Breaking News

Rossiya Ukrainada AQSh va NATO bilan olishyaptimi?


NATO harbiylari
NATO harbiylari

Rossiya qurolli kuchlari Ukraina shaharlaridagi energetika infratuzilmalarini Erondan olingani aytilayotgan xudkush dronlar bilan nishonga olishda davom etmoqda. Na Tehron, na Moskva dronlar Eronniki ekanini rasman tasdiqlagan.

Xalqaro hayot - 14-oktabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:31 0:00

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G’arbdagi hamkorlardan Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishda yordam so’ramoqda.

“Osmonimizni yopish salohiyatiga ega bo’lishni istaymiz. Hozircha buning uchun salohiyatimiz yetarli emas. Ehtiyojlarimizning 10 foizi qoplangan xolos”, - dedi u.

AQSh, Niderlandiya, Fransiya va Ispaniya Ukrainani havo mudofaasi tizimlari bilan imkon qadar tez ta’minlashga so’z berdi. Germanya esa va’da qilingan 4 ta tizimdan biri Ukrainaga yetkazilganini ma’lum qildi.

“Hamjihatligimiz ko’p ishlarni uddalashimizga yordam berishiga so’nggi kunlarda guvoh bo’ldik”, - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Rossiyaning ommaviy hujumlari, ayrim kuzatuvchilar nazarida, mojaroning kuchayishiga olib keladi.

“Nazarimda, Putin qo’lqopini yecha boshladi. Yovuzliklarni ko’ryapmiz, tinch aholiga hujumlarni ko’ryapmiz. Ammo endi bundan dahshatliroq bo’ladi”, - deydi Vashingtondagi AQSh Tinchlik instituti eksperti Meri Glans.

Biroq Rossiya prezidentining bugun Ostonada muxbirlarga aytishicha, Ukrainada keng qamrovli hujumlarni davom ettirishga hojat yo’q.

“Hozirgi pallada oldimizda boshqa vazifalar turibdi. 29 ta inshootdan 7 tasi Mudofaa vazirligi rejalaganidek urilmadi. Hozir asta-sekin mana shu inshootlarga zarba berilyapti. Keng qamrovli hujumlarga hozircha ehtiyoj ko’rmayapman”, - dedi Vladimir Putin.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, NATO o’zini va Ukrainani yaxshiroq himoya qilishni istasa, harbiy xarajatlarini oshirishi kerak.

“Sanoat bazalarini kengaytirishimiz lozim, Ukrainaga berilgan qurollar o’rnini bosish uchun ko’proq sarmoya qilish zarur”, - dedi u.

Ostinga ko’ra, alyans Rossiya olib borayotgan urushga bevosita aralashmaydi. Biroq rus siyosatchilari va tahlilchilari Rossiya Ukrainada allaqachon NATO bilan jang qilayotganini aytadi.

Kelasi oy Indoneziyada bo’ladigan “Katta Yigirmalik” sammitida AQSh, Rossiya va Ukraina rahbarlarining qatnashishi kutilmoqda. Anjuman Ukraina mojarosini hal qilish uchun muzokara qilishga qulay imkoniyat bo’lsa-da, na Bayden, na Putin o’zaro muloqot qilishga tayyor.

"Baydenning o’zidan so’rab ko’ring muzokaraga tayyormisan deb. Men ochig’i gaplashishga ehtiyoj ko’rmayapman. Mening u yerga borishim hali aniq emas. “Katta Yigirmalik”ka a’zo davlatlarning birontasi bilan yuzma-yuz muloqot qilish rejasi yo’q hozircha”, - dedi Putin.

Bayden ham yaqinda muxbirlarning Indoneziyada Putin bilan ko’rishish ehtimoliga doir savoliga “bunday reja yo’q” deb aytdi.

Putinga ko’ra, Rossiyada qisman safarbarlik doirasida harbiy xizmatga chaqirtirilganlar uchuh tayyorgarlik yana ikki haftadan so’ng yakunlanadi.

AQSh-Rossiya qarama-qarshiligi Ukraina mojarosi tugaganidan so’ng ham davom etishi kutilmoqda. Oq uy shu hafta e’lon qilgan AQShning yangi Milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiya va Xitoy eng asosiy tahdidlar sifatida tilga olinadi.

Vashington Pekinni kattaroq va global darajada tahdid deb biladi, uni dunyo tartibini o’zgartirishga qodir yagona raqib, Rossiyani esa revanshist tashqi siyosatni olg’a surayotgan, erkin va ochiq xalqaro tizimga va Yevropada mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasiga bevosita tahdid solayotgan avtoritar tuzum deb ataydi.

Milliy xavfsizlik strategiyasida Eron va Shimoliy Koreya kichikroq tahdidlar deya e’tirof etiladi.

“Vashington Tayms” gazetasining shu hafta xabar berishicha, AQSh gipertovushli raketalar yaratishda Xitoy va Rossiyadan qolib ketyapti, uning radarlari bu ikki mamlakatning gipertovushli raketalarini aniqlashga ojizlik qiladi.

Bugun Ukrainada Mudofaachilar kuni nishonlamoqda. 80 yil oldin Ikkinchi jahon urushi paytida tashkil etilgan Ukraina isyonchi armiyasi (UPA) ham sovet, ham nemis qo’shinlariga qarshi kurashgan. Xotira tadbirida qatnashgan Zelenskiy Ukraina Rossiya ustidan g’alaba qilishi haqida aytdi.

Aytish joiz, Zelenskiyning bobosi Semyon Zelenskiy urush paytida Qizil Armiya safida rotaga qo’mondonlik qilib, ikkita “Qizil yulduz” ordeniga sazovor bo’lgan.

Ukraina armiyasi so’nggi haftalarda jang maydonida qator muvaffaqiyatlarga erishgan bo’lsa-da, harbiylar aloqa tizimi oqsayotgani haqida shikoyat qilmoqda.

Ukrainada jangovar qismlar o’rtasidagi aloqa amerikalik milliarder Ilon Maskning “SpaceX” kompaniyasi fevral oxirida Ukrainaga bergan “Starlink” xizmati orqali ta’minlanadi.

Sun’iy yo’ldosh vositasida ishlovchi ushbu internet aloqa bilan Ukrainani bepul ta’minlab kelgan Mask ortiq bepul xizmat ko’rsata olmasligini aytib, AQSh Mudofaa vazirligidan xarajatlarni o’z bo’yniga olishni so’ragan.

Maskning bildirishicha, “SpaceX” kompaniyasi buning uchun har oy yonidan salkam 20 million dollar sarflaydi va shu kungacha 80 million dollar xarajat qilgan.

Rus hujumlarida har oy 500 ga yaqin “Starlink” terminallarining vayron etilishi aytilarkan, Ukraina “SpaceX”dan ishlayotgan 20 mingta terminalga qo’shimcha yana 8000 ta terminal so’ragan.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Mask Ukraina rasmiylarining unga internetdagi hujumidan ranjigani uchun internet aloqa uchun bepul xizmatni bekor qilmoqchi.

Bir necha kun oldin Mask “Twitter”da Ukrainadagi urushga barham berish yo’llarini taklif etgan edi. Biroq Zelenskiy, uning yordamchilari hamda minglab ukrainaliklar Qrimni Rossiyada qoldirish hamda Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojyeda BMT kuzatuvchilari ishtirokida Rossiyaga qo’shilish bo’yicha referendumlarni qayta o’tkazish rejasini qattiq qoraladi, Maskni hatto haqorat qilishdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG