Oyga so’nggi bor odam oyog’i tekkaniga yarim asrdan oshdi. Qimmatbaho avtomobil brendi kosmosda ishlatiladigan yadro reaktorini yaratmoqchi. Bu orada “NASA”ning “Orion” kapsulasi yerga qaytmoqda. Haftaning fazoga oid muhim yangiliklari shulardan iborat.
“NASA” astronavtlari Josh Kassada va Frank Rubio bu hafta Xalqaro fazo markazining elektr ta'minotini yangiladi. Ular stansiya tashqarisida yetti soatdan ko'proq vaqt o’tkazib, oltita yangi quyosh panelini o'rnatdi. Bu uskunalar fazo markazi oladigan elektr quvvatini 30 foizga oshirishi kutilyapti.
Bu olti oylik missiya bilan koinotda bo‘lib turgan Kassada va Rubioning ikkinchi bor fazo markazidan tashqariga, ochiq kosmosga chiqishi. “NASA” tarixida esa bu 256-kosmik sayrdir.
Bu orada “NASA”ning sinov parvozini amalga oshirgan “Orion” kapsulasi yerga qaytmoqda. Yerdan 450 ming kilometr uzoqlikdagi masofa bilan yangi rekord o'rnatgan fazo kemasi yakshanba kuni Tinch okeaniga tushdi. Shu bilan “NASA”ning “Artemida - 1” missiyasi yakunlandi va endi “Artemida – 2” va “Artemida - 3” parvozlari uchun tayyorgarlik boshlanadi. “Artemida” dasturi Oy sathiga odamlarni qayta olib chiqish va u yerda doimiy baza qurishni maqsad qilgan.
“Apollon - 17” missiyasiga 50 yil to’ldi. 1972-yil 7-dekabrda “NASA”ning uchta astronavti - Yujin Sernan, Xarrison Shmitt va Ron Evans Floridadagi Kennedi kosmik markazidan Oyga uchgan edi.
Uch kundan keyin ular Oy orbitasiga yetib borishdi. Keyin Sernan “Challenger” kosmik raketasini Oy vodiysiga qo’ndirdi. U va Shmitt Oyda uch kundan ko'proq vaqt o'tkazdi. Deyarli to'liq bir kun raketadan tashqarida sayr qilishdi. Missiya besh kundan keyin yerga qaytib keldi.
“NASA” 2025-yilda “Artemida – 3” missiyasi orqali odamlarni yana Oy yuzasiga qaytarmoqchi.
Hashamatli avtomobil ishlab chiqaruvchi “Rolls-Royce” firmasi yadroviy mikroreaktor ishlab chiqarishni loyihalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu qurilma “NASA”ning Oyda qurilishi rejalanayotgan bazasiga quvvat, issiqlik va Marsga bo'ladigan sayohat uchun esa yoqilg’i tayyorlab berishi mumkin.
"Agar menga ikki yil oldin Oyda ishlatiladigan reaktorni loyihalaymiz, deb aytganingizda, esingiz joyidami, degan bo’lardim. Ammo texnologiya rivojlanib boryapti, Oydagi minerallar va alternativ planetalar, hatto boshqa sayyoralarda yashash haqida gapirishni boshladik. Shu bois bunday tadqiqotlar muhim. Bu hozircha g’oya, lekin juda qiziqarli”, - deydi kompaniya rasmiysi Abi Kleyton.
O'zining reaktiv dvigatellari bilan mashhur bo'lgan bu kompaniya 60 yildan ziyod Buyuk Britaniyaning yadroviy suv osti kemalari flotini zarur texnik qismlar bilan ta’minlab keldi.
“Rolls-Royce” bu tajribani endi zamonaviy kosmik poygada ham qo’llashni umid qilmoqda. Kompaniyaning ta'kidlashicha, uning reaktorlari o’zidan zararli gaz chiqaradigan dizel generatorlari o'rnini bosib, Yerdagi iqlimni yaxshilashga ham hissa qo’shadi.
Lavhamizni su hafta yuz bergan go’zal kosmik hodisani namoyish qilish bilan yakunlaymiz. Bu tasvir Pensilvaniyaning Pitsburg va Ogayoning Klivlend shahalaridagi xavfsizlik kameralariga tushib qolgan. Amerika Meteorlar Jamiyatining ta'kidlashicha, dekabr oyining birinchi yarmida bunday hodisalar ko’p yuz berishi taxmin qilinmoqda. “NASA”ga ko’ra, yilning shu davrida soatiga 150 ta meteorni ko’rish mumkin.
Facebook Forum