Breaking News

"Boing" kompaniyasi afsonaviy "747" samolyotini ishlab chiqarishni to'xtatdi


Afsonaviy "Boing - 747" samolyotining tarixi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:27 0:00

AQShning “Boing” aerokosmik kompaniyasi shu hafta o’zining afsonaviy “747” samolyotini so’nggi bor xaridorga yetkazib berdi. Bu aviatsiya tarixida o’ziga xos kun sifatida eslanadi.

Rahbarlar, mijozlar va xodimlar “Boing” kompaniyasining Vashington shtati Everet shahridagi zavodida yig’ilib, “Osmonlar malikasi” deb atalgan “747” rusumidagi samolyotning so’nggi nusxasi bilan xayrlashdi. Havo kemasi “Atlas Air” yuk kompaniyasiga topshirildi.

“Biz kitobni yopmayapmiz, balki yangi sahifa ochyapmiz. Bu yangi bir bosqich. Bu “747”ning hayoti endi boshlanyapti. Samolyot hali o’n yillab xizmat qiladi”, - dedi “Boing” bosh ijrochi direktori Stan Dil.

“Parvoz ortida ilm-fan turishini bilsangiz ham, “747”ning havoga ko’tarilishi hech narsaga o’xshamaydi. Bu yerda sehr ham bor”, - deydi aktyor va pilot Jon Travolta.

Xodimlar uchun samolyot bilan xayrlashish og’ir. Umar Ismoil Xorun so’nggi nusxa ustida ishlagan xodimlardan.

“Ruhan o’zimni yomon his qildim. Chunki juda mukammal, ajoyib samolyot. Menga yoqadi. Ayni paytda bu kompaniyaning qarori, unga rioya qilishimiz kerak”, - deydi u.

Ilk bor 1969-yilda parvoz qilgan samolyot avvalgi rusumlardan ikki barobar kattaligi bilan aviatsiya tarixida yangi davrni boshlab bergan edi. Yujin Vezetti “747”da uchgan ilk pilotlardan.

“Pen Em “Boing”ga kelganda, har bir o’rin bo’yicha safar xarajatlarini qisqartirish uchun katta samolyotga ega bo’lishni xohlashdi. Shu tariqa “Boing” 360 dan ortiq o’ringa ega “747”ni qurishga qaror qildi. Bitta samolyotga ko’proq passajir sig’ishi bois bu narsa aeroportlardagi tirbandlikni ham kamaytiradi, deb o’ylashdi”, - deydi sobiq pilot.

Keyingi 55 yil davomida “Boing” yuzlab “747”larni ishlab chiqardi. Bu samolyot Amerika prezidentlarini tashidi, Jeyms Bond filmlarida suratga tushdi. Yuk havo kemasi sifatida hatto akula va Xitoyning ko’hna tarakota jangchi haykallarini tashidi.

U AQSh havo kuchlari safida ham xizmat qildi. Hajmining kattaligi bois “NASA”ning kosmik kemalarini fazoga olib chiqdi.

Oddiy yo’lovchilar uchun esa safarni kamxarf va qulay qilishda yordam berdi.

“Men hozir ilk ishlab chiqarilgan “”747”ning tepa qismida turibman. U 1969-yil 9-fevralda parvozini boshlagan. Tepa qismi 70-yillardagi sayohatchilar uchun lyuks joy bo’lgan. Bu esa favqulodda chiqish eshigi. Bu joydan yergacha bo’lgan masofani o’ylab ko’ring endi”, - deydi Vezetti.

Samolyotning dizayni ham o’ziga xos bo’lgan.

“To’rtta motor qo’shimcha xavfsizlik garovi hisoblanadi. Bitta, ikkita va hatto uchta motor ishlamay qolsa ham, to’rtinchisi bilan ucha olgan”, - deydi u.

Bugun yuzlab “747” samolyotlari dunyo bo’ylab xizmat qilmoqda. Aksariyati yuk tashish bilan band.

“Boing” yetakchilariga ko’ra, kompaniyaning boy tarixi yangi innovatsiyalarga ilhom beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG