alabasini kafolatlash uchun “qo’g’irchoq” nomzodlar ishtirokida o’tkazilayotgan saylovning natijasi avvaldan ma’lum ekanligini bildirib kelishadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG