AQSh Prezidenti Jo Bayden Ukraina mavzusida yana gapirib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga hujum uning mamlakatiga qimmatga tushishidan xabardor ekanini aytdi.
“Prezident Putinga gaplarimni aniq yetkazganman. Tushunmovchilik bo’lishi mumkin emas. Agar rus qo’shinlarining birorta qismi Ukraina chegarasini kesib o’tsa, buni bosqin deb hisoblaymiz va unga qattiq va kelishilgan holda iqtisodiy jazo bilan javob beramiz. Choralar ittifoqchilarimiz bilan kelishilgan, Prezident Putinga aniq yetkazilgan”, - dedi Bayden.
Amerika rahbarining bir kun oldin “Rossiyaning Ukrainaga qarshi kichik hujumi” haqidagi gapi Kiyev noroziligiga sabab bo’ldi, NATOdagi ayrim ittifoqchi davlatlar munozarasiga yetaklashi ham mumkin.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Twitter” orqali “kichik va katta hujumlar o’rtasida farq yo’q” deb aytdi.
Germaniyaning Marshall jamg’armasi tahlilchisi Maykl Kimmajning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Baydenning bu boradagi gaplari tushunmovchilikka yetaklamaydi, chunki gapining asosiy mazmuni Putinga aniq yetkazilgan.
“Bayden Rossiya harakatlariga javob ushbu harakatlar darajasiga qarab beriladi demoqchi bo’ldi”, - deydi tahlilchi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Jenevada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, Ukraina chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan.
Rossiya AQSh va NATOdan xavfsizlik kafolatlarini talab qilmoqda, biroq so’nggi 10 kunda o’tgan bir necha diplomatik uchrashuv natijasiz yakunlandi – NATO Ukraina va Gruziya kabi mamlakatlarni Rossiya talab qilganidek kelajakda alyansga qabul qilish rejasidan voz kechmoqchi emas.
"Takliflarimiz konkret bo’lib, ularga konkret javoblar kutyapmiz”, - dedi Lavrov.
Uning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish niyati yo’q.
"Amerikalik hamkorlarimiz yana bir bor Rossiya-Ukraina chegarasidagi muammolarga e’tibor qaratishga harakat qildi. Biz barcha takliflarimizga javoblarni yozma ravishda kelasi hafta olishga kelishdik”, - dedi Lavrov.
AQSh va NATO Ukrainaning Rossiyaga tahdid emasligini aytmoqda, biroq bunday bayonotlar Lavrovni ishontira olmagan ko’rinadi.
"Xavotirlarimiz xayoliy emas. Biz haqiqiy tahdidlar va hech kim yashirmayotgan dalillar haqida gapiryapmiz. Ukrainani qurol bilan ta’minlashmoqda, u yerga yuzlab g’arblik harbiy instruktorlar yuborilmoqda. Endi esa Yevropa Ittifoqi NATOdan qolib ketmaslik uchun Ukrainada o’z harbiy tayyorgarlik missiyasini tashkil etmoqchi”, - dedi Lavrov.
Tahlilchilarning aytishicha, NATO Rossiyaning Ukrainaga doir talabini qondirmagani bilan muhokama talab ko’plab boshqa xavfsizlik masalalari bor.
“Muzokaralar kun tartibidan o’rin olmagan mavzular bor. Masalan, Yevropada raketa joylashtirish, NATO va Rossiya harbiy mashg’ulotlari – shular haqida ham gaplashsa bo’ladi. Agar Prezident Putin pastga tushib, vaziyatdan chiqishning nozo’ravon yo’lini topmoqchi bo’lsa, shularni muhokama qilishi mumkin”, - deydi AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Uilyam Teylor.
Blinken Lavrov bilan muloqot samimiy o’tganini aytarkan, Rossiyani diplomatiya yo’lidan borishga chaqirdi.
"Rossiya Ukraina chegarasida 100 ming sonli qo’shin to’plagan, qo’shni Belarusga ham qo’shin kiritdi. Prezident Putin amriga ko’ra bu askarlar Ukrainaga janubdan, sharqdan ba shimoldan hujum qilishi mumkin. Ukrainani beqarorlashtirish, hukumatini ag’darish kabi harakatlarning rejalanayotganiga guvohmiz”, - dedi Blinken.
Rossiya Belarus bilan qo’shma harbiy mashqlar doirasida Uzoq Sharq mintaqasidan S-400 havo mudofaasi tizimining ikkita divizionini qo’shni respublikaga yo’llagan. Har bir divizion odatda sakkizta zenit-raketa tizimidan iborat.
Harbiy mashg’ulotlarda qatnashish uchun hafta davomida Belarusga qo’shinlar va harbiy texnika jo’natilmoqda. Mashqlarda Su-35 samolyotlarining ishtiroki ham kutilmoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, Rossiya va Ukraina o’rtasidagi harbiy mojaro mintaqaviy tinchlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin va Turkiya bundan manfaatdor emas.
Ham Kiyev, ham Moskva bilan yaxshi aloqa o’rnatgan Anqara vositachilikni taklif etgan.
Kelasi oy Erdog’an Ukrainaga borishni rejalamoqda, Zelenskiy va Putinni uchrashtirishni maqsad qilgan. Ukraina rahbari Putin bilan muloqotga tayyor ekanini aytib keladi. Erdog’an Moskvaga ham borishi mumkinligiga ishora qildi.
Kiyevliklar chegaradagi vaziyatdan xavotirda.
"Narsalarimizni yig’ib qo’yish haqida o’ylanyapmiz. Vaziyat yomonlashsa, Polshadagi qarindoshlarimiznikiga yo’l olamiz”, - deydi 23 yashar ukrainalik ayol.
"AQSh-Rossiya muzokaralarida Ukraina vakilining yoqligi chatoq. Muloqot uch tomonlama bo’lishi kerak. Ikki davlat o’zaro gaplashib bir qarorga kelsa, biz bundan bexabar qolishimiz mumkin”, - deydi Ivan ismli yana bir kiyevlik.
Rossiya Ukrainani Minsk shartnomasiga amal qilmayotganlikda ayblarkan, kelasi hafta parlamentning quyi palatasi – Davlat Dumasida Ukraina sharqidagi bo’lginchi ikki hudud mustaqilligini tan olish haqida muhokamalar boshlanishi kutilmoqda.
Kuzatuvchilarga ko’ra, agar Rossiya AQShning xavfsizlik talablariga javoblaridan qoniqmasa, shu paytgacha Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasini Ukraina hududining bir qismi deb ko’rgan Moskva ularni mustaqil deb e’lon qilishi mumkin.
Dumadagi 11 qonunchi ana shunday taklifni olg’a surgan.
"Prezident Zelenskiy Minsk kelishuvlarini inkor etib kelyapti. NATO Ukrainani bosib olmoqchi. Bunga yo’l qo’ya olmaymiz”, - dedi Duma spikeri Vyacheslav Volodin.
Blinken Lavrov bilan uchrashuv paytida Rossiya qamog’idagi ikki amerikalikni ozod etishni so’radi. AQShga ko’ra, Pol Uilan va Trevor Rid Rossiyaga sayyoh sifatida borgan va asossiz ayblovlar bilan qamalgan. AQSh, Britaniya, Kanada va Irlandiya fuqaroliklariga ega Uilan 2020-yilda josuslikda ayblanib 16 yilga qamalgan. Rid esa 2019-yilda Moskvada mast holatda ikki politsiyachiga hujum qilgani uchun 9 yilga qamalgan.
Facebook Forum