Bugun Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Chexiya poytaxti Pragada majlis qilmoqda. Tadbirga tashkilotga a’zo bo’lmagan Islandiya, Ozarbayjon va Armaniston, undan chiqib ketgan Britaniya, uzoq yillardan beri a’zolikka erisha olmayotgan Turkiya rahbarlari ham qatnashyapti. Faqat Rossiya yo’q.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining ilk sammitiga Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 va a’zo bo’lmagan 17 davlat prezidentlari va bosh vazirlari taklif etilgan.
Ba’zilar yangi tuzilmani aksil-Rossiya klubi deb ham atamoqda.
"Rossiyaning Ukrainaga hujumi Yevropada so’nggi bir necha 10 yilda saqlanib kelgan tinchlik va xavfsizlik tartibiga qo’pol tajovuzdir va to’planganlarning barchasi buni yaxshi biladi. Qo’shni mamlakat anneksiyasini qabul qilmaymiz”, - deydi Germaniya Kansleri Olaf Shols.
"Bugungi uchrashuvda Rossiyasiz yangi tartibni muhokama qilamiz. Rossiyani bu jarayondan umrbod chetlashtirish niyatimiz yo’q, biroq Putinning Rossiyasiga bu tashkilotda o’rin yo’q”, - deydi Yevropa Komissiyasining tashqi siyosat bo’yicha oliy vakili Jozep Borrel.
Britaniya Bosh vazirasi Liz Trass nazarida, sammit ishtirokchilari Putinning yovuzligiga qarshi umumiy front tuzish muhimligini qo’llab-quvvatlamoqda.
Makron Yevropada elektr tarmoqlarini ko’paytirish, gaz narxini tushirish ahamiyatiga urg’u berdi.
"Bir joyda yashaymiz, ko’p hollarda tariximiz ham o’xshash. Kelajagimizni birga rejalashimiz zarur”, - dedi u.
Bugungi tadbirdan qarorlar yoki yakuniy bayonot kutilmayapti.
Tashabbus tanqidchilariga ko’ra, Yevropa siyosiy hamjamiyati ma’ruzalar uchun yana bir forumdan boshqa narsa emas. Chunki uning Armaniston va Ozarbayjon, Turkiya va Gretsiya kabi munosabatlari tarang va o’zaro raqib a’zolarini boshqarish oson bo’lmasligi aytilmoqda.
Bugungi anjumanda Yevropa yuz tutayotgan muammolar xususida muhokamalar bo’lgan – xavfsizlik, energetika, iqlim, iqtisodiyot, migratsiya masalalarida. Sholsga ko’ra, yangi tashkilot Yevropa Ittifoqiga muqobil emas.
Pragadagi sammit doirasida Turkiya va Fransiya prezidentlari vositachiligida Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari muloqot qildi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan uchun Rajab Toyib Erdog’an va Ilhom Aliyev bilan ilk yuzma-yuz uchrashuv bo’ldi.
Turkiya va Armaniston o’rtasida diplomatik aloqalar yo’q, 1993-yildan beri umumiy chegaralar ham yopilgan. O’tgan yili ikki mamlakat muloqot boshlab, chegaralarni ochishga, Istanbul va Yerevan o’rtasida aviareyslarni yo’lga qo’yishga kelishib oldi.
Ozarbayjon ikki yil oldin Tog’li Qorabog’dagi janglarda 1990-yillarda boy berilgan hududlarini qaytarib olishga muvaffaq bo’ldi. O’tgan oy esa chegarada yuz bergan qurolli to’qnashuv oqibatida 158 odam nobud bo’lgan. Erdog’an Armanistonni Ozarbayjon bilan tinchlik bitimini imzolashga undashi kutilyapti.
Noyabrda Yevropa Ittifoqi vositachiligida Aliyev va Pashinyan Bryusselda ham uchrashishi mumkin.
Juma kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar alohida majlis qilib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 8-paketi xususida fikr almashishi kutilmoqda. Ittifoq rahbarlari rus nefti narxini cheklashni taklif etyapti.
Kecha Venada Neftni ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti va uning hamkorlari ishlab chiqarishni kuniga 2 million barrelga tushirishga qaror qilgani jahon bozorida yoqilg’ining bu turiga narx ko’tarilishiga olib kelishi tabiiy. Bunday sharoitda Yevropa Ittifoqining narxga chegara qo’yishi o’ziga zarar bo’lishi mumkin.
AQSh OPEK+ qaroridan norozi, ayrim siyosatchilar tashkilotga a’zo davlatlarga sanksiya qo’yishni taklif etmoqda. Vashington, shuningdek, Venesueladan neft olish uchun bu mamlakatga qo’yilgan sanksiyalarni yumshatishi kutilyapti.
Facebook Forum