Isroil-Turkiya o’rtasidagi bir necha yillik sovuq munosabatlar ketidan Rajab Toyib Erdog’an Isroil prezidentini Turkiyaga taklif qilishga qaror qildi. 10 yillik sovuqlik va turk matbuotining aksil-Isroil faoliyati oqibatida Turkiyada yashagan minglab yahudiylar Isroil va Yevropaga ko’chib ketdi.
“Turkiya yolg’iz qola olmasligini, atrofidagi barcha mamlakatlar bilan birday yomon munosabatda bo’la olmasligini anglab yetgan ko’rinadi. Turkiya aloqalarni tiklash ishtiyoqida ekaniga shubha yo’q. Isroilning ham shartsiz bunga tayyor ekani meni ajablantirdi”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan Soli O’zel.
AQSh Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishidan g’azablangan Anqara 2018-yilda Isroildan elchisini chaqirtirib olib, Isroil vakiliga mamlakatni tark etishni buyurgan edi.
Turkiya falastinliklarni qo’llab-quvvatlab, XAMAS vakillarini Istanbulda qabul qilgani Isroilning keskin noroziligiga sabab bo’lgan.
Tahlilchilarga ko’ra, Erdog’an hukumati Isroil xavotiriga sabab mavzularni inobatga ola boshladi.
“Tomonlar bir yildan oshiq muzokara qildi. Va Turkiya XAMASning jangovar qanoti faoliyatini cheklab qo’ydi”, - deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashidan Asli Oydintoshbosh.
Turkiya “Eron yadro dasturi qurol yaratilishiga olib kelishi mumkin” degan Isroil xavotirlariga qo’shiladi. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu masalada yondashuvlar o’xshashligi kelishishga asos bo’lib xizmat qilishi mumkin.
“Turkiya ham Eronda yadro quroli bo’lishini istamaydi. Biroq Eron Isroilga do’q-po’pisa qilganidek, Turkiyani yer yuzidan qo’porib tashlashini aytmagan. Tahdid darajasi har xil. Agar Isroil Turkiya bilan ziddiyatlarni yumshata olsa, shunda kattaroq tahdidga e’tibor qaratishga imkon bo’ladi. Ziddiyatlarning yumshashi Turkiyaga ham foydali bo’ladi”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlik institutidan Galliya Lindenshtraus.
Turkiyaning yoqilg’iga ehtiyojlarini hisobga olgan Erdog’an bir necha yil oldin Isroilda kashf etilgan yirik tabiiy gaz konlariga hamkorlik manbasi sifatida qaramoqda.
“Turkiyaga gaz kerak albatta. Eksportga ishlashi aytilayotgan “Leviafan” gaz koni Turkiya ehtiyojlarini qoplashi mumkin. Bahonada aloqalar ham keskin yaxshilanib, Turkiyaning O’rta dengiz sharqidagi izolyatsiyasiga chek qo’yilishi mumkin”, - deydi “London energetika klubi”dan Mehmet O’gitchi.
Yillar davomidagi ziddiyatlarga qaramay, Turkiya-Isroil savdo aloqalari gurkirashda davom etmoqda. Kuzatuvchilar nazarida, pragmatik yondashuv ikki tomonlama munosabatlarni normal holatga qaytarishga yordam beradi.
Facebook Forum