Texnik nosozlik va ob-havo bilan bog’liq bir qator kechikishlar ortidan “Artemida - 1” missiyasi nihoyat Oyga qarab yo’lga chiqdi.
So’nggi daqiqalarda yuz bergan texnik muammolar bartaraf qilingach, NASAning “SLS” raketasi 16-noyabr kuni Florida fazo markazidan “Orion” kapsulasini fazoga olib chiqdi. Bu Oyga uchish missiyasining ilk sinov parvozi bo’ldi.
“Har doim raketalar va tezkor mashinalar ishqibozi bo’lganman. Shu bois bugun qiruvchi samolyot uchuvchisiman”, - deydi parvozni kuzatgan Andrin.
Andrin Shvetsiya havo kuchlarida “F-18” qiruvchi samolyoti piloti. U “Artemida - 1” parvozini shaxsan kuzatish uchun Floridaga keldi.
“SLS” raketasi “F-18” samolyoti dvigatelidan 250 baravar kuchli. Bu men odatlanmagan katta raqam”, - deydi u.
Nafaqadagi Jon Makdonald ham Kennedi Fazo markaziga parvozni tomosha qilish odamlardan biri. Bu parvoz qutblashgan aholini birlashtiruvchi muhim omil, deydi u.
“Hech kim bu yerda Tramp yoki Bayden tarafdori ekani haqida gapirmaydi. Siyosatga bu yerda o’rin yo’q. Ular bir maqsadda kelgan – fazoni kuzatish uchun. Raketaning parvozini ko’rish uchun”, - deydi u.
“Qaysi partiyadan ekaningizning hech kimga qizig’i yo’q. Bu odamlarni birlashtiradigan katta kuch”, - deydi yana bir tomoshabin Josh Novak.
Yozuvchi va rassom Novakning aytishicha, “Artemida” dasturi 1960-yillardagi “Apollon” missiyasi kabi yana odamlarning fazoga qiziqishini oshiradi.
“Bu kabi tadbirlar odamlarni birlashtirib, bir maqsad sari yo’naltiradi va bu maqsad Yerdagi hayotni yaxshilash bo’lishi kerak. Fazoni tadqiq qilish buni amalga oshirishning eng yaxshi yo’li”, - deydi u.
26 kun davom etadigan “Artemida - 1” missiyasi Oy orbitasini aylanib, “Orion” kapsulasini sinovdan o’tkazadi va yerga qaytib tushadi. Bu kelgusidagi fazogirlar parvozi uchun tajriba vazifasini o’taydi. Missiya doirasida Oyga ilk bor ayol va oq tanli bo’lmagan astronavtlarni uchirish maqsad qilingan.
Viktor Glover “Artemida” missiyalari uchun NASA tomonidan tanlab olingan 18 fazogirning biri. Asosiy maqsad – kelajakda Mars missiyasini qo’llab-quvvatlash uchun Oyda doimiy baza tashkil qilish.
“Parvoz muvaffaqiyatli chiqsa, maqsadimizga bir qadam yaqinlashgan bo’lamiz. Mars missiyasini shu umrimiz davomida ko’ramiz, deb o’ylayman”, - deydi Glover.
Oy orbitasini aylanadigan ilk fazogirlar parvozi 2024-yilga mo’ljallangan. 2025-yilda esa “Artemida - 3” parvozi orqali astronavtlarning Oyga qo’nishi rejalangan.
Facebook Forum