Vashington 14-may kuni Turkiyada bo’ladigan saylovlarni yaqindan kuzatmoqda. Ayni paytda ekspertlar saylov natijalarining AQSh-Turkiya aloqalariga qanday ta’sir qilishini o’rganmoqda.
Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda Turkiyaning AQShdan “F-16” qiruvchi samolyotlarini sotib olish soʻrovidan tortib, AQShning Suriyadagi kurd guruhlari bilan hamkorligigacha bo’lgan turli bahsli masalalar bor. Tomonlar orasida Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar hamda NATOni kengaytirish kabi bir qator mavzularda kelishmovchiliklar ham mavjud.
Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining shu oyda e’lon qilgan saylov rejasida AQSh bilan strategik aloqalar mexanizmini kuchaytirish, “Xavfsizlik ustuvorliklari, ayniqsa, kurdlarning YPG guruhi, FETO va sanksiyalar masalalari bo’yicha aniq qadamlar tashlanishini ta’minlaymiz” degan so’zlar qayd etilgan.
Muxolifat blokini tashkil etuvchi Millatlar ittifoqi qo'shma siyosat memorandumida esa Qo'shma Shtatlar bilan ittifoqchilik munosabatlari "teng huquqlar va institutsional, o'zaro tushunish asosida" kengaytirilishi lozimligi ta’kidlanadi. Guruh, shuningdek, Turkiyani AQSh bilan birga “F-35” qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish loyihasiga qaytarishni maqsad qilgan.
Saylovdan keyin Turkiya “F-35” dasturiga qaytishi mumkinmi?
AQSh Mudofaa vazirligining Yevropa va NATO siyosati uchun mas’ul sobiq muovini Jim Taunsendning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, saylovda kim g'alaba qozonishidan qat'i nazar, “F-35” loyihasiga qaytish uchun, avvalo, Rossiyadan sotib olingan “S-400” mudofaa tizimi bilan bog’liq kelishmovchilik hal qilinishi kerak.
“Saylovda kim g’olib chiqsa ham, “S-400”larni olib tashlash yoki ularni “F-35” signallarini tuta olmaydigan qilish bo’yicha yechimga erishilishi kerak. Eng katta muammo Turkiyada “S-400”larning mavjudligi. Bu muammo hal etilsa, Turkiya yana dasturga kirishi mumkin”, - deydi u.
Millat ittifoqining Turkiyani “F-35” loyihasiga qaytarish rejasida”S-400” muammosini qanday hal qilish haqida batafsil ma'lumot yo'q.
Amerika taraqqiyoti markazining Turkiya bo’yicha eksperti Alan Makovskiy fikricha, muxolifat anglashuv memorandumida “S-400” haqida aniq eslatib o'tilmagan bo'lsa-da, “F-35” loyihasiga qaytish maqsad sifatida tilga olingan.
“F-35” loyihasiga qaytish bo’yicha umidvor va biroz noaniq til ishlatilmoqda. “S-400” muammosi hal etilmaguncha, buning iloji yo’qligini hamma allaqachon biladi”, - deydi ekspert.
AQSh Kongressidagi muhit yaxshilanadimi?
17-aprel kuni Bayden ma'muriyati Turkiyaning “F-16” floti uchun dasturiy ta'minot va ba’zi qismlarni yangilashni nazarda tutuvchi tor doiradagi modernizatsiya dasturiga ruxsat berdi.
Turkiyaning yangi “F-16” qiruvchi samolyotlarini sotib olish va 80 ga yaqin modernizatsiya to'plamlariga bo’lgan ehtiyojini qondirish masalasi esa hanuz mavhum. Chunki AQSh Kongressi bunga e'tiroz bildirishda davom etmoqda.
“Reuters” agentligi xabariga ko’ra, Kongress a'zolari savdoni ma’qullashi uchun Turkiyadan kafolatlar kutmoqda: Suriya shimolida harbiy amaliyotlarni to’xtatish, Gretsiya bilan ziddiyatlarni toʻliq bartaraf etish hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish shular jumlasidan.
Turkiyadagi saylovlardan keyin hukumat oʻzgarsa, AQSh Kongressidagi kayfiyat qaysi tomonga burilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Jim Taunsendning aytishicha, bu tomonlarga oʻzaro muloqotni yangilash imkoniyatini beradi.
"Demokratiya va huquq sohasida o’zgarishlar bo'lishi shart"
Turkiya bo’yicha mutaxassis Alan Makovskiyga ko’ra, AQSh Kongressida Turkiyaga nisbatan munosabatni o'zgartirish uchun saylovdan keyin tuziladigan yangi hukumat inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi kabi sohalarda jiddiy qadam tashlash kerak.
“Agar muxolifat saylovda g‘alaba qozonsa, bu G‘arbda ijobiy taassurot uyg‘otadi. Agar ular inson huquqlari sohasidagi va’dalarini va Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudining qarorlarini amalga oshirishni boshlasa, bu AQSh Kongressida ham o‘z aksini topadi", - deydi ekspert.
Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi tadbirkor Usmon Kavala va HDP sobiq hamraisi Selahattin Demirtoshni ozod qilish haqida qaror chiqargan edi. Yevropa Inson huquqlari konvensiyasiga aʼzo boʻlgan Turkiya, shu paytgacha bu sud qarorlarini bajarishdan bosh tortib kelmoqda.
Millatlar ittifoqi koalitsiyasidan prezidentlikka nomzod Kemal Kilichdarog'lu maslahatchilaridan biri Unal Cheviko'zning aytishicha, agar ular hokimiyatga kelsa, sud qarorlarini amalga tatbiq etadi.
"Gretsiya bilan ixtilofsiz munosabatlar Kongress uchun muhim"
Mutaxassislarga ko'ra, AQSh Kongressi saylovdan so'ng ishga kirishadigan yangi hukumatdan Turkiyada katta vayronagarchiliklarga sabab bo'lgan zilzilalardan keyin Gretsiya bilan iliqlashgan munosabatlarni shu tarzda davom ettirishini istaydi.
"Egey dengizida bir necha oy xotirjamlik hukm sursa, inson huquqlarida ijobiy o’zgarish yuz bersa va G'arbga nisbatan kamroq provokatsion ohangda bayonotlar chiqsa, Kongress hech bo'lmaganda birinchi oylarda Turkiyaga yangi “F-16” samolyotlarini sotishni ma’qullashi mumkin", - dedi Alan Makovskiy.
Amerikalik ekspertning bashorat qilishicha, oʻzaro xayrixohlik saylovdan keyingi dastlabki bir necha oy ichida barcha murakkab muammolarni hal eta olmaydi, lekin munosabatlarni tuzatish jarayonini boshlab beradi.
AQSh saylovdan keyin Turkiyadan NATO borasida nima kutmoqda?
NATO a'zolari Turkiya va Vengriya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan NATOga a'zolik uchun ariza bergan Finlyandiyaning a’zolik murojaatini ma'qulladi; ammo bir vaqtning o'zida a’zolik uchun ariza bergan Shvetsiyaning murojaati esa hanuz tasdiqlangani yo’q.
AQSh rasmiylari ikki davlatning alyansga qoʻshilishi munosabati bilan NATOning kengayishi iyul oyida Litvada boʻlib oʻtadigan navbatdagi sammitda rasman eʼlon qilinishiga umid qilmoqda.
Istanbuldagi Iqtisodiyot va tashqi siyosat tadqiqotlari markazi (EDAM) rahbari Sinan Ulgen Anqara NATO bo’yicha ko’pchilik yo’lidan yurishiga ishonadi.
“Hokimiyat o'zgaradimi yoki o'zgarmaydimi, qaysidir bir nuqtada Turkiya Shvetsiyaning a'zoligini ma'qullaydi, deb o'ylayman. Agar masala NATO sammitidan tashqariga chiqsa, Turkiyaga bosim kuchayadi. Muxolifat bu borada ancha moslashuvchan bo'ladi. Parlament ruxsatisiz ham Turkiyaning siyosiy irodasi NATO sammiti uchun yetarli boʻlishi mumkin”, - deydi u.
“Nodemokratik davlatlar bilan munosabatlar yuzakilikka mahkum”
Demokratik tamoyillarni qabul qilish Bayden ma'muriyati tashqi siyosatining muhim tarkibiy qismidir. Deyarli barcha darajadagi AQSh rasmiylari NATOni shunchaki harbiy ittifoq emas, balki demokratik davlatlar ittifoqi ekanligini ham ta'kidlaydi.
Turkiya va AQSh o'rtasidagi munosabatlarning Ikkinchi jahon urushidan buyon har ikki tomon uchun ham muhim bo'lgan mushtarak qadriyatlar asosiga qurilganligini ta’kidlagan Jim Taunsend, hokimiyatga kim kelishidan qat’i nazar, " g‘alaba qozongan tomon saylovdan keyin yana shu qadriyatlarga qaytadi”, degan umidda.
Amerikaning milliy manfaatlari uchun ham demokratik, ham nodemokratik davlatlar bilan hamkorlik qilganini ifoda etgan EDAM prezidenti Sinan Ülgen, asosiy farqning bu munosabatlarning chuqurligida ko'rinayotganiga urg'u beradi.
Sinan Ulgen esa AQShning nodemokratik davlatlar bilan munosabatlari yuzaki daraja davom etishini taxmin qiladi.
“Dunyo tizimida o'zingizni qanday tutishingiz muhim. Turkiya o’zini demokratik davlatlar qatoriga qo’shsa, bu nafaqat tashqi siyosatda, balki iqtisodiyot, xorijiy sarmoya va texnologiya yo’nalishlarida ham yaqqol seziladi”, - deydi ekspert.
Facebook Forum