Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Tolibonning Afg’onistonda xavfsizlik va yaxshi boshqaruvni ta’minlayotgani haqidagi da’volari puch bo’lib chiqmoqda, chunki “Islomiy davlat” kabi terrorchi guruhlar mamlakat bo’ylab hujumlarni kuchaytirmoqda.
“Tolibon da’vo qilgan va e’tirof etgan ba’zi yutuqlar yo’qolib boryapti. Oxirgi oylarda biz kuzatib boradigan xavfsizlik bilan bog’liq hodisalar, qurolli to’qnashuvlar va jinoyatchilik hamda terrorchilik hujumlari ko’paygan”, - deydi BMTning Afg’onistonga yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Markus Potsel.
Tolibon islomiy amirlikni tiklash orqali urushlardan xarob bo’lgan Afg’onistonda tinchlik va osoyishtalikni ta’minladik, deb kelmoqda.
BMTga ko’ra esa haqiqatda mamlakatda xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat yomonlashib borayapti.
“Islomiy davlat”ning Xuroson tarmog’i salohiyati haqidagi oldingi ogohlantirishimizga Tolibon e’tibor bermadi. Bu guruh so’nggi bir necha oy ichida Tolibonga yaqin shaxslarga qarshi suiqasd xurujlari, xorijiy elchixonalarga hujumlar uyushtira olishini, Afg’onistonga qo’shni davlatlarga raketa ota olishini ko’rsatdi. Bundan tashqari, shia musulmonlar va ozchilikdagi guruhlar ham ular nishonida”, - deydi Potsel.
Yaqinda UNAMA Afg’onistonda Tolibon hokimiyatni qo’lga kiritganidan so’ng tinch aholi orasida talafotlar kamaygani to’g’risidagi statistikani taqdim etgan edi.
2021-yilning avgustidan 2022-yil iyunigacha bo’lgan davrda 700 nafar tinch aholi vakillari halok bo’lgan, 1400 dan ortiq kishi yaralangan, asosan “Islomiy davlat” Xuroson uyushtirgan hujumlarda. 2020-yilda esa o’lganlar soni 3035, yaralanganlar 5785 kishi edi.
Markus Potsel so’zlagan BMT Xavfsizlik Kengashi yig’ilishida Tolibon vakili qatnashmagan, ammo avvalgi afg’on hukumati diplomati va muxolifat vakili taklif etilgan. Xalqaro tashkilot Tolibonning o’z diplomatlarini akkreditatsiyadan o’tkazish to’g’risidagi talablarini rad etgan.
Nodemokratik boshqaruv
Xavfsizlik Kengashi a’zolari, shuningdek, Tolibonni nodemokratik, repressiv boshqaruvda ayblamoqda.
“Har kuni Afg’onistondan Tolibon qatag’onlari, tungi reydlar, sudsiz qotilliklar va qiynoqlar haqida xabarlar keladi. Huquq himoyachilari, jurnalistlar va media xodimlari ataylab nishonga olinmoqda”, - deydi Irlandiyaning BMTdagi vakili Fergal Miten.
Toliblar hokimiyatni qo’lga olganidan keyin Afg’oniston parlamenti va saylov organlarini tarqatib yuborgan, vazirlar mahkamasida faqat erkaklardan iborat diniy ulamolar o’tiradi.
“Aksar afg’onlar boshqaruvning barcha pog’onalarida vakillari borligini his etishmaydi. Fuqarolar hukumatga fikr bildirishini ta’minlaydigan izchil mexanizm mavjud emas. Tolibon ularni eshitishni ham xohlamaydi”, - deydi Potsel.
BMTning ogohlantirishicha, Tolibon boshqaruv usulini tubdan o’zgartirmas ekan, Afg’oniston xalqaro izolyatsiyan, qashshoqlik va ichki nizolardan qutula olmaydi.
“Mamlakat aholisining yarmiga [ayollarga] qarshi bo’lgan rahbarlar legitimlikka erisha olmaydi. Na afg’on xalqi oldida, na xalqaro hamjamiyat oldida”, - deydi Norvegiyaning BMTdagi diplomati Mona Juul.
Tolibon yetakchilari boshqaruv usulini himoya qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, BMT va huquq tashkilotlari Afg’onistondagi vaziyat haqida ko’pincha noto’g’ri va noxolis bayonotlar tarqatadi.
Facebook Forum