Nyu-York yillardan buyon kalamush muammosiga qarshi kurashib keladi. Koronavirus pandemiyasi davrida shahar ko’chalarida kemiruvchilar yanada ko’paydi. Ularni bugun hamma joyda ko’rasiz – restoranlar atrofi, axlat qutilari, metro va ko’chalar.
“Mana, kalamush uyalarini qarang. U tomonda bundan ham ko’p”, - deydi Kerol Morrison, kalamush inlarini ko’rsatib.
Nyu-yorklik faol o’zi yashaydigan Bruklin ko’chalarida ham kalamushlar ko’pligini aytadi. Muammo falokat darajasiga yetgan, deydi u.
“Axlat paketlarini ko’chaga chiqarib qo’yish kalamushlarni ziyofatga chaqirishdek gap”, - deydi Morrison.
Nyu-York bu muammo bilan yillardan buyon kurashib keladi. Morrisonning qo’lida sanitariya normalarini buzayotgan xonadonlarning manzillari. Ayrim uy egalari qoidabuzarlik haqida yuzlab marta ogohlantirilgan.
“Mana shu binoning o’ziga Soq’liqni saqlash vazirligidan 60 marta tekshiruvga kelishgan, 1200 dollarlik jarimalar yozilgan”, - deydi u.
Nyu-York shahrida kalamushlar soni aholidan besh baravar ko’pligi aytiladi. COVID paytida axlat yig’ish va ko’chalarni tozalash xizmatlarining qisqarishi muammoga hissa qo’shgani aniq.
Karantin paytida restoranlar yopilgani kemiruvchilarni oziq-ovqat manbaidan ayirgan. Kechki payt shaharda iti bilan kalamush oviga chiqadiganlar bor.
“Bugun yomon emas, lekin odatda 40 tacha kalamush ushlaymiz, bugun 26 ta”, - deydi nyu-yorklik.
Shahar ma’muriyati kalamush muammosini hal qilish uchun har yili millionlab dollar sarflaydi. Masalan, 2017-yilda 32 million dollarlik dastur Bruklin va Menxettendagi binolarda sharoitni yaxshilash, qopqonlarni ko’paytirishni ko’zlagan edi.
Choralar bir muddat natija berdi, shaharda kalamushlar kamaydi, lekin keyin yana ko’paydi. Besh million dollarlik yana bir tashabbus yalpiz hidli axlat qoplaridan foydalanishni tavsiya etgan edi.
“Kalamushlar bunday hidni yoqtirmaydi deyishgan edi. Lekin bu noto’g’ri bo’lib chiqdi. Besh million dollarni havoga sovurdik”, - deydi Morrison.
Avvalgi rahbarlar yecha olmagan muammo bilan endi shaharning yangi meri Erik Adams shug’ullanadi. U Bruklin tuman kengashi a’zosi bo’lgan paytlardan buyon “aqlli” qopqonlar haqida gapirib kelmoqda. Innovatsion yondashuv ishlab chiqilar ekan, hozircha asosan itlar kalamush ovi bilan band.
Facebook Forum