Jo Bayden ma’muriyati 84 million xodimlarga ega AQShning yirik ish beruvchilariga vaksinatsiyani majburiy etib belgilash to’g’risida farmon bergan. Oq uy bunday vakolatga ega ekanini iddao qilmoqda. Prezident ishchilarning koronavirusga qarshi to’liq emlanishi uchun 4-yanvargacha muhlat belgilashni rejalashtirgan.
Vaksinadan bosh tortgan xodimlarga ishxonada muntazam tibbiy niqob taqib yurish va har hafta COVID-19 testidan o’tish majburiyati yuklanishi ko’zda tutilgan.
AQSh Apellatsiya sudi o’tgan hafta Prezident Baydenning farmonini vaqtincha to’xtatib qo’ydi. Yakuniy qaror navbatdagi sud jarayonlarida berilishi kutilmoqda.
Oq uyning tushuntirishicha, hanuz davom etayotgan pandemiyaga barham berish uchun shunday chorani qo’llash lozim. COVID-19 AQShda 750 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketdi. Mamlakat dunyo bo’ylab eng yirik yo’qotishlarga uchradi. Vaziyatdan chiqishning yo’li esa vaksinatsiya ko’lamini kengaytirish.
Qator respublikachi gubernatorlar demokrat prezident farmoniga qarshilik bildirmoqda. Shtat rahbarlari va ish beruvchilar farmonni bekor qilish iddaosi bilan sudga ariza bergan. Ularning nazdida, Oq uy vaksinatsiya va niqob taqishni majburiy etib belgilash vakolatiga ega emas.
Biroq 8-noyabr kuni Apellyatsiya sudida Adliya vazirligi o’z e’tirozini bildirib, farmon ijrosiga qarshilik mamlakatni yanada yirikroq yo’qotishlarga boshlashini aytdi. Natijada, kuniga o’nlab, hatto yuzlab o’limlar qayd etilishi, shifoxonalar bemorlar bilan to’lishi, COVID-19 ta’sirida boshqa kasalliklarning avj olishi va davlat byudjetidan yirik xarajatlar bo’lishidan ogohlantirdi.
Oq uy o’tgan hafta 100 nafardan ziyod ishchiga ega kompaniyalarda 5-dekabrdan boshlab niqob taqishni majburiy ertib belgilash, 4-yanvarga qadar to’liq emlanish, aks holda, har hafta COVID-19 testidan o’tish majburiyati to’g’risidagi farmonni e’lon qilgan edi.
Facebook Forum