Prezidentlik saylovi arafasida Qozog’istonda muxoliflat ommaviy namoyishlarga doir chaqiriqlar bilan chiqmoqda.
20-noyabr kuni bo’lib o’tadigan saylovda amaldagi Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev doxil 6 nafar nomzod ishtirok etmoqda.
Prezidentlikka nomzodlar orasida muxolifat vakillari yo’q. Qozog’istonda ayrim muxolif kuchlar ekstremistik tashkilot sifatida e’lon qilingan, boshqalari hukumat tomonidan rasman ro’yxatdan o’tkazilmagan.
Qozog’iston prezidenti uchun saylov navbatdan tashqari o’tkazilyapti.
Muddatidan avval saylovlar o’tkazish tashabbusi 2019-yilda besh yillik muddatga saylangan prezident To’qayevga tegishli.
Nazarboyevning siyosiy vorisi sifatida hokimiyatga kelgan Qosim-Jo’mart To’qayev yanvar oyida Qozog’iston bo’ylab kuzatilgan ommaviy namoyishlar ortidan jiddiy sinovga duch keldi.
Prezident To’qayev shafqatsiz bostirilgan, 200 nafardan oshiq aholi qurbon bo’lgan bu namoyishlarda xorijdagi jangari kuchlarni aybladi, ammo bu kuchlar kimligi hozirgacha ochiqlangani yo’q.
Namoyishga chiqqan tinch aholining o’ldirilishi, tartibsizliklar davrida Qozog’istonga Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik kuchlari kiritilishi mamlakatda To’qayev hokimiyatini jiddiy obro’sizlantirdi.
Keskin taranglik, iste’fo talablariga qaramasdan hokimiyatni saqlab qolgan prezident To’qayev bu inqiroz ortidan Qozog’istonda keng miqyosli islohotlar e’lon qildi.
Mamlakat taraqqiyoti rejalangan “Yangi Qozog’iston” dasturi e’lon qilindi; hokimiyat, boshqaruv organlari isloh qilinishiga va’da berildi.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida prezident vakolatlari nisbatan qisqardi, bir shaxs faqat bir marta prezident bo’lishiga doir tartib joriy qilindi, prezidentlik muddati yetti yil qilib belgilandi.
Amaldagi prezidentning saylovdagi g’alabasiga shubha kam; ayniqsa, muqobil nomzodlarning hammasi hukumatga yaqin shaxslar ekanligi ta’kidlanayotgani nazarda tutilsa.
Qozog’iston prezidentligi uchun saylovlar saylov natijasi bilan emas, bu natija navbatdagi yirik namoyishlarga turtki bo’lishi mumkinligi bilan ham diqqatli ko’rinadi.
Prezidentlik saylovidan chetda qolgan muxolif partiyalar aholiga 20-noyabrda mamlakat bo’ylab namoyishlarga chiqish undalgan varaqalar tarqatmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda murojaatlar ochiqlanmoqda.
Shu yilning yanvaridagi qonli namoyishlar, qurbonlarga doir surishtiruv hamon shubha ostida qolayotgani nazarda tutilsa, Qozog’istonda namoyishlar yana boshlanishi ehtimoli yo’q emas.
Qozoq muxolafati namoyishlar chaqirg’i bo’yicha yakdil emas, ayrim guruhlar saylovni boykot qilish taklifi bilan chiqqan. Ammo muxolifat saylovning raqobatdan, demokratik tamoyillardan uzoqligi bo’yicha hamfikr.
“Xalq tanlovi” partiyasi yetakchisi Erjan Turg’unbayga ko’ra, qo’g’irchoq muqobil nomzodlar bilan saylov o’tkazayotgan To’qayevning g’alabasi shubhasiz:
“To’qayevning g’alabasiga hech kim, hatto saylovda prezidentlik uchun kurashayotgan muqobil nomzodlar ham shubha qilayotgani yo’q. Bu nomzodlarda prezidentlik uchun kurashish niyatining o’zi ham yo’q, ular To’qayev g’alabasi uchun harakat qilishadi. Saylov shunchaki spektakl bo’lishi boshidanoq aniq edi. Aholini norozilik namoyishlariga chaqirishdan natija bo’lishiga ham ishonmayman, chunki qozoq xalqi charchagan, ayniqsa yanvar oyidagi xunrezliklar ortidan. Bu qonli voqealar bo’yicha adolat hali tiklanmadi, tiklanmaydi ham. Qozog’istonda muxolif partiyalarga ruxsat berilmas ekan, adolatli saylovlar kutish mumkin emas. Saylov Nazarboyev davrida qanday o’tkazilgan bo’lsa, To’qayev ham shu an’anani davom ettiryapti. Konstitutsiyaga munosabat ham xuddi shunday, yetti yil o’tib konstitutsiya yana uning xohishiga qarab o’zgartirilishi mumkin”, - deydi Erjan Turg’unboy.
Qosim-Jo’mart To’qayev Qozog’istoning ikkinchi prezidenti, mamlakatni 30 yilga yaqin boshqargan Nursulton Nazarboyev tavsiyasiga ko’ra 2019 yilda hokimiyatga keldi.
Avval boshda Nazarboyevlar sulolasi tomonidan vaqtincha tanlangan nomzod deb ko’rilgan To’qayev qudratga kelishidan ko’p o’tmasdan Nazarboyevlar oilasini siyosiy maydondan chetlatishga, o’z hokimiyatini mustahkamlashga erishdi.
Bunga yanvar oyida Qozog’istonda kuzatilgan, Nazarboyevlarning hokimiyatdan mutlaq ketishi talab qilingan ommaviy namoyishlar turtki bo’ldi.
Norozilik miqyosi mamlakat bo’ylab yoyilar ekan, Nursulton Nazarboyev egallab turgan lavozimi – Qozog’iston xavfsizlik kengashi raisligidan, iqtidordagi partiya rahbarligidan iste’foga chiqarildi, vakolatlari olindi. Nazarboyev oilasi vakillari ham hokimiyatdan chetlatildi, ayrimlari hibs qilindi.
To’qayev bevosita Nazarboyevni ayblamagan bo’lsa-da, uning rahbarligidagi boshqaruvni keskin tanqid ostiga oldi, “Yangi Qozog’iston” shiori ostidagi islohotlar davrini e’lon qildi.
“Bular hammasi xalqni chalg’itish uchun qilingan o’yinlar, aslida To’qayev ham Nazarboyev rejimining sodiq vakili. To’qayev qudratda qolar ekan, bu rejimda ham, mamlakatda ham hech qanday o’zgarishlar bo’lmaydi”, - deydi Erjan Turg’unboy.
20-noyabr kuni qozog’istonliklar muddatidan avval yangi prezident saylashadi. Saylovda iqtidordagi Prezident To’qayev bilan birga yana besh nomzod prezidentlik uchun kurashadi.
Facebook Forum