Breaking News

Blinken: AQSh o'zida va dunyo bo'ylab qiynoqlarga toqat qilmaydi


26-iyun - Qiynoq qurbonlarini xalqaro quvvatlash kuni
26-iyun - Qiynoq qurbonlarini xalqaro quvvatlash kuni

26-iyun - dunyo bo'ylab qiynoq qurbonlari xotirlanadigan va jabrlanuvchilar quvvatlanadigan kun.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bu sanani qayd etar ekan, har qanday qiynoq asossiz va hech bir davlatda unga yo'l qo'yilmasligi kerak, deya undadi.

"Qiynoq inson huquqlarining eng qo'pol buzilishidir. Xalqaro qonunlar va Amerika qonunlari uni man etadi", - deydi Blinken.

Davlat kotibi deydiki, AQSh hukumati va xalqi qiynoqlardan azob chekkanlarga hamdard. 173 davlat Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, noinsoniy, insonni xo'rlovchi munosabatlarni taqiqlovchi konvensiyaga imzo chekkan. AQSh ham ulardan biri.

Konvensiya 1987-yilda kuchga kirgan. Biroq unga kirgan mamlakatlarning ko'pida qiynoqlar kuzatiladi va bu ishni qilganlar aksariyat hollarda javobgarlikka tutilmaydi.

Hukumatlar zimmalariga olgan majburiyatlarga qaramasdan, rahbarlar o'z raqiblari va muxolifat a'zolarini qiynoqqa solishni buyuradi yoki bu holatlarga ko'z yumadi. Ozchilikdagi elatlarning vakillari azoblanadi. Urush va mojarolarda asirga olinganlar xo'rlanadi.

Blinken ta'kidlashicha, dunyo bo'ylab qiynoqlar tinmas ekan, Amerika ularning masalasini ko'taradi, jinoyatchilar adolat oldida javob berishi uchun harakat qiladi, jabrlanuvchilarga imkon qadar yordam beradi.

"Biz bu muammoga qarshi o'z mamlakatimizda ham qattiqroq kurashishimiz lozim. Qadriyatlarimizni avvalo o'zimiz e'zozlashimiz, namuna bo'lishimiz kerak", - deydi Blinken.

"Konvensiyaga bosh eguvchi davlat sifatida qiynoqlarning oldini olishimiz, bu jinoyatni amalga oshirganlarni jazolashimiz lozim. Hech kim qiynoqqa solinishi mumkin bo'lgan yurtga qaytarilmasligi kerak", - deydi davlat kotibi.

AQSh qonunlari xavfsizlik organlari qiynoqda ayblangan hukumatga yordam berishni taqiqlaydi. Vashington BMTning qiynoqdan jabr ko'rganlar uchun yuritadigan jamg'armasiga eng ko'p mablag' ajratadi.

Blinkenning aytishicha, Davlat departamenti bu masala bilan shug'ullanuvchi dasturlarini davom ettiradi.

"AQSh qiynoqlarga qarshi konvensiya amaliyotini ta'minlashda yetakchilik qilishga bel bog'lagan va jahon miqyosida har qanday qiynoqqa nisbatan jim turmaydi", - deydi Blinken.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG