Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni munosabati bilan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 20 yil ichida birinchi marta global miqyosda bolalar mehnatidan foydalanish yana oshib borayotganini ma’lum qildi.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab 160 million bola, yaʼni har 10 nafar boladan bittasi bolalar mehnati bilan band. Bu raqamning yarmi qishloq xo‘jaligi, qurilish, tog‘-kon sanoati va uy mehnati kabi bolalar mehnatining eng xavfli turlarini o’z ichiga oladi. XMTning ta'kidlashicha, ko’plab bolalar jismoniy va ruhiy salomatlikka tahdid soladigan, hatto o'limga olib kelishi mumkin bo'lgan xavfli sharoitlarda kam maosh evaziga uzoq soat ishlashga majbur bo’lmoqda.
Bolalar mehnatiga barham berish yoʻlidagi oʻttiz yillik yutuqlardan soʻng, 2016 – 2020-yillar davomida xavfli sharoitlarda ishlaydigan bolalar soni 8 milliondan ortdi, deya xabar beradi xalqaro tashkilot.
O'tgan yili Janubiy Afrikaning Durban shahrida bo'lib o'tgan bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha 5-global konferensiyada faollar 2025-yilgacha bolalar mehnatini butunlay yo’q qilish bo’yicha o’rnatilgan muddat tugab borayotgani haqida ogohlantirdi.
Konferensiya qatnashchilari muammoni hal qilish bo'yicha ko'plab takliflar qatorida bolalarning sifatli ta'lim olish imkoniyatini ta'minlash muhimligini ta'kidladi.
XMT rahbari o’rinbosari Manuela Tomeyning aytishicha, Durbandagi anjumanda "kattalar uchun munosib mehnatni rag'batlantirish bolalar mehnatiga barham berishning kalitidir" degan mujdaga urg’u berildi.
“Dunyoda 244 milliondan ortiq bola va yoshlar hali ham maktabga bormaydi, - dedi u. - Bu bolalarning voyaga yetganlarida munosib ish va yaxshi turmush darajasiga ega bo‘lish imkoniyatlarini keskin yomonlashtiradi”.
XMTning ma’lum qilishicha, mojarolar, tabiiy va texnogen inqirozlar hamda “COVID-19” pandemiyasi so‘nggi bir necha yil ichida ko‘proq oilalarni qashshoqlikka yetaklagan va millionlab bolalarni bolalar mehnatiga majburlagan.
Xabarda yana aytilishicha, Afrikada bolalar mehnati eng ko‘p avj olgan bo‘lib, 72 milliondan ortiq bola, shu jumladan, ularning 31,5 millioni xavfli ishlarda ishlaydi. Osiyo va Tinch okeani mintaqasi ikkinchi o’rinda bo’lib, har uchala hudud global miqyosda ishlaydigan 10 boladan toʻqqiztasini o’z ichiga oladi.
Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Kaylash Satyarti 25 yil oldin bolalar mehnatiga qarshi global marshga rahbarlik qilib, Xalqaro mehnat tashkilotini bolalar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish uchun yanada faolroq bo’lishga undagan edi.
Xalqaro mehnat tashkilotining Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga bag'ishlangan bu yilgi tadbirida so'zlagan nutqida, u hali ham chorak asr avvalgi harakatni yaxshi eslashini aytdi.
"Yuzlab bolalar va ularning tarafdorlari bu binoga kirib, "Kichik qo'llarda boshqa asbob-uskunalar bo’lmaydi. Biz kitoblar istaymiz. Biz o'yinchoqlar istaymiz. Endi bolalar ekspluatatsiyasi yo'q. Biz ta'lim olishni xohlaymiz" deb qichqirishgani haligacha qulog’im ostida”, - dedi u.
Satyarti anjuman qatnashchilariga butun dunyo bo'ylab, ayniqsa, Afrikada bolalar mehnatining o'sib borishi ortida ijtimoiy adolatsizlik va kamsitish turganini aytdi.
“Bugun biz bu yerda o‘tirganimizda, aziz opa-singillarim, 10 000 afrikalik bolalar bolalar mehnatiga jalb qilinmoqda. Afrikada mehnat qilayotgan bolalarning umumiy soni Yevropadagi bolalarning umumiy sonidan ko‘p. Bu qabul qilib bo‘lmas holat", - dedi u.
Uning qo’shimcha qilishicha, agar qashshoqlikning asosiy sabablari bartaraf etilsa, bolalar mehnatiga barham berish mumkinligini o’tgan 30 yillikda qilingan ishlar ko'rsatdi. 45 nafar tinchlik mukofoti sovrindorlari guruhi bolalar mehnatiga qarshi kurashish uchun davlatlardan qo‘shimcha 53 milliard dollar ajratishni talab qilgan.
"Ushbu qo'shimcha pul ta'lim, sog'liqni saqlash va dunyodagi barcha bolalarning himoyasini ta'minlashi mumkin, - dedi u. - Bundan tashqari, bu yangi tug'ilgan chaqaloqlar, onalar va homilador ayollarga ham yordam beradi."
Olimning qo'shimcha qilishicha, "bu summa har yili global darajada qilinadigan 10 kunlik harbiy xarajatdan ham kam".
Facebook Forum