Breaking News

Hindiston aholi soni bo'yicha Xitoyni ortda qoldirmoqda


Joriy yil Hindistonda tug’ilajak chaqaloqlar vatanini dunyoning eng ko’p aholiga ega davlatga aylantiradi. Xitoy aholisi qisqargani haqida bayonot bergani - bu ko’rsatkich allaqachon qayd etilganini anglatishi mumkin.

“Kutilmagan yangilik emas. 2027-yilda aholi soni Xitoynikidan oshishini bilar edik. Xitoy aholisi qisqargani jarayonni tezlashtirdi”, - deydi Hindiston Aholi fondi rahbari Punan Muttrija.

BMT ma'lumotlariga ko'ra, Hindiston aholisi 2023-yilda Xitoynikidan oshib ketadi
BMT ma'lumotlariga ko'ra, Hindiston aholisi 2023-yilda Xitoynikidan oshib ketadi

Har ikki mamlakatda qariyb 1,4 milliard aholi yashaydi. Biroq Hindiston aholisining Xitoynikidan oshib ketishi shunchaki statistik raqam emas – bu mohiyatan muhim demografik siljish. Xitoy aholisi ham qisqarib, ham keksayib borar ekan, Hindinston aholisining deyarli yarmi 25 yoshdan kichiklar. Dunyoning ko’plab mamlakatlari keksayib borayotgan bir paytda bu yoshlar avlodi katta kuch manbai.

“Biz yirik iste’mol bozori, shingdek, malakali ishchi kuchini yetkazib beruvchilarmiz”, - deydi sobiq saylov komissiyasi raisi S. Y. Qurayshiy.

Biroq raqamlar xavotirga molik – Hindistonda mehnatga layoqatlilar soni joriy o’n yillik so’ngida 1 milliardga yetadi. Bu shundoq ham Ishsizlik darajasi yuqori bo’lgan mamlakatda yoshlarni tashvishga solmoqda.

“Odam ko’p, ish kam, raqobat kuchli”, - deydi talaba Anmol Jain.

Ayrimlar nazdida, yoshlar jadallik va imkoniyatlar negizi.

“Yoshlarda g’oyalar ko’p. Tadbirkorlik masalaga yechim. Menda g’oya bor, kapital yo’q. Biroq yosh avlod o’z g’oyalari bilan vaziyatdan chiqadi”, - deydi Aren Gulya.

Ekspertlarga ko’ra, bunday potensialga erishish uchun siyosatchilar ta’lim sifatini oshirishi kerak – mamlakatda ishchi kuchining besh foizigina rasman malaka kurslaridan o’tgan.

“Oldimizda ikki yechim bor: Biri yosh avlodga munosib ta’lim berish, ikkinchisi, yetarli malakasi bo’lmaganlarni qayta tayyorlash. Bularni amalga oshirmasak, ijtimoiy ixtilof kuchayadi, ishsiz, umidsiz, g’azabnok yoshlar ko’payadi”, - deydi Muttrija.

Talabalar mamlakatning o’sayotgan iqtisodidan naf ko’rish uchun zarur bilim bilan qurollanishni istaydi.

“Bizga actual malaka kerak, kollejdagi darslarimiz kasbimizga monand emas”, - deydi talaba Ishita Sud.

Biroq Hindistonda yosh avloddan iqtisodiy dividend olish uzoqqa cho’zilmaydigan ko’rinadi. Garchi aholining o’sish tendensiyasi yana uch o’nyillik davomida saqlanib qolsa-da, fuqarolarda kamroq farzand ko’rishga moyillik yuqori. Keyin Hindiston ham Xitoy kabi keksaya boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG