Oq uy Rossiyaning ikki davlat o’rtasidagi yadroviy qurollarni nazorat qilish bo’yicha so’nggi shartnomani to’xtatish qaroriga javoban qarshi choralar ko’rayotgan bo’lsa-da, Moskva bilan bunday qurollarni nazorat qilishning yangi tizimi bo’yicha shartsiz muzokaraga tayyor.
AQSh rahbarining xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Qurollarni nazorat qilish assotsiyatsiyasining yillik yig’inida so’zlab, Rossiya bilan bu mavzuda gaplashish istagini bildirdi.
Fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli Vashington va Moskva o’rtasidagi chuqur keskinlik fonida Prezident Vladimir Putin “Yangi START” bitimining o’zaro tekshiruvlarga oid bandini to’xtatishini bildirgan. Ammo yadroviy qurollar sonini cheklash bandi hamon amalda.
Sallivanga ko’ra, yuqoridagi bitimga Rossiya amal qilsa, AQSh ham amal qiladi. Shu bilan birga, Vashington “Yangi START” muddati 2026-yilda tugashi bilan yadroviy xavfni boshqarish uchun yangi tizim ishlab chiqish bo’yicha muzokaraga tayyor.
Rasmiylarning aytishicha, Bayden ma’muriyati bitim tugaguncha yadroviy kallaklar sonini oshirmaslik qoidasiga rioya qiladi. 2026-yildan keyingi struktura muhokamasini esa Vashington-Moskva munosabatlarining sovuqligi va Xitoyning yadroviy salohiyati oshayotgani murakkablashtirishi aytilmoqda.
Amerika olimlari federatsiyasiga ko’ra, hozir Xitoyda 410 tacha yadro kallagi mavjud. Pentagon taxminicha, ular soni shu o’n yillikda 1000 tagacha, 2035-yilga borib 1500 tagacha oshishi mumkin.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, Xitoy arsenalining hajmi va Pekin mazmunli muloqotga tayyor yoki tayyor emasligi AQShning o’z kuchlarini qanday joylashtirishiga, shuningdek, ruslar bilan har qanday kelishuvga kelish qobiliyatiga ta’sir qiladi.
AQSh-Xitoy munosabatlarini shu yil boshida havo shari bilan bog’liq voqea yanada taranglashtirdi. AQSh uni josuslik vositasi deya urib tushirgan. Ikki davlat, shuningdek, Tayvan maqomi va AQShning ilg’or yarimo’tkazgichlar eksportiga qo’ygan cheklovlari yuzasidan tortishmoqda.
Rossiyaning “Yangi START” bitimida ishtirokini to’xtatishiga javoban, shu hafta Oq uy quyidagi yangi javob choralarini ko’rayotganini ma’lum qildi:
- AQSh raketalar va uchirish qurilmalarining holati va joylashuvi bo’yicha endi Rossiyani xabardor qilib turmaydi
- Sharnomaviy inspektorlar va havo ekipajlariga berilgan AQSh vizalari bekor qilinadi
- Qit’alararo ballistik raketalar va suvosti raketalarini sinovdan o’tkazish bo’yicha Rossiyaga telemetrik ma’lumotlar berish to’xtatiladi
Yil boshida AQSh va Rossiya shartnomada talab qilinadigan yadro qurollari bo’yicha yiliga ikki marta ma’lumot almashishni ham to’xtatgan.
Sobiq prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev 2010-yilda imzolagan ushu hujjatga ko’ra, har bir davlat o’z arsenalini 1550 ta yadro kallagi va 700 ta raketa va bombardimonchi samolyotlar bilan cheklashi kerak, bir-birini tekshirishga ham ruxsat beradi.
Tekshiruvlar pandemiya tufayli 2020-yilda to’xtab qolgan. Ularni davom ettirish bo’yicha muzokaralar 2022-yilning noyabrida bo’lib o’tishi rejalangan edi. Ammo Rossiya AQShning Ukrainaga yordamini qayd etib, muloqotni to’satdan bekor qilgan.
Facebook Forum