Breaking News

YXHT/DIIHB: O'zbekistondagi prezident saylovi kampaniyasida raqobat kuzatilmayapti


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi O'zbekistondagi prezident saylovini kuzatish uchun to'liq missiya yubormoqda
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi O'zbekistondagi prezident saylovini kuzatish uchun to'liq missiya yubormoqda

O’zbekiston prezidenti saylovidagi ishtiroki uchun rasmiy partiyalarga 1 million yevrodan oshiq mablag’ berilgan, ammo nomzodlar o’rtasida haqiqiy raqobat kuzatilmaydi.

O’zbekistondagi saylovlarni to’liq tartibda kuzatishga qaror qilgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) ekspertlari missiyasi o’zining dastlabki oraliq hisobotida shunday xulosalarga kelmoqda.

8-oktabr kuni e’lon qilingan hisobotda saylov kampaniyasining hozirgacha bo’lgan davriga, shuningdek, saylovchilar va inson huquqlariga doir umumiy vaziyatga baho beriladi.

Oraliq hisobotdagi asosiy xulosa shuki, prezidentlikka nomzodlar o’rtasidagi raqobat kuzatilmaydi. Tashabbus guruhlaridan prezidentlikka mustaqil nomzodlar yo'q, matbuot hamda so’z erkinligi qattiq nazorat ostida.

“Saylov kampaniyasi barcha viloyatlarda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham o’tkazilmoqda. Ammo hozirgacha nomzodlar o’rtasida bevosita yoki bilvosita yuzaga chiqqan haqiqiy raqobat kurashi kuzatilgani yo’q”, deyiladi hisobotda.

YXHT O’zbekiston prezidenti saylovlarida mustaqil nomzodlarning tashabbus guruhlaridan ham ko'rsatilishiga imkoniyat berishni tavsiya qilgan, ammo u hukumat tomonidan inobatsiz qoldirilgan.

“Prezidentlikka nomzodlar saylov kampaniyasi boshlanishiga qadar to’rt oy avval ro’yxatdan o’tkazilgan siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatiladi. Nomzod partiya a’zosi yoki partiyasiz bo’lishi mumkin. Tashabbus guruhlari orqali suriluvchi mustaqil nomzodlarni ro’yxatga olish belgilanmagan, bu esa Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining avvalgi tavsiyariga zid”, deyiladi hisobotda.

O’zbekiston prezidenti saylovlari, xususan partiyalarning saylov kampaniyasi xalqqa qanchaga tushayotgani ham hisob-kitob qilingan.

Rasmiy partiyalar uchun umumiy hisobda 15,54 milliard so’m, ya’ni 1 million 250 ming yevrodan oshiq mablag’ ajratilgan. Bu mablag’ beshta siyosiy partiya o’rtasida targ’ibot va tashviqot ishlarini yuritish uchun 250 ming yevrodan taqsimlangan. Missiya ekspertlari bilan gaplashgan rasmiy partiya vakillari ajratilgan moddiy mablag’ miqdoridan qoniqish bildirgan.

DIIHB saylov kampaniyasi davridagi so’z erkinligiga doir vaziyatga ham baho bergan.

O'zbekistonda so’z erkinligiga doir siljishlar qayd etilsa-da, jurnalistlar va blogerlarga tahdid qilish, ayrim hollarda ularni hibsda ushlash hollari hamon uchrab turadi. Bu esa mamlakatda keng tarqalgan ichki tsenzuraning yanada kuchayishiga xizmat qilmoqda.

Hisobot so’z erkinligiga doir mamlakat qonunchiligidagi mavhumliklarga ham diqqat qaratgan, xususan tuhmat qilish, yolg’on axborot tarqatishga nisbatan qo’llaniladigan jinoiy javobgarlik jarimaga almashtirilgani haqidagi o’zgarishlarga qaramasdan, bu holatlar uchun hamon jinoiy javobgarlik kuchda qolayotgani ta’kidlanadi.

Prezidentga tuhmat qilish, haqoratlash, matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali yolg’on, vahima uyg’otuvchi asossiz materiallar tarqatganlik bo’yicha jinoiy javobgarlik yanada kuchaytirilgan.

DIIHB missiyasi O’zbekistonda 15 sentabrdan ish boshlagan. Missiyaning uzoq muddatga mo’ljallangan 28 nafar eksperti poytaxtda va viloyatlarda bo’lib saylovoldi vaziyatni o’rganmoqda. Ularga saylov kunida yana 250 nafar qo’shilishi kutilmoqda.

YXHT demokratik tamoyillardan uzoq, natijasi avvaldan ma’lum sanalayotgan O’zbekiston prezidenti saylovini to’liq tarkibda kuzatishga qaror qilgani munozaralari masala.

Prezidentlik saylovlariga qo’yilmagan muxolafatdagi “Erk” partiyasiga ko'ra, YXHT saylovni to’liq missiya bilan kuzatayotgani xato va noto'g'ri.

“Erk” yetakchisi Muhammad Solih fikricha, YXHTning tanlovsiz va raqobatsiz jarayonni bu qadar jiddiy kuzatayotgani demokratik qadriyatlarga va o’zbek xalqi manfaatlariga zid.

Ammo mamlakatdagi ayrim faollar nazarida, aksincha, YXHT to’liq missiyasi O’zbekiston prezidenti saylovlari raqobatsiz va demokratik talablarga javob bermasligini xalqaro hamjamiyatga yetkazishi lozim.

Saylovda qatnashish imkoniyatidan mahrum qolgan, xalqaro ekspertlari bilan muloqotda bo’lgan Xidirnazar Olloqulov deydiki, DIIHB missiyasi saylovlarni kuzatayotgani juda muhim, chunki jahon jamoatchiligiga O’zbekistonda saylovlar qanday o’tkazilganiga doir xolis xulosalar taqdim etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG