Breaking News

AQShda majburiy emlash yuzasidan bahslar tinmayapti


AQSh: majburiy emlash bo'yicha bahslar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:56 0:00

AQShda koronavirusga qarshi emlangan millionlab odamlar vaksinaning yana bir dozasini olishga hozirlanmoqda. Ayni paytda vaksina olishni majburiy qilish yuzasidan bahslar tingani yo’q.

Amerikaliklarning 77 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning kamida bitta dozasini olgan. AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi to’liq emlangan ba’zi toifadagi shaxslarga immunitetni kuchaytirish uchun qo’shimcha yana bir doza olishga ruxsat berdi.

Qo’shimcha doza uchun avval olingan vaksinadan boshqa emdorini tanlash mumkin.

“Bunday tanlash imkoniyati odamlarga kerakli himoyani olishlari uchun ancha yengillik beradi”, - deydi Oq uyning tibbiy masalalar bo’yicha maslahatchisi Entoni Fauchi.

Oq uyning tibbiy masalalar bo'yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi
Oq uyning tibbiy masalalar bo'yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi

“Pfizer” kompaniyasi vaksina 5 va 11 yosh orasidagilar uchun ham xavfsiz ekani haqida hisobot chiqardi. Agar ruxsat berilsa, bolalarni “Pfizer” bilan emlash noyabrdan boshlanishi mumkin.

Qo’shimcha doza va bolalarni ham emlash boshlanayotgan bir paytda balog’at yoshidagi amerikaliklarning 22 foizdan ortig’i hali umuman vaksina olmagan. Ko’plab ish beruvchilar koronavirusga qarshi emlanishni majburiy qilib belgilamoqda. Masalan, “American” havo kompaniyasi xodimlariga noyabr oxirigacha muhlat bergan; ungacha vaksina olmaganlar ishdan haydaladi.

Nyu-York ma’muriyati esa vaksina olishga qaror qilgan davlat ishchilariga 500 dollar pul mukofoti va’da qilmoqda.

“Agar vaksina olmasangiz, sog’liqni saqlash va ta’lim tizimida bo’lganidek, 1-noyabrdan boshlab haq to’lanmaydigan ta’tilga chiqarilasiz. Buni hech kimga tilamaymiz. Odamlar emlanishini xohlaymiz, xolos”, - dedi Nyu-York meri Bill de Blazio.

Nyu-York shahar politsiyasi vaksina olish odamlarning shaxsiy masalasi ekanini va bu masalada xodimlar oladigan har qanday qarorni himoya qilishini aytmoqda.

Vaksina olishni majburiy qilish bahsli masala. Yaqinda o’tkazilgan so’rovga ko’ra, amerikaliklarning 58 foizi koronavirusga qarshi kurashda majburlash foyda berishini aytgan. 24 foiz ishtirokchi esa, majburlash, aksincha, zarar yetkazadi, degan fikrda. Vaksina talabining iqtisodiyotga ta’siri bo’yicha ham qarashlar bo’lingan. 51 foiz odam majburiy chora tarafdori, 35 foizi unga qarshi.

Hukumat kelasi oylarda pandemiyani qanchalik jilovlay olishi siyosiy oqibatlarga ham ega. Shuningdek, inflyatsiya va ta’minotdagi uzilishlar tufayli amerikaliklar iqtisodiyot kelajagidan xavotirda. So’nggi haftalarda Prezident Jo Baydenning reytinglardagi ko’rsatkichi kamayib, 43 foizga tushgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG