Breaking News

Xitoy Gollivud filmlariga eshikni yopayaptimi?


Pekin kinoteatrlari
Pekin kinoteatrlari

Xitoy Gollivud filmlaridan chekinyapti. Kommunist davlat ko’proq o’z milliy masulotlari, xususan, vatanparvarlik ruhidagi filmlar yaratishga e’tibor qaratmoqda.

Milliy kino sanoati va bozorini qattiqqo’llik bilan nazorat qiladi. Shunday bo’lsa-da, Gollivudga Xitoy, Xitoyga esa Gollivud kerak, deydi muataxassislar.

Xitoylik Ayris Lyu Los-Anjelesda o’qiyapti, Gollivud kinostudiyalari makonida. Film ishlash sir-asrorlarini o’rganish uchun Xitoydan Gollivudga shuncha yo’l bosib kelgan.

“Filmlar yoqadi, filmlar qanday ishlanishini ko’rgim keladi, buning uchun esa Gollivuddan yaxshi joy yo’q”, - deydi talaba qiz.

Unga ko’ra, AQSh va Xitoy kinochiligida farq katta. Pekin Gollivudning ma’lum bir mavzudagi filmlarini taqiqlaydi, masalan, o’zini kashf qilishga qaratilgan filmlar.

“Bunday filmlar Xitoyda taqiqlangan. Sababini bilmayman. Balki ular hammaning bir xil firklashini istashar”, - deydi talaba.

Xitoy vatanparvarlikka undovchi filmlarga e’tibor qaratyapti.

AQSh kinokompaniayalari Xitoyning daromadli bozoriga kirish uchun Pekin talablariga mos filmlar yaratishga harakat qiladi. Shunday bo’lsa-da, Xitoyda Gollivud filmlari tobora kamroq xarid qilinmoqda. Fentonga ko’ra, Pekinning kino sanoati tizginini qo’lda ushlab turishi Amerika kino ustalari uchun bir tomondan yaxshi.

“Bu bizga yaxshi filmlar yaratishga yordam berishi mumkin, biror bir senzuraga bo’ysunmasdan yoki Xitoy hukumatiga ta’zim qilmasdan”, - deydi mutaxassis.

“Netflix” kompaniyasi va boshqa kinostudiyalar Xitoydan boshqa bozorlarni ham qidirmoqda.

“Janubi-sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Yevropaning ayrim kichik mamlakatlarida onlayn bozor kengaymoqda, ularga mo’may daromad manbai deb qarashadi”, - deydi Fenton.

Lekin Xitoy siyosati va jamiyati bo’yicha dars beruvchi professor Stenli Rozen fikricha, Gollivud Xitoyga butunlay eshigini yopa olmaydi.

“Xitoy bozorisiz bo’lmaydi, ayniqsa 200 millionlik yoki undan ham qimmatroq filmlarga kelganda. Pulini chiqarib olish uchun Xitoy bozoriga ehtiyoj bor”, - deydi olim.

Lekin Xitoyga ham Gollivud kerak, dunyodagi eng katta kino bozori bo'lib qolish uchun.

Shunday bo’lsa-da, Xitoy Gollivuddan chekinmoqda, ma’lum bir filmlarni taqiqlamoqda.

“Demokratiyaning ijobiy jihatlarini ko’rsatadigan filmlar. Bunday filmlarni Xitoy hukumati tahdid sifatida ko’radi. Ular o’z dunyosiga mos keladigan, o’zining katta bozoriga xizmat qiladigan filmlar yaratishni istashadi, Gollivudga ehtiyoj sezmaslik uchun”, - deydi Fenton.

Ayris Lyuga ko’ra, Xitoydan tashqarida ishlangan filmlar ham kerak.

“Turli mamlakatlarning boshaqcha filmlarini ko’rish o’zgalarni tushunishning bir yo’li”, - deydi u. Xitoy madaniyati, albatta, Xitoy filmlarida yaxshiroq ochib berilgani singari.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG