Breaking News

O’zbekistondagi saylov xorij OAVlarida qanday yoritildi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz bermoqda, Toshkent, O'zbekiston, 2021-yil, 24-oktabr
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz bermoqda, Toshkent, O'zbekiston, 2021-yil, 24-oktabr

O’zbekistonda 24-oktabr kuni o’tgan prezidentlik saylovi xorijning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan deyarli yoritilmadi. Ba’zi nashrlar “AP”, “Reuters” kabi axborot agentliklari tarqatgan qisqa xabarlarni qayta chop etish bilan kifoyalandi, xolos.

“Nyu-York Tayms”, “Vashington Post”, “CNN” kabi AQShning yetakchi ommaviy axborot vositalari saytlarida saylov bo’lib o’tganiga oid qisqa xabarlar ham yo’q.

“U.S. News & World Report” nashri “AP” xabariga asoslanib, Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston prezidentligi uchun kechgan saylovda ikkinchi muddatga saylangani haqida yozdi.

“Mustaqil nomzodlar qatnashishi uchun ruxsat berilmadi. Agar ko’chalardagi reklama taxtalari va hukumat tomonidan bo’lajak saylov haqida saylovchilar telefonlariga yuborilgan xabarlarni hisobga olmasa, saylov kampaniyasi davom etayotganini bilish ham qiyin edi”, deyiladi ushbu xabarda.

Britaniyaning “Independent” nashri ham O’zbekistondagi saylovlar haqida “AP” tarqatgan xabarni qayta chop etish bilan kifoyalandi. Unda “qattiq nazorat qilinadigan Markaziy Osiyo o’lkasida” 80,1 foizlik ovoz bilan amaldagi prezident ikkinchi besh yillik muddatga saylangani yozildi.

Dunyoning yana bir nufuzli nashri – “The Economist” haftanomasi saytida saylovdan bir kun oldin “O’zbekiston prezidenti qullik mehnatini bekor qildi. Navbatdagisi endi nima?” sarlavhali maqola e’lon qilindi. U Mirziyoyevning kelayotgan saylovda shak-shubhasiz g’alaba qozonishini eslatish bilan boshlanadi.

Nashr Mirziyoyev boshlagan iqtisodiy islohotlarni e’tirof etadi, ammo siyosiy islohotlar boshlanmagani, yer islohoti juda sekin ketayotgani, korrupsiya, tanish-bilishchilik endemik darajada ekanini qayd etadi.

“Shavkat Mirziyoyev islohotlari o’z inersiyasini yo’qotish xavfi bilan yuzlashmoqda”, deya xulosa qiladi nashr.

“Euronews” tarmog’i ham “AP” xabariga asoslanib, Mirziyoyevning ishonchli g’alaba qozonishi kutilayotganini yozdi.

“France 24” axborot kanali muxolifatsiz o’tayotgan saylovda Mirziyoyev osonlikcha g’alaba qozonishini taxmin qildi.

“Mirziyoyev ildizi Sovet ittifoqi davriga borib taqaladigan bir necha o’n yillik majburiy mehnat tizimini tugatdi hamda cheklangan miqdorda matbuotga erkinlik berib, “Yangi O’zbekiston” dasturini boshladi. Lekin yangi yetakchi o’z hokimiyatiga muqobil yo’l taklif qilishi mumkin bo’lgan siyosiy islohotlarni Karimov kabi cheklab o’tdi”, - deb yozadi nashr.

Qatarning “Al-Jazira” nashri saylov kuni Mirziyoyev muqarrar g’alaba qozonishini bashorat qildi.

“Mirziyoyevga ehtimoliy mustaqil raqib bo’lishi mumkin bo’lgan professor Xidirnazar Olloqulov un nomzod qilib ko’rsatishi mumkin bo’lgan partiyani ro’yxatdan o’tkaza olmay, birinchi qadamdayoq to’siqqa uchradi”, - deb yozdi nashr.

Turkiya hukumatiga yaqin ko’riladigan “Daily Sabah” nashri “AFP” axborot agentligi xabari asosida chop etgan maqolasida Mirziyoyev ishonchli g’alaba qozonganini qayd etdi.

“Yakshanba kuni o’tgan saylovda O’zbekistonni 27 yil boshqargan ustozi, diktator Islom Karimov o’limi ortidan 2016-yilda hokimiyatga kelgan Mirziyoyev hech qanday haqiqiy qarshilik bilan yuzlashmadi”, - deyiladi xabarda.

Rossiyaning “TASS” axborot agentligi O’zbekistondagi saylovga oid xabari sarlavhasini “ShHT kuzatuvchilari O'zbekistondagi prezidentlik saylovlarini oshkora o'tdi deya olqishladi” deb nomladi.

“O'zbekistondagi saylovlar oshkora o'tdi, nomzodlar teng imkoniyatlarga ega bo'ldi, saylovchilardan hech qanday e'tirozlar bo'lmadi”, deya xabarda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi o’rinbosari general Yerik Ashimov so’zlaridan iqtibos keltirilgan.

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi O’zbekistonda o’tgan prezidentlik saylovida jami saylovchilarning 80 foizdan ortig’i qatnashgani haqida qisqa xabar berish bilan cheklangan. Unda Mirziyoyev ikkinchi muddat uchun saylovda qatnashayotgani va boshlagan islohotlarini davom ettirishga va’da bergani eslatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG