Breaking News

AQSh sobiq elchisi: Qozog'istondagi inqiroz tugagani yo'q


Almati hokimiyati binosi, 2022-yil, 10-yanvar
Almati hokimiyati binosi, 2022-yil, 10-yanvar

AQShning Bokudagi sobiq elchisi, iste’fodagi diplomat Metyu Brayza “Amerika Ovozi” turk xizmatiga Qozog’istondagi so’nggi voqealar yuzasidan intervyu berdi.

Sobiq prezident Jorj Bush davrida AQSh Davlat departamentining Markaziy Osiyo siyosati uchun mas’ul xodimi bo‘lib ishlagan Brayza namoyishlar bostirilgan bo‘lsa-da, Qozog‘istondagi inqiroz “nihoyasiga yetmagan va uzoq vaqt davom etadi”, degan fikrda. Unga ko’ra, Qozog'istondagi rus askarlarining qolish muddati uzaytirilishi mumkin.

“To’qayev birinchi raundda g‘alaba qozonganga o‘xshaydi, biroq Nazarboyev sahnani osongina tark etmaydi”

Dastlabki ko‘cha namoyishlari, asosan, Prezident To’qayevning “o‘q otish buyrug‘i” tufayli bostirilganini ta’kidlagan Brayza fikricha, “Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) askarlarini olib kelish Qirgʻiziston, Gruziya yoki Ukraina kabi davlatlarda “inqilob”ga yoʻl qoʻymasliklari va uni bostirish uchun harbiy kuch ishlatishlari haqida kuchli signal berdi”.

Sobiq prezident Jorj Bush davrida AQSh Davlat departamentining Markaziy Osiyo siyosati uchun mas’ul xodimi bo‘lib ishlagan Metyu Brayza
Sobiq prezident Jorj Bush davrida AQSh Davlat departamentining Markaziy Osiyo siyosati uchun mas’ul xodimi bo‘lib ishlagan Metyu Brayza


Prezident To’qayevning go’yoki g‘alaba qozonganiga va sobiq prezident Nazarboyevning Milliy Xavfsizlik Kengashi umrbod raisligi lavozimidan chetlatilganiga e’tibor qaratgan Brayzaning aytishicha, “To’qayev Nazarboyev qurgan eski tizim” tepasiga keldi.

“Qolgan oliy rahbarlar va qurolli kuchlarni nazorat qiluvchilar, jumladan, xavfsizlik xizmatlari qaysi tarafga sodiq ekani noma'lum. Shunday qilib, juda mavhum vaziyat hukmron. Ammo Nazarboyevlar oilasining ixtiyorida milliardlab dollar borligiga ishonch hosil qilishimiz mumkin. Ular tez orada yo'qoladi deb o'ylamayman. Ular qaytib kelishadi, kurash bir muddat davom etadi va bir yoqli bo’lishi uchun uzoq vaqt kerak bo‘ladi”, - dedi u.

"Menimcha, Putin mudofaaga o’tdi, To’qayev esa vahimada"

Qozog‘istondagi voqealarning bu shaklda rivoj topishi kelajakda Ukraina va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni yanada jasoratli qadamlar tashlashga undashi mumkinmi, degan savolga Mett Brayza, “Menimcha, bu voqea Putinning, aksincha, mudofaaga o’tganini anglatadi”, deb javob berdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin KXShTning Qozog'istondagi vaziyat bo'yicha o'tkazgan favqulodda yig'inida qatnashmoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin KXShTning Qozog'istondagi vaziyat bo'yicha o'tkazgan favqulodda yig'inida qatnashmoqda.

"Hech kim mamlakat bo'ylab bunday norozilik harakatini kutmagan edi, - dedi Brayza. - Men o'qigan va eshitgan barcha guvohlarning so’zlariga ko'ra, o'tgan hafta voqealari ko'p joylarda bo'lgani kabi rivojlandi: odamlar asosli shikoyatlarni ko'tarib, norozilik bildirishdi. Keyin esa yolg'on elementlari qo’shildi, zo'ravonlikka qo’l urildi va hukumat binolari va muassasalariga hujum qilish orqali voqealar keyingi darajaga chiqdi. Menimcha, bu To’qayevni vahimaga soldi. Shu sababdan u Nazarboyevni Milliy xavfsizlik kengashi raisligidan olib tashladi. Bu ish bermadi. Namoyishlarda bundan ham ko'proq zo'ravonlik sodir bo'ldi. Keyinroq tushunganim shuki, To’qayev vahimaga tushib, Rossiya va KXShTga qo‘ng‘iroq qilgan. Ushbu murojaat Putinni AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari bilan Ukraina boʻyicha bir necha oylardan beri, balki yillar davomida tayyorlanib kelgan oliy darajadagi diplomatik muloqotdan chalg’itdi”, - dedi u.

Bu norozilik namoyishlari qandaydir terror tashkiloti tomonidan rejalangan va uyushtirilgan, degan gaplar kulgili ekanini izohlagan ekspert bu haqda shunday dedi:

“Agar shunday tashkilot bo‘lsa, qayerda u? Bir dalilni ko'rsating. Bu voqealar adolatsizlikka uchragan Qozog‘iston fuqarolarining norozilik chiqishlari edi. Davlat rahbari vahimaga tushdi, hokimiyatni egallashga harakat qildi, natija bermadi. Shuning uchun nutqni o'ylab topish va butunlay yolg'on nutqni kiritish kerak edi."

"Putin rus askarlarini darhol olib chiqmaydi"

Rossiyaning kelajakdagi rejalari qanday? Brayzaning so‘zlariga ko‘ra, Putin, avvalo, Rossiyadagi muxolifatga “beqarorlikdan foydalanib, yangi norozilik to‘lqinini boshlashni xayollariga ham keltirmaslik” haqida signal berishni xohlaydi.

“Oʻylaymanki, Putin Qozogʻistonda orqaga qadam tashlayotgandek taassurot qoldirmaslikka harakat qilayotganini koʻramiz. Shuning uchun u Rossiya askarlarini Qozog‘istonda xalqqa qarshi otishmalarga aralashmasligini umid qilgan holda bir muddat ushlab tursa kerak, deb o‘ylayman. Agar qozog’istonliklarni Rossiya askarlari otadigan bo‘lsa, vaziyat nazoratdan chiqib ketadi. Ukrainada bo'lgani kabi, Rossiya Qozog'iston xalqiga do'st emas, balki dushmanga aylanadi. Rossiya askarlari ayni damda Almatidagi telestansiya, ayrim harbiy va politsiya obyektlari, energetika infratuzilmasi obyektlari kabi strategik inshootlarni himoya qilmoqda. Shunday qilib, ular chalkashlikdan uzoqda. Menimcha, bir muddat vaziyat tinch bo‘lib qoladi, lekin avval aytganimdek, Nazarboyev guruhidan qarshi hujum bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu qanday sodir bo'ladi? Kim biladi? Bu ko‘cha noroziliklari ko‘rinishida bo‘lishiga ishonchim komil emas. Ular oʻzlarining ulkan moliyaviy boyliklari hamda Nazarboyev qurgan siyosiy va hukumat tizimidagi qoʻllab-quvvatlashlaridan foydalanib, To’qayevning hayotini juda qiyinlashtirishga harakat qiladilar”, - deydi AQSh sobiq diplomati.

“AQSh Qozog‘iston bilan bog‘liq holda Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llamaydi”

Qozogʻiston va Ukraina inqirozi bilan bogʻliq oʻzgarishlardan kelib chiqib, AQSh, NATO va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlardagi mavjud dinamikani sharhlar ekan, Brayza AQShning Qozog’iston tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qoʻllashini kutmasligini aytadi.

Askarlarning kiritilishi "tashqi tahdid" niqobi ostida qilinganini, ammo buning to'g'ri yoki asossizligini hech kim isbotlay olmasligini tilga olgan Brayza, agar KXShTdan yordam so'ralsa, a'zo davlatlar bunga javob berishga mas'ul ekanini, shuning uchun ham amalda shunday bo’lganini ta’kidladi. Unga ko’ra, sanksiyalarni huquqiy jihatdan oqlash juda qiyin.

"Putinning maqsadi - NATO a’zolari orasida urush boshlanishi haqida qo'rquv paydo qilish"

Ukraina inqirozi haqida to’xtalgan Brayzaning aytishicha, Prezident Putin ham, AQSh delegatsiyasi bilan uchrashuvlarda Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ham Rossiyaning talablarini AQSh yoki NATO hech qachon qabul qilmasligini yaxshi biladi.

“Rossiyaning talablari oldindan rad etilish uchun tayyorlangan va Ryabkov buni albatta biladi. U Vashington elchixonasida missiya boshlig'i o'rinbosari sifatida ikkinchi raqamli shaxs bo’lgan. U Prezident Putinning tashqi aloqalar bo‘yicha maslahatchisi, ayni paytda Vashingtondagi sobiq elchi Yuriy Ushakovga juda yaqin. Bu, ayniqsa, Germaniyani va urush chizig’ida bo’lmaydigan boshqa NATOga a’zo davlatlarni xavotirga soladi, chunki ular AQSh qandaydir tarzda NATOni urushga tortyapti, deb o’ylaydi. Germaniya tarixda ruslarga qarshi ikkita jahon urushini olib borgan va bu qanday tugaganini yaxshi biladi”, -deya qo’shimcha qiladi ekspert.

Brayzaga ko’ra, Putinning maqsadi transatlantik ittifoqda zaiflik yaratish, birlikka putur yetkazish.

“Putin o'zining keskin talablari rad etilishidan ham foydalanishi mumkin. U Ukraina prezidentini yanada zaiflashtirishga, shuningdek, Ukraina sharqidagi ayirmachilarni kuchaytirish orqali mamlakat ichidagi siyosiy bosimni saqlab qolishga urinadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hozir katta psixologik bosim ostida. Esingizda bo'lsa, u bir necha hafta oldin o'ziga qarshi davlat to'ntarishiga urinishlar haqida gapirgan edi. Bu haqiqat bo'lishi mumkin va Putin bularning barchasidan foydalanmoqda. Putin siyosiy beqarorlik va ayyorlikdan raqiblarini zaiflashtirish uchun taktika sifatida foydalanadi. O‘ylaymanki, bu hafta bo‘lib o‘tgan muzokaralar bunga misol bo‘la oladi”, - dedi u.

“Turkiyaning bayonotlari AQSh bilan hamohang”

Brayza Turkiyaning Qozog'istonga nisbatan tutgan pozitsiyasi Vashington bergan bayonotlar bilan uyg'un ekanini qayd etdi. Prezident Rajab Toyyib Erdog'an ham, Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho'g'li ham Qozog'iston hukumati so’zini ishlatmasdan, balki mamlakat va qozoq xalqi uchun barqarorlik va tinchlik istashlarini bildirdi, deydi ekspert.

“Chovusho'g'li, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken kabi, Qozog'iston bu muammoni tashqi yordamsiz mustaqil o’zi hal qila olishini bildirdi”, - deya qo’shimcha qildi u.

Bo'lib o'tgan voqealar haqida hali juda ko'p noaniqliklar borligini ifoda etgan Brayza yana shunday dedi:

"Nazarboyev, albatta, Qozog'istonda demokratik tizim yaratmagan va ko'rib turganimizdek, qozoq xalqining katta qismi uni yoqtirmaydi. To’qayev ham u yaratgan shaxs. To’qayev ishonchli qo‘l edi, Nazarboyev unga butun mamlakat tizimini topshirdi va bu orada Nazarboyev Karim Masimovni To’qayevni kuzatish uchun razvedka boshlig‘i qilib qo’ydi. Demak, bu butun tizim aslida bir xil eski tizimdir. Boshqa tomondan, Masimovning hibsga olinib, davlatga xiyonatda ayblanayotgani aybni To’qayevdan soqit qilishga urinishdir. To’qayev Masimovdan qutilish orqali Nazarboyevga haqiqiy zarba berdi. Vashingtonning nuqtai nazari shuki, Nazarboyev ham, To’qayev ham bir xil; ular demokratiya , inson huquqlari, qozoq saylovchilari huquqlarini hurmat qilish va islohotlarni ilgari surish salohiyatida emas.

Qozog’iston: Vahobiylar, tashqi kuchlar haqidagi iddaolar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:33 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG