Breaking News

"Katta Yettilik" sammitida Rossiya va Xitoy siyosati muhokamada


"Katta Yettilik" (G7) yig'ini ishtirokchilari
"Katta Yettilik" (G7) yig'ini ishtirokchilari

Germaniyada “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi Ukrainadagi urush fonida bo’lib o’tmoqda. Ukrainadagi vaziyat, Rossiya siyosati, Xitoyning global iqtisodiy liderlikka da’vosi muhokamada.

Anjuman mezboni Kansler Olaf Sholsning aytishicha, Ukraina xavfsizligini ta’minlash G’arb davlatlari uchun ustuvor vazifa.

"Ukraina xavfsizligiga kelganda Germaniya va AQSh hamisha birgalikda harakat qiladi. Bunga yana bir bor aniqlik kiritdik”, - dedi Shols.

“Katta Yettilik” Rossiyani moliyadan ayirish maqsadida undan oltin sotib olishni to’xtatishga qaror qildi.

Rahbarlar Xitoy siyosati va da’volariga nisbatan ham tashvish bildirdi. Rivojlanayotgan mamlakatlarga Xitoyning “Kamar va yo’l” siyosatiga muqobil infratuzilma tashabbusini taklif etish maqsadida 600 million dollar ajratilishi haqida e’lon qilindi.

“Bu yordam yoki xayriya emasligini ta’kidlab o’tmoqchiman. Bu hamma, jumladan Amerika xalqi va boshqa xalqlar uchun foyda keltiradigan sarmoyadir. Tashabbus iqtisodiyotlarimizni kuchaytirishga qaratilgan. Dunyo demokratik davlatlar bilan sheriklikning konkret foydasini ko’rishi kerak”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.

Xitoy bo’yicha mutaxassislar nazarida, “Kamar va yo’l” tashabbusiga teng kelish oson bo’lmaydi.

“Nafaqat AQSh va Yevropa, balki Yaponiya va Avstraliya ham Xitoy harakatlaridan tashvishda. Bu davlatlar qarzga muhtoj mamlakatlarning Xitoyga ishi tushmasligi uchun tanlash imkonini bermoqda. Biroq bu jarayon tez bo’lmaydi, byurokratik jihatdan mashaqqatli. Bankda yetarlicha pul yo’q. Xitoy “Kamar va yo’l” orqali ajratayotgan pulchalik tez berilmaydi. Xitoy pulni tez berib, mamlakatlarni asta-sekin o’ziga qaram qilib olmoqda”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Robert Deyli.

“Katta Yettilik”ning bu galgi yig’ilishiga Janubiy Afrika va Hindiston rahbarlari ham taklif etilgan. G’arb o’z tarafiga og’dirishga harakat qilayotgan bu mamlakatlar o’tgan hafta BRIKS tashkilotining virtual sammitida qatnashdi.

Xitoy Prezidenti Si Zinpin o’sha yig’ilishda G’arb mamlakatlarining Rossiyani iqtisodiy jihatdan yakkalash siyosatini tanqid qildi.

“Global iqtisodiyotni siyosiylashtirish, undan qurol sifatida foydalanish, xalqaro moliya va pul-kredit tizimlaridagi ustuvor maqomlaridan foydalanib, qasddan sanksiyalar qo’llash oxiq-oqibatda o’zlari va boshqalarga zarar bo’ladi, dunyo bo’ylab odamlarga azob yetkazadi”, - dedi Si.

Seshanba kuni yakunlanadigan sammitda iqlim o’zgarishi, pandemiya, global iqtisodiy tanazzul xususida ham muhokamalar bo’ladi.

Germaniya kansleri sammit chetida bugun Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo bilan ko’rishdi. Indoneziya noyabr oyida “Katta Yigirmalik” sammitiga mezbonlik qiladi. G’arb davlatlari Jakartadan anjumanga Rossiyani taklif etmaslikni so’ragan, biroq Vidodo bunday qila olmasligini aytgan.

“Katta Yettilik” sammiti ishtirokchilariga virtual shaklda murojaat qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu mamlakatlarni harbiy yordamni to’xtatmaslikka, Ukrainani qayta qurishga pul berishga chaqirdi.

“Katta Yettilik” gumanitar maqsadlar uchun Ukrainaga 2,8 milliard dollar dan ko'p pul berishga, mamlakatdan don mahsulotlarini olib chiqishda yordam ko’rsatishga kelishib oldi. AQSh matbuotidan ma’lum bo’lishicha, Vashington Kiyevga havo mudofaasi uchun o’rta va uzoq masofali raketalar uzatishi mumkin.

Rahbarlar import qilinayotgan rus nefti narxiga cheklov qo’yishga kelisha olmagani va bu borada muhokamalar davom etishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG