8-noyabrgi saylovdan keyin Amerika bo'ylab norozilik namoyishlari, hatto zo'ravonlik hollari kutilgan edi. Saylovda mag'lub bo'lsa, ko'plab respublikachilar tarafdorlari bilan natijaga qarshi chiqishi haqida ogohlantirgan edi. Oq uy saylov oldidan xalqni tinchlik saqlab, tizimga ishonishga chaqirgan edi.
Biroq saylovdan keyin bunday bo'lmadi. Yutqazgan nomzodlar saylovchi ovoziga bosh egib, raqiblariga muvaffaqiyat tiladi. Sobiq prezident Donald Trampning "bosh ko'taring" degan undovlariga qarsak va xushtak chalindi xolos.
Ko'plab tahlilchilar nazarida hozir Amerikada normal demokratik tartib hukmron. O'tgan ikki yil mobaynida avj olgan ektremistik kayfiyat, deydi ular, ijobiy tomonga o'zgarayotgandek.
Sabab, deydi ekspertlar, saylovchi siyosatchilarga nimaga qodir ekanini eslatib qo'ydi. 8-noyabrda berilgan ovozlar biror partiyani g'alabaga yetaklamadi.
Mutlaq yutamiz, deb o'ylagan respublikachilar bugun har bir ovozga shukur qilib, xalqqa rahmat aytmoqda. Batamom yutqazamiz, deb xavotirlangan demokratlar Senatdagi kuchini saqlab qolganidan va Vakillar palatasida salmoqli son bilan mag'lub bo'lmaganidan rozi.
“Amerika demokratiyasi mustahkam va chidamli ekanini ko'rsatdi", - deydi Prezident Jo Bayden, Indoneziyada Katta Yigirmalik sammitida bu borada so'zlar ekan.
Biroq Oq uy demokratlar Vakillar palatasini boy berganini e'tirof etmoqda.
Nyu-Gempshir shtati gubernatori, respublikachi Kris Sununu deydiki, saylovda Bayden va uning partiyasi zarba yedi, lekin saylovchining asosiy talabi shunday bo'ldi: siyosatni o'zgartiring, siyosiy maydondan aqlsizlar chiqib ketsin. Sununu o'z partiyasidagi aqlsizlarni ham nazarda tutmoqda.
Ko'plab respublikachilar Trampni siyosiy jihatdan zaif odamlarni Kongress a'zoligi va gubernatorlikka nomzod bo'lishga undaganlikda ayblaydi. Bu bilan Tramp partiyaga zarar keltirayotganlikda tanqid ostida. Biroq sobiq prezident buni inkor etadi. 8-noyabrdan beri u ijtimoiy tarmoqlarda kamida 20 post yozib, natijalarni soxta deb qoraladi. Biroq yetakchi respublikachilar orasida uni quvvatlab chiqayotganlar juda oz.
Pensilvaniya shtatida Tramp yordam bergan Dag Mastriano gubernatorlikka saylana olmadi. Mastriano mag'lubiyatyini tan olib, ovoz berish tizimiga ishonchi baland ekanini aytdi.
"Saylovda ovozlar o'g'irlandi deyishdan uzoqmiz. Bunday deyish aqldan emas", - deydi Jenna Ellis, Mastrianoning yaqin maslahatchisi.
Michigan shtatida ham shunday holat: Tramp qo'llagan Tyudor Dikson gubernatorlikka saylana olmadi va bu lavozimga qayta saylangan demokrat Gretchen Uitmerni tabrikladi.
Vermont shtatidan senator Berni Sanders saylovdan keyin tartibsizlik yuzaga keladi deb xavotir bildirayotgan edi. Uning kuzatishicha, respublikachilar endilikda "sal bo'lsa-da, mantiqan fikrlay boshlagan".
“Respublakachilar anglab yetayaptiki, Trampning ishlari demokratiyamizga zarar va avvalo o'z partiyasini yemira boshlagan", - deydi Sanders.
"8-noyabrda ular pand yedi, Amerika xalqi yutdi".
Shimoliy Karolina, Ohayo va Jorjiya kabi shtatlarda Trampga qarshi gapirayotgan konservtorlar ustun keldi.
Ovoz berishga chiqqan qora tanlilar respublikachilar hukmron shtatlarda kamsitilishi mumkin, saylovga ataylab yaqinlashtirmasligi mumkin degan xavotirlar isbotini topmadi, deydi Derrik Jonson, afro-amerikaliklarning manfaatlari uchun kurashuvchi tashkilot rahbari.
“Biroq biz aslida hech qachon bunday qo'rquv bilan yashamasligimiz kerak. Bu ahvolda demokratiya kuchini yo'qotadi. Biz fuqarolar uchun sharoit va imkoniyatlar kengayaverishini istaymiz', - deydi Jonson.
Viskonsin, Arizona va Nevada shtatlaridagi ayrim ovoz berish markazlari oldiga olomon yig'ilib, saylov tizimida ishlaydiganlarga po'pisalar qilgan. Politsiya vaziyatni kuzatgan, muammo chiqmagan.
Facebook Forum