Ruxsatsiz yig’ilish o’tkazishda ayblanayotgan Vazira Egamberdiyevaning ishini Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tuman sudi ko’rib chiqmoqda.
21-fevral kuni belgilangan dastlabki mahokama ayblanuvchiga tafsilotli ma’lumotlar taqdim etilmagani bois 24-fevralga qadar tanaffus olgan.
Ma’muriy kodeksning 202-moddasi ruxsat berilmagan yig’ilishlar, mitinglar, ko’cha namoyishlari o’tkazilishi uchun shart-sharoitlar yaratib berganlikni nazarda tutadi.
Huquqbuzarlik sifatida topilgan holat Egamberdiyevaning uyida to’plangan bir guruh faollarning yangi siyosiy partiya tuzishni muhokama qilishi bilan bog’liq.
Ro’yxatga olinishi Adliya vazirligi tomonidan rad qilingan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faollarining bu muhokamasi ruxsat berilmagan yig’ilish sifatida, bu muhokamani o’z uyida o’tkazishni taklif qilgan Vazira Egamberdiyeva esa ruxsatsiz yig’ilishga sharoit yaratganlikda ayblanmoqda.
Professor Xidirnazar Olloqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faollari Adliya vazirligidan rad javobi olingach “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” nomi ostida yangi siyosiy partiya tuzilishini e’lon qilishgan edi.
Yangi partiya tuzishga urinish muhokama darajasidayoq bosimga uchragani mamlakatda mustaqil siyosiy partiyalar tashkil etish taqiq ostida qolishidan darak sifatida baholanadi.
75 yoshli Egamberdiyeva o’zbek muxolafati faxriylaridan biri sanaladi. Oldin “Birlik” xalq harakatida bo’lgan ayol yaqindan beri “Haqiqat va taraqqiyot” faollariga yordamlashib kelgan.
21- fevral kungi mahkamada o’nlab faollar yig’ilishgan. Huquq himoyachisi A’zam Turg’unovning bildirishicha, jamoatchilik Egamberdiyeva ustidan boshlangan adolatsiz mahkamaga befarq emas.
“Nazarimda yuzadan oshiq odam keldi. Ammo bu mahkamaning mohiyati o’ta tushunarsiz, Egamberdiyevaning o’zi ham nimada ayblanayotganini yaxshi bilmaydi. Chunki fuqaroni siyosiy partiyani muhokama qilgani uchun huquqbuzar deb topish bu mantiqsizlik, konstitutsiyaga ham, siyosiy partiyalar to’g’risidagi qonunga ham zid. Bu ish boshida kim turgani ham mavhum, men tashabbus ichki ishlardan chiqqaniga shubha qilaman. Katta ehtimol bilan bu maxsus xizmatlar yoki prezident devoni darajasida berilgan topshiriq. Nima bo’lganda ham sud qoldirildi. Egamberdiyevaga ish bo’yicha ma’lumotlar bilan tanishib chiqishga muhlat berildi. Bu sud uchun mutlaqo asos yo’q, siyosiy partiya tuzish uchun muhokamaga yig’ilish jinoyat yoki huquqbuzarlik emas”, - deydi Turg’unov.
Sud ishida qatnashgan, yangi partiya tuzish tashabbusini surayotgan Olloqoulovga ko’ra, faollarning yangi partiya tuzish qaroriga kelishlari ortidan bosim jiddiy oshgan. Avval nisbatan tinchigan mahkama jarayonlari qayta boshlangan. Ayni paytga kelib yangi partiya tarafdorlari doxil bir nechta mahkama jarayonlari ochilgani xabar qilinmoqda.
O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra, fuqarolarning siyosiy partiyalar tuzish, siyosiy partiyalarga qo‘shilish harakati erkin. Bu - konstitutsiya bilan ham kafolatlangan huquq.
Ammo mamlakatdagi reallikdan kelib chiqilsa, hukumatdan mustaqil bo’lgan siyosiy partiya tuzish imkoniyati mavjud emas. Mustaqil, muxolif guruhlar 1990-yillar boshida sal ildiz otgan va ammo tuzum ularga qarshi tezlikda chora ko'rgan.
Amaldagi hukumatga muxoliflik da’vosida bo’lgan partiyalar Islom Karimovning chorak asrlik hukmronligi davrida ham, Shavkat Mirziyoyev boshqaruvga kelganidan beri ham imkonsiz qoldi.
O'zbekiston rahbariyati mamlakatga oppozitsiya kerakligini tan oladi, ammo uning yaralishiga yo'l bermayotganlikda tanqid ostida.
Xususan, Olloqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi ochiq va zimdan uyushtirilgan bosimlar va tahdidlar ostida tashkiliy majlisini o’tkazishga muvaffaq bo’lgan edi. Imzolar to’plash jarayonida tazyiqlar avj olib, bu partiyani quvvatlagan fuqarolar mahalla qo’mitalari yordamida xalq dushmanlari sifatida “sazoyi” qilingan.
O’zbekistonda o'tgan yili prezident saylovlar arafasida kuchaygan bosimlar ortidan “Haqiqat va taraqqiyot” qalbaki imzolar bergan deb topilib, arizasi Adliya vazirligi tomonidan rad etildi.
2021-yildagi prezidentlik saylovlari har doimgidek hukumatparvar siyosiy partiyalar ishtirokida o’tdi. Mavjud qonunchilikka ko’ra, O’zbekiston prezidentligi uchun saylovda Adliya vazirligidan ro’yxatdan o’tgan partiyalargina nomzod ko’rsatish huquqiga ega.
Facebook Forum