Ukraina qarshi hujumga tayyorlanayotganiga doir ma'lumotlar manzarasida Rossiya Qrim mudofaasini jiddiy kuchaytirmoqda.
Qrimning Moskva tomoni tayinlagan rahbari Sergey Aksenov kuni kecha yarimorol Ukrainaning qarshi hujumiga tayyor ekanligini aytdi.
Sergey Aksenovga ko'ra, Qrimda "zamonaviy, mukammal mudofaa tizimi" yaratilgan; Ukrainaning ehtimoliy hujumini qaytarish uchun yetarli miqdordagi qo'shin va harbiy texnika mavjud.
"Biz dushmanni ojiz hisoblamaymiz, ammo shuni aniq aytishim mumkinki, Qrim mudofaasiga tayyormiz, hech qanday inqirozli holat kutilmaydi", - degan Sergey Aksenov.
Bu bayonot Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Kiyev Rossiya 2014-yilda ishg'ol qilgan yarimorolni qaytarish qarorida qat'iy ekanligini tasdiqlashi ortidan kuzatilmoqda.
Aksenov Qrim mudofaasiga tayyorgarlik boshlanganini noyabr oyida e'lon qilgan, fevralda esa Putin ishtirokidagi xavfsizlik majlisida mudofaa tizimi aprelda yakunlanishi aytilgan edi.
Matbuotda e'lon qilingan sunʼiy yoʻldosh suratlarida Qrim va Ukrainaning asosiy hududi kesishmasidagi Medvedovka shaharchasi atrofida xandaqlar qazilganini,turli mudofaa istehkomlari qurilganini ko'rish mumkin.
Bu Rossiya Ukrainaning qarshi hujumini aynan shu yo'nalishda kutayotganidan darak beradi.
Harbiy ekspertlar ob-havo yaxshilanib, yer sathi qurishi ortidan G'arbning zamonaviy texnikasi bilan qurollangan, NATO standartlariga moslashayotgan Ukarina armiyasi tashbbusni o'z qo'liga olishini kutishmoqda.
Ukraina armiyasi Rossiya va Qrimni bog'lab turgan quruqlik yo'lini qirqishga urinishi, bu esa Rossiya qo'shinlarini ikkiga bo'lib qo'yishi taxmin qilinyapti.
Ammo hozircha Kiyev uchun Rossiya qo'shinlarini siqib chiqarish muammoligicha turibdi.
Ukraina qarshi hujumga o'tgan taqdirda ham zirxli texnika mina maydonlariga, avvaldan tayyorlangan xandaqlarga duch keladi, bu rus qo'shinlari mudofaasini ham kuchaytiradi.
Rossiya Ukrainada ishg'ol qilgan so'nggi hududlarini Kiyev ham tan olishini istamoqda, Kiyev esa ishg'ol qilingan barcha hududlarni ozod qilish qarorida qat'iy, bungacha Moskva bilan muzokaralarga o'rin yo'q deb hisoblaydi.
Urush hozir aynan shunday bir vaziyatda turibdi, Rossiya armiyasi Ukraina hududlarini nishonga olishda davom etyapti, bu zarbalardan tinch aholi halok bo'lmoqda. Ukraina shaharlari va qishloqlari vayron qilinmoqda.
Yaqinda Kiyevdagi Sud ekspertizasi ilmiy tadqiqot instituti Qrim ishg'oliga doir o'tkazgan tadqiqoti natijalarini e'lon qildi.
Bu tadqiqotda ishg'ol natijasida Rossiya tomonidan Ukrainaga yetkazilgan zarar miqdori 106 milliard dollarga yaqin baholangan.
Facebook Forum