AQSh Havo va Fazo kuchlari safidagi 10 ming nafarga yaqin harbiylar hanuz koronavirusga qarshi emlanmagan. 2-noyabrga qadar vaksinaning kamida birinchi dozasini qabul qilish bo’yicha berilgan muhlatda qayd etilgan ko’rsatkichlar xavotir uyg’otmoqda.
Vaksinatsiyadan bosh tortgan yoki buyruqni bajarmaslik uchun bahona va sabablar ko’rsatayotgan harbiylarga nisbatan qanday chora qo’llash kerak? Harbiy qo’mondonlar ayni damda ana shunday nozik savol bilan bosh qotirmoqda.
“Amerika Ovozi” qo’lga kiritgan ma’lumotlarga ko’ra, shu kunga qadar Havo va Fazo kuchlari safidagi 97 foiz harbiy xizmatchi kamida vaksinaning birinchi dozasini qabul qilgan. To’liq emlanganlar 95 foizga yaqinlashgan.
“Amerika Ovozi” AQSh Havo kuchlari rasmiysini emlanmagan askarlarga nisbatan qanday chora ko’rilishi borasida savolga tutdi.
“Qo’mondonlar uchun ko’rsatmalar aniq va ravshan: Qo’l ostingizdagilarni emlanishga rozi qiladigan neki vakolatingiz bo’lsa, barchasini ishga soling”, - deya javob berdi rasmiy.
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi 1-noyabr holatiga ko’ra harbiylarning 97 foizi vaksinaning kamida bir dozasini qabul qilganini tasdiqlagan. Armiya va Dengiz floti askarlari uchun emlanish bo’yicha muhlat joriy yil oxiriga belgilanganini ma’lum qilgan.
Facebook Forum