Kaliforniyada 3 kunda 2 ta ommaviy otishmaning sodir bo’lgani qurol nazoratiga doir munozaralarni avj oldirdi. Prezident Jo Bayden bunga doir choralarni o’z ichiga olgan qonunni qayta qabul qilish harakatlarini qo’llab-quvvatlamoqda. Hujjat hujumkor qurollar savdosini man qiladi. 1994-yilgi qonun 10 yil amal qildi, xolos.
Qurolga egalik huquqini himoya qiluvchi respublikachilar Vakillar palatasida ustun, Oliy sudda esa konservativ qozilar ko’pchilikda ekan, Amerikada qurol savdosini kuchliroq nazorat qilish harakatlari hozircha ish bermasligi aytilmoqda.
Kaliforniyaning Monterey Park shahrida xitoycha Yangi yilni nishonlayotgan osiyolik amerikaliklar hujumga uchrab, kamida 11 odam o’lishi ketidan shtatning Xaf Mun Bey shahridagi fojia 7 odamni hayotdan olib ketdi.
“Biz bunga jiddiy yondashib, mamlakatda birinchi bo’lib hujumkor qurollar va katta magazinlar savdosini man qildik, o’q-dori sotib olmoqchi bo’lgan xaridorlarni tekshirishni yo’lga qo’ydik, qurolli zo’ravonlikning oldini olishga qaratilgan chora va qonunlar qabul qildik, ammo federal hukumat bunday qilmadi”, - deydi Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom.
Hokimning aytishicha, quroldan eng ko’p o’lim hollari bo’yicha Amerika dunyoda birinchi o’rinda turadi.
“Bunday qirg’inni, bunday tartibsizlikni, jamoalar va insonlar hayotiga bu kabi vayronagarchiliklarni faqat Amerikada ko’rish mumkin. Eng ko’p qurol faqat Amerikada, quroldan eng ko’p o’lganlar ham Amerikada”, - dedi Kaliforniya hokimi.
Kaliforniya harbiy uslubdagi hujumkor qurollarni sotish yoki saqlashni man qilgan 10 shtatdan biridir. AQSh Senatida Kaliforniyadan demokrat vakil Dayan Faynstayn hujumkor qurollar va ko’p sig’imli magazinlarga taqiq qo’yishni hamda qurol sotib olish uchun minimal yoshni 21 ga ko’tarishni ko’zda tutgan federal qonun loyihasini taklif etdi. Uning muallifligida yaratilgan o’xshash hujjat 1994-yilda qabul qilinib, 2004-yilda o’z kuchini yo’qotgan edi. O’sha paytda senatorlik qilgan Bayden unga ovoz bergan edi.
“Prezidentimiz va senator Faynstayn rahbarligida qabul qilingan hujumkor qurollarni man qiluvchi eng so’nggi qonun sabab ommaviy otishmalar kamayib ketgan edi. Respublikachilar qonun muddatini uzaytirishdan bosh tortishi natijasida ommaviy otishmalar uch karra ko’paydi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.
Respublikachilar Vakillar palatasida son jihatdan ustun ekan, ushbu qonunning qabul qilinishi amri mahol.
Ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, aksariyat respublikachi saylovchilar Konstitutsiyaning ikkinchi tuzatishida belgilangan qurolga egalik qilish huquqining cheklanishiga qarshi. Nyu-Yorkda qurol xavfsizligiga doir qonunni iyun oyida bekor qilgan Oliy sudda ko’pchilikni konservativ sudyalar tashkil etishini hisobga olganda boshqa shtatlarda qurol savdosini cheklaydigan o’xshash qonunlar ham bekor qilinishi mumkin.
“Qurolga doir qonun qabul qilinmas ekan va eng muhimi, Oliy sud qurol xavfsizligi harakatini halokatli tarzda izdan chiqarayotgan bir paytda hech narsa o’zgarmaydi”, - deydi Vanderbilt universitetidan sotsiolog Jonatan Metsl.
AQShda yil boshidan beri 40 ta ommaviy otishma ro’y bergan. Kongress buning oldini olishga ojizlik qilarkan, Bayden prezident farmonlari orqali qurol zo’ravonligini tushirishni ko’zlamoqda, biroq Bayden Oq uydan ketishi bilan yangi rahbar ularni bekor qilishi mumkin.
O’tgan yil iyunida prezident har ikki partiya qonunchilari tashabbusi bilan tayyorlangan qurol xavfsizligiga doir qonun loyihasini imzoladi. Hujjat 21 yoshgacha bo’lgan qurol xaridorlarini tekshirish qoidasini kuchaytirdi, shtatlarda o’zi va atrofidagilarga tahdid deb bilingan odamlardan qurollarni olib qo’yishga qaratilgan qonunlarni qabul qilish imkoni paydo bo’ldi.
AQSh Maxfiy xizmati bugun chop etgan hisobotdan ma’lum bo’lishicha, 2016-2020-yillarda mamlakatda sodir bo’lgan ommaviy otishmalarning yarmiga bunga qo’l urgan odamlarning shaxsiy hayoti, oilasi va ishidagi bahsu munozaralar sabab bo’lgan.
70 sahifalik hisobotda ommaviy qotillarning aksariyati erkaklar ekani, ko’p hollarda ular ruhiy kasal bo’lgani, moliyaviy muammolar bilan yuzlashgani, oilada zo’ravonliklarga qo’l urgani aytiladi.
Facebook Forum