Xitoy yadro arsenalini oshirishga zo’r bermoqda. Pentagonning Kongressga qilgan yillik hisobotida aytilishicha, 2035-yilgacha Xitoy yadro kallakchalari taxminan 1500 donaga yetishi mumkin. Hisobot “Xitoy harbiy qudrati” deb nomlanadi.
Pentagon tayyorlagan so’nggi hisobotga ko’ra, Xitoy ikki yilda yadro arsenalini salkam ikki baravar oshirib, yadro kallakchalari sonini 400 tadan ko’paytirgan.
Hisobotda shuningdek aytilishicha, Pekin o’tgan yili sinov va mashg’ulotlar doirasida taxminan 135 ta ballistik raketa uchirgan. Buning qolgan barcha davlatlar shu davr mobaynida uchirgan ballistik raketalar umumiy sonidan ko’p ekani aytilmoqda.
“Xitoy raketa arsenali salohiyatiga e’tibor bersangiz, hayajon bosishi aniq”, - deydi vashingtonlik ekspert Bredli Bauman.
Pentagon Xitoyni asosiy raqib deb ataydi.
“Xitoy geosiyosiy tomondan Amerikaga jiddiy tahdid solish salohiyatiga ega yagona mamlakatdir”, - deydi AQSh bosh harbiysi general Mark Milli.
“Xitoyning harbiy qudrati” deb nomlanuvchi hisobotda aytilishicha, Xitoy tomonidan AQSh va uning mintaqadagi ittifoqchilariga nisbatan xavfli va noprofessional harbiy muomala kuchaygan. Ayniqsa Tayvan oroliga nisbatan, deydi tahlilchi Bauman.
“Xitoy Tayvanga qarshi harbiy kuch qo’llash fikridan qaytgani yo’q, bunday qilmasliklarini ochiqchasiga rad etishdi va Tayvanga qarshi hujum boshlashga hozirlanayotgan bo’lishlari mumkin”, - deydi ekspert.
Shu bilan birga Pentagon ehtimoliy hujum yaqin kelajakda bo’lmasligini taxmin qilmoqda.
“Bosqin muqarrarligiga bizda ishonch yo’q”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Pet Rayder.
Vazirlik vakillaridan birining aytishicha, avgust oyida AQSh Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifi ketidan Xitoyning Tayvan atrofidagi harbiy faolligi oshgan, harbiy mashg’ulotlar o’tkazilmoqda, raketalar uchirilyapti. So’nggi paytda faollik ko’lami bir oz susaygan bo’lsa-da, to’xtagani yo’q, deydi bu rasmiy.
Unga ko’ra, Pelosining tashrifidan oldin Xitoyning bunday amaliyotlari onda-sonda o’tkazib turilardi.
Xitoy Mudofaa vaziri Vey Fenxening o’tgan hafta Kambodjada amerikalik hamkasbi Lloyd Ostinga aytishicha, Pekin Tayvanni “qizil chiziq” deb biladi.
Xitoy yaqinda AQSh harbiy kemasining Janubiy Xitoy dengiziga kirganiga keskin norozilik bildirdi.
AQSh rasmiylariga ko’ra, kema yiliga trillionlab dollarga teng yuk o’tadigan dengizga erkin harakatlanish amaliyotini targ’ib qilish maqsadida kirgan.
“Matbuotda Xitoy kemamizni hududdan chiqarib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu yolg’on. Xalqaro qonunchilik doirasida dunyoning istalgan nuqtasida suzishda, uchishda va harakatlanishda davom etamiz”, - deydi general Pet Rayder.
Xitoy dengizning aksariyatini o’z hududi deb biladi va xalqaro sudning Xitoy da’volarining asossiz ekani haqidagi qarorini inkor etib keladi.
Facebook Forum