Breaking News

AQSh Senati qurol nazorati masalasini ko'rib chiqmoqda


Qurol zo'ravonligiga qarshi namoyish o'tkazayotgan bolalar, Sakramento, Kaliforniya, 2022-yil, 2-iyun
Qurol zo'ravonligiga qarshi namoyish o'tkazayotgan bolalar, Sakramento, Kaliforniya, 2022-yil, 2-iyun

AQSh Senati so’nggi ommaviy otishmalar ortidan qurol zo’ravonligini qanday kamaytirish masalasida qizg’in munozara olib bormoqda. Ehtimoliy takliflar orasida maktablar xavfsizligini kuchaytirish va politsiyaga xavfli deb hisoblangan odamlardan qurollarni tortib olishga ruxsat berish kabi choralar bor.

O’tgan hafta Prezident Jo Bayden televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, qonunchilarni qurol zo’ravonligiga qarshi chora ko’rishga chaqirgan edi.

O’tgan oy Texas shtatidagi maktabda 19 nafar boshlang’ich sinf o’quvchisi va ikki nafar o‘qituvchi o’limiga sabab bo’lgan, shuningdek, avvalroq Nyu-York shtatida oziq-ovqat do‘konida 10 nafar qora tanli xaridorning otib tashlanishi hamda Filadelfiya va Tennessi shtatining Chattanuga shaharlarida sodir bo‘lgan otishmalar Kongressda qurol nazoratiga oid navbatdagi muzokaralarning boshlanishiga turtki berdi.

Respublikachi hamkasbi Jon Kornin bilan muzokara olib borayotgan demokrat senator Kris Merfining aytishicha, takliflar orasida ruhiy salomatlik va maktab xavfsizligiga sarmoyani oshirish ham ko’zda tutilgan.

"Ruhiy salomatlik uchun zarur sarmoya kiritish, maktab xavfsizligi uchun qo’shimcha pul, qurol qonunlariga kichik, ammo ta’sirchan o'zgarishlar kiritish kerak. Biz hozir shunday paket ustida ishlayapmiz. Menimcha, uni Senatdan o'tkazish mumkin", - dedi Merfi “CNN” telekanaliga bergan intervyusida.

Demokratlar Kongressda ko'pchilikni tashkil qiladi, ammo Senatdagi mavjud qoidalar muhim qonunlarni qabul qilishda kamida qo’shimcha 10 respublikachi qo’llab-quvvatlovini talab qiladi. Respublikachilar Kongressda ustunlikni qo’lga kiriitishi taxmin qilinayotgan oraliq saylovlarga esa olti oydan kamroq vaqt qoldi. Bu esa qurol nazoratiga oid qonunchilikni Kongressdan o’tkazish masalasini yanada murakkablashtiradi.

Muzokaralar guruhining respublikachi a'zosi, amerikalik senator Pet Tumeyning aytishicha, qurol sotib olmoqchi bo’lgan odamlar tarixini tekshirishni kengaytirish masalasi ham kun tartibida.

AQSh Konstitutsiyasidagi Ikkinchi tuzatish amerikaliklarning qurol saqlash va olib yurish huquqini himoya qiladi. Shuningdek, respublikachilar qurolga egalik qilish bo'yicha yangi cheklovlarga qarshi chiqib, bu huquqni qattiq himoya qilishi bilan tanilgan.

Oq uy va Kongress otishmalar muammosiga yechim topish ustida muzokara olib borayotgan bir paytda AQSh Oliy sudi shu oy Nyu-York shtatiga oid yangi qaror qabul qilishi kutilmoqda. Bu qaror qurolga egalik qilish huquqini yanada kengaytiruvchi oqibatlarga olib kelishi mumkin.

AQShning 19 shtatida politsiyaga ruhiy sog’ligi bilan muammosi bor ba’zi odamlarning qurollarini tortib olishga ruxsat beruvchi "Qizil bayroq" qonunlari joriy qilingan. Qurol huquqlari himoyachilarining da’vo qilishicha, bunday qonunlar Ikkinchi tuzatishni buzadi va shaxslarning sudda o'z ishlarini tegishli tartibda himoya qilish huquqidan mahrum etadi.

2012-yil Konnektikutda qurolli shaxs Sendi Huk boshlang‘ich maktabida 26 bola va o‘qituvchilarni o‘ldirgan edi. Bu shtatdagi ota-onalar so’nggi voqealardan yanada xavotirda ekanini aytadi.

"Bolalarimiz haqida chuqur qo'rquvimiz bor. Hukumat shu qadar buzilganki, ular bu mamlakatda kattalar uchun eng muhim narsa – bolalarning jismoniy sog’ligini kafolatlash masalasida siyosatni bir chetga surib tura olmaydi”, deydi konnektikutlik senator Merfi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG