AQSh Mehnat vazirligiga ko’ra, 2015-yildan buyon mamlakatda bolalarni qonunga zid ravishda mehnatga jalb qilish hollari ko’paygan.
“McDonald’s” kompaniyasining Kentukki, Indiana, Merilend va Ogayo shtatlaridagi shirkatlari jarimaga tortildi. Ular 300 dan ortiq bolalarni noqonuniy ishga yollagani, restoranlar oshxonasida ishchi sifatida turli vazifalarni bajartirgani aniqlangan.
Kentukkining Luivil shahrida ikki nafar 10 yoshli bola ba’zida ertalab soat 2 gacha ishlagan, ularga maosh to’lanmagan, deyiladi vazirlik bayonotida.
“Reyter” axborot agentligi o’tkazgan tekshiruv shuni ko’rsatdiki, bolalar Alabama shtatida “Hyundai” va “Kia” avtokompaniyalari uchun qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarda ham ishlagan.
“Nyu-York Tayms” gazetasining aniqlashicha, “Ford”, “General Motors”, “J. Crew”, “Walmart”, “Target” va “Whole Foods” kompaniyalarining ta’minot zanjirida ham bolalar mehnatidan foydalanilgan.
2022-yilda AQShda bolalarni xavfli hisoblangan ishlarga jalb qilishning 688 ta holati qayd etilgan. Bu 2011-yildan buyon eng yuqori ko’rsatkich.
“Konchilik, go’sht zavodlari, tom yopish, xandaq qazish, yog’och-taxta sanoatida arra bilan ishlash, portlovchi moddalar kabi sanoatlarda ishlash haqida gap ketyapti. Go’sht kombinatlari 2019-yilda bolalarni yollashni boshlagan ekan”, - deydi mehnat xavfsizligi bo’yicha ekspert Debbi Berkovitz.
Mutaxassislarning aytishicha, muammo ortidagi sabablardan biri – immigratsiya. So’nggi ikki yilda, AQSh Sog’liqni saqlash vazirligi hisobiga ko’ra, taxminan 250 ming migrant bola Amerikaga ota-onasiz kirib kelgan.
“Bu bolalar pul ishlab, Markaziy Amerika yoki Meksikadagi oilasiga yuborishga harakat qiladi. Ular, shuningdek, AQShga kelish uchun olgan qarzlarini qaytarishi kerak. Odam savdogarlari chegaraga olib kelgan bolalar ko’p. Tilga olingan kompaniyalar esa, bolalar mehnatiga qarshi qanday qoida va tartiblarni joriy etgan bo’lsa, ular ishlamayapti”, - deydi huquq faoli Rid Maki.
Fermerlar uchun imkoniyat dasturlari assotsiatsiyasiga ko’ra, AQSh qishloq xo’jaligi sektorida 12 dan 17 yoshgacha bo’lgan 400-500 ming bola ishlaydi.
Ayrim shtatlar 10 yoshdan oshgan bolalarga fermalarda ishlashga ruxsat beradi. Buning ustiga, qishloq xo’jaligi sohasi eng kam ish haqi va qo’shimcha ish haqi to’g’risidagi ba’zi federal qonunlarga amal qilmaydi.
“Mehnat standartlari qonunida istisno bandlar mavjud. 12 yoshga to’lgan bolalar maktabni qoldirmaslik sharti bilan dalalarda cheksiz soat ishlashi mumkin”, - deydi Maki.
Suhbatdoshlarga ko’ra, mehnat amaliyotlari bo’yicha jurnalistik surishtiruvlar natijasida ko’pgina bolalar ishini tashlab ketadi, ammo muhtojlik sabab boshqa joyda o’xshash ishlarga joylashadi.
“Himoyasiz bolalar haqida gap ketganda, nima uchun ular o’zlari va oilalarini boqish uchun ishlashlari kerakligi, ularni xavfli ishlarga undayotgan qashshoqlikning asosiy sabablarini bartaraf etish haqida o’ylashimiz kerak”, - deydi huquqshunos Ani Smit.
Qashshoqlikdagi bolalar milliy markaziga ko’ra, AQShda kamida 11 million bola federal qashshoqlik darajasidan pastda yashaydi.
Mehnat vazirligi Kongressdan bolalarni noqonuniy ravishda mehnatga jalb qilganlik uchun maksimal jarima miqdorini oshirishni so’ramoqda. Hozirda bu miqdor har bir bola uchun 15 138 dollarni tashkil etadi.
Facebook Forum