Tohir Jonson va uning yaqin do’sti Jon Dokeri marixuana bilan qo’lga tushgani bois bir necha bor hibsga olingan. Nyu-Jersi shtatida nasha yetishtirish va iste’mol qilishga ruxsat berilgandan beri nasha ekish litsenziyasi birinchi navbatda ana shunday sobiq mahkumlarga berilmoqda. Ikki og’ayni bu imkoniyatdan unumli foydalanishga kirishdi.
Nyu-Jersida nasha ekish uchun berilgan yangi 11 ta litsenziyaning ikkitasi Tohir Jonson va uning dos’ti Jon Dokeriga nasib qildi. Ular avval marixuana bilan bog’liq jinoyatlarda ayblangani bois litsenziya olishda ular ro’yxatning boshiga qo’yildi.
Ular bugun o’z laboratoriyalariga o’simlik tanlash uchun nasha yetishtiriladigan issiqxonaga keldi.
“Bu katta imkoniyat. Nashani qonuniy sotish huquqiga ega bo’lganimdan xursandman”, - deydi Tohir.
“10 yil oldin bunaqa joyga kelsangiz jinoyatchi bo’lardingiz. Hozir hammasi qonuniy”, - deydi Jon.
Jonson va Dokeri bir necha bor marixuana bilan bog’liq jinoyatlarda ayblangan.
Yaqinda e’lon qilingan hisobotga ko’ra, bir xil miqdordagi nasha iste’moli uchun qora tanli amerikaliklarning hibsga olinishi ehtimoli oqlarga qaranganda to’rt barobar ko’proq.
“Birinchi marta 19 yoshimda qo’lga tushganman. Shundan keyin meni ko’p joylarda ishga olishmadi. Hozir 19-20 yashar yoshlar, agar 2-3 gramm nasha bilan qo’lga tushsa, bu ularning ish topishiga yoki boshqa imkoniyatlardan foydalanishiga hech qanday to’siq bo’lmaydi”, - deydi Jon Dokeri.
Nyu-Jersi shtati marixuana bilan bog’liq avvalgi qonunlar asosida qattiq jazolangan sobiq mahkumlarga ikkinchi imkoniyat berishga qaror qildi.
“Nyu-Jersi shtati ijtimoiy ta’sir o’tkazishni, nasha taqiqining salbiy ijtimoiy oqibatlarini ko’rsatishni istaydi. Shu bois ilgari eng ko’p ta’qibga uchraganlarga nasha biznesi uchun litsenziya olishda ustivorlik berilyapti”, - deydi shtatning Nashani nazorat qilish komissiyasi vakili Uesli Makvayt.
Sobiq mahkumlarga bunday e’tibor berilishidan hamma ham xursand emas.
“Avval jinoyat sodir etganlikni litsenziya olish uchun shart qilib qo’yish jinoiy harakatni taqdirlashdek gap. Mahkumlarni ajratmagan yaxshi, lekin bunday shart jinoyatni rag’batlantirish va hatto jinoiy harakatga undash bilan teng”, - deydi Nyu-York politsiya rahbarlari assotsiatsiyasi rasmiysi Patrik Filan.
20 ta shtatda, jumladan, Nyu-Yorkda marixuana iste’moliga ruxsat berilgan. Nyu-Yorkda 200 million dollarlik ijtimoiy tenglik jamg’armasi ochildi. Mablag’ning bir qismi sobiq mahkumlarga nasha biznesini boshlashda yordamlashish uchun ishlatiladi.
“Biz - nasha bilan qo’lga tushganlar yangi imkoniyatdan foydalanishga harakat qilyapmiz. Marixuana taqiqidan aziyat chekkanlar endi qonuniy bozorda ishtirok etib, yangi daromadni o’rtada baham ko’radi”, - deydi Tohir Jonson.
Ba’zilar dasturni sobiq jinoyatchilarni taqdirlash deya qoralayotgan bo’lsa, boshqalar uni ozchilik va diskriminatsiyaga uchragan qatlam uchun yaratilgan yangi imkoniyat sifatida ko’rmoqda.
Facebook Forum