Breaking News

Amerika orzusi bir oila misolida: “Toshkent” oziq-ovqat do’koni


Svyatoslav Rafailov ittifoq parchalanishi ketidan oilasi bilan Amerikaga ko’chgan. Yangi mamlakatda oyoqqa turib olish uchun o’zini o’tga ham, cho’qqa ham urdi.

Kaliforniya shtatidagi “Tashkent Produce” do’konidamiz… Uni otam va onam ochishgan, deydi Daniel Rafailov.

Los-Anjelesning San-Fernando vodiysida bu do’kon 20 yildan beri faoliyat yuritadi. Danielning ota-onasi Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin O’zbekistondan Amerikaga ko’chishga qaror qilishgan.

“Ular Sovet Ittifoqi nuqtai nazaridan dushman bo’lgan davlatga ko’chib o’tishgan. Ota-onam bu yerga xavfsiz va farovon hayot izlab, shuningdek, imkoniyat izlab kelishgan”, - deydi Daniel.

Vatandoshlar ochgan bizneslar: “Toshkent” do’koni, Kaliforniya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:12 0:00

Uning ota-onasi sobiq Sovet Ittifoqidan sanoqsiz muhojirlar yashaydigan G’arbiy Gollivud shahrida qo’nim topdi. Dastlabki pallada AQSh hukumati yordam bergan, jumladan oziq-ovqat talonlari bilan.

“Amerikaga kelishni rejalayotganimda, qanday ish bo’lsa ham qilaman deb o’ylab qo’ygandim. Boshida rafiqam uylarni tozalagan. Men ham unga yordam berardim. So’ng santexnikka yordamchi bo’ldim. Bu yerda bu normal holat”, - deydi “Toshkent” do’koni egasi.

Svyatoslav Rafailov rafiqasi Mirem Rafailova bilan uyda non yopib sotishni ham yo’lga qo’ydi.

“Kun bo’yi santexnika ishlari bilan uyma-uy yurib yoki pitsaxonada ishlab, otam uyga qaytganidan keyin non pishirish uchun yana xamir qilishga kirishardi. Onam va amakim nonni kechroq ko’chada sotardi. Sotilmay qolganini qo’shnilarga chegirma bilan taklif qilishardi”, - deya eslaydi Daniel.

Syatoslav Rafailovning keyingi biznes loyihasi G’arbiy Gollivudda yuk mashinasidan meva-sabzavot sotish bo’lgan.

“Odamlar bilishardi bu mashina qaysi vaqtda qayerda bo’lishini va xarid uchun o’sha joyga borishardi. Nihoyat otam va amakim bir joyni ijaraga olib, oziq-ovqat do’koni ochishga qaror qilishgan”, - deydi Daniel.

Yahudiy oilaviy xizmatlar tashkiloti foizsiz kredit bergan. Lekin bu boshlanishi edi.

“Oxir-oqibat otam yakka tadbirkor sifatida ish boshlab, mana shu “Tashkent Produce” do’konini ochgan. Albatta, bu bir kishining mehnati emas. Onam uni har qadamda qo’llab-quvvatlagan, ilhom berib turgan. Bilamanki, otam nimaiki qilgan bo’lsa, oilasi uchun, biz uchun qilgan”, - deydi Daniel.

“Bolaligimizda otam uyda ko’p bo’lmagan. Kuniga 17-18 soat ishlar edi. Do’kon qurilayotganda kelib ko’rardik, shu yerda vaqt o’tkazardik. Biznes ishga tushib, sekin-asta kengaya boshladi”.

“Oila a’zolarim, ukam va opalarim muayyan ishlarni o’z zimmasiga oldi. Ukam do’kon oshxonasida, ovqat pishirib katta bo’lgan. Hozir juda ajoyib oshpaz. Eng yaxshi palovni uning qo’lidan yeysiz. Katta opam yordam beradi, salatlar tayyorlaydi, ishi oshxonada. Yana bir opam otamga ingliz tilini o’rganishda, hujjatlarni tayyorlashda yordamlashgan”, - deydi Daniel.

Bir paytlar oziq-ovqat talonlari bilan kun kechirgan muhojir bugun 20 dan ortiq odamni ish bilan ta’minlaydi. Aksariyati postsovet o’lkalaridan, jumladan, Gruziya, Armaniston, Qirg’iziston va O’zbekiston.

30 yil oldin Gollivuddagi ko’chaning bir burchagida yuk mashinasidan mahsulot sotib olgan odamlar bugun ham bizning mijozlarimiz, deydi Daniel. Uning orzusi – Los-Anjeles markazida Toshkentdagi kabi bozor ochish.

“Amerika orzusiga erishsa bo’ladi. Qiyin, lekin mana oilamiz misolida ko’rdingiz”, - deydi suhbatdosh.

“Bor-budimga qarab ba’zida o’zim ham hayratlanaman. Ishdan uyga qaytganimda har ertalab, har kechqurun xudoga shukur qilaman”, - deydi Svyatoslav Rafailov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG