6-iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimni imzoladi.
Qariyb uch yil davom etgan muhokama va muzokaralar ortidan kechgan muhim tadbirda O'zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o'rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchilik qilgan.
Bitim ittifoq va O'zbekiston aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun huquqiy zamin yaratishi ma'lum qilingan. Hujjat savdo va iqtisod sohalarida hamkorlikning yangi yo'nalishlari va normativ bazasini modernizatsiya qilishni o'z ichiga olgan.
Asosiy hamkorlik yo'nalishlari ro'yxatida siyosiy hamkorlik va islohotlarga alohida urg'u berilgan. Xususan, umumiy demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi, inson huquqlari, barqaror taraqqiyot va asosiy erkinliklarni ta'minlash borasida Toshkent va ittifoq o'rtasida dialog o'rnatish nazarda tutilgan.
Bitimda, shuningdek, tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati yo'nalishlaridagi hamkorlik ham ko'zda tutilgan. Jumladan, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, ommaviy qirg'in qurollarini tarqatmaslik, konfliktlar va krizislarni bartaraf qilish masalalari tomonlar o'rtasidagi muhim mavzular ekani ta'kidlangan.
Hujjatdan, shuningdek, adliya, axborot erkinligi va xavfsizligi, migratsiya, moliyaviy jinoyatlar, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy narkotik savdosiga qarshi kurash, konsullik himoyasi va sud tizimidagi hamkorlik o'rin olgan.
Energetika, transport, tabiat va iqlim o'zgarishi, raqamli iqtisod, qishloq xo'jaligi, bandlik, madaniyat, ta'lim, yoshlar uchun imkoniyatlar va ilmiy tadqiqotlar ham hamkorlikning muhim bo'g'inlari sifatida e'tirof etilgan.
Facebook Forum