Turkiyada prezident va parlament saylovlariga 3 kun qolganda to’rt nomzoddan biri Muharram Inje poygadan chiqdi. So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, saylov bugun o’tkazilsa, amaldagi prezident Rajab Toyib Erdog’an 43,7 foiz, uning asosiy raqibi, birlashgan muxolif blokdan nomzod Kamol Qilichdoro’g’li salkam 50 foiz ovoz olgan bo’lardi. So’ralganlarning 2,2 foizi Injeni qo’llab-quvvatladi.
Kuzatuvchilar ikki asosiy nomzod o’rtasidagi tortishuv taqdiri 28-mayga belgilangan ikkinchi bosqichda hal bo’lishini bashorat qilmoqda.
Erdog’an yakshanba kuni Istanbuldagi namoyishda muxolif blokga kirgan partiyalarni “lgbtchilar” deb atadi.
Bugun esa Anqaradagi namoyishda Erdog’an Inje poygadan nega chiqganini bilmasligini va bundan afsusda ekanini aytdi. Inje qolgan uch nomzoddan kimni qo’llab-quvvatlashini hozircha aytmadi.
Saylovga oz qolganda Erdog’an ham, Qilichdoro’g’li ham kurdlar ovozlarini olishga umid qilmoqda. Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi asosan kurdlar yashovchi va besh yil oldin Turkiya armiyasi va bo’lginchi Kurdiston ishchilar partiyasi o’rtasida jang maydoni bo’lib xizmat qilgan Diyorbakir shahriga tinchlik va’da qilmoqda.
Biroq hukumatning terrorga qarshi kurashi doirasida kurdlarga xayrixoh partiyaga mansub ko’p hokimlar, jumladan Diyorbakir hokimining lavozimidan olingani, fevral oyidagi zilzila hamda iqtisodiy tanazzul Erdog’an va partiyasining saylovda g’alaba qozonish ehtimoliga zarba berdi.
“Jiddiy iqtisodiy inqiroz, demokratiyadan chekinish, asosiy erkinliklar va huquqlarning cheklanishiga guvohmiz. “Adolat va taraqqiyot” partiyasi kurdlar masalasida demokratlashtirish jarayonidan voz kechdi. Natijada kurdlarning AKP ga xayrixohligi so’ngan”, - deydi siyosiy tahlilchi Vahob Jo’shqin.
Erdog’an kurdlar ovozlarini olish maqsadida radikal islomiy partiya hisoblangan “Huda Par” partiyasi bilan saylovdan oldin ittifoq tuzdi. Guruh Turkiya hukumati tomonidan man qilingan qurollangan kurd Hizbullohi tashkilotiga aloqadorlikda gumon qilinadi. Bunday ittifoq Erdog’anga saylovda foyda keltiradimi yoki zarar, hozircha aytish qiyin.
“Huda Par” “Hizbulloh” guruhini himoyalovchi bayonotlardan voz kechgani yo’q, hatto uni himoya qiladi. “Huda Par” kurdlar partiyasi, faoliyatini kurd partiyasi sifatida olib boradi. O’tmishda jiddiy qatliomlarga qo’l urgani haqida gaplar bor”, - deydi “Mesopotamiya agentligi” bosh muharriri Arjin Dilek O’njel.
Partiya bunday da’volarni rad etadi, o’zini “tinchlik partiyasi” deb atab, unga qarshi tanqidlarning asossiz ekanini ta’kidlaydi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’anning “Huda Par” bilan ittifoqi ba’zi saylovchilarni hukmron partiyadan uzoqlashtirishi mumkin.
Facebook Forum