Tekshiruvlar shuni ko’rsatganki, Amerika dalalarida har kuni o’rtacha 33 bola jarohatlanadi va eng ko’p bola ish paytida aynan qishloq xo’jaligida nobud bo’ladi. Hukumat yosh avlodni himoya qilish uchun chora ko’rmayapti, deydi bu borada izlanish olib borgan mutaxassislar.
Bolalarni ekspluatatsiya qilish jahon bo’ylab kuzatiladigan muammo. Amerika istisno emas. 10 yoshga to’lmagan bolalar ham AQSh dalalarida mehnat qiladi. Ularga kattalarga qaraganda ancha oz maosh to’lanadi. Lekin issiq va sovuqqa qaramay qattiq ishlatiladi. Bolalar turli moddalardan zaharlanadi. Aksariyat hollarda hayoti xavf ostida ekanini bilmaydi ham.
“Ertalablari namlikda kleyonka bilan o’ranib, ishlaymiz. Keyinroq kun isib ketadi. Biz ea haliyam kleyonka ichida ishlayveramiz. Odam yonib ketay deydi lekin hech kim bizga yechib ishla, demaydi. Jaziramada ham shunday yuraveramiz”, - deydi Shimoliy Karolina shtatida ishlayotgan Keyti ismli qiz.
Tamaki dalalarida mehnat qilayotgan bolalar nikotindan zarar ko’radi.
“Tamakini hidlab ham undan zaharlanish mumkin ekan”, - deydi Genri ismli yosh ishchi.
Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” tashkiloti AQSh hukumatini 18 yoshga to’lmaganlar dalada ishlashini man etishga undab keladi.
"Bolalar bu ekinzorlarda ishlar ekan, ularga tekkanida terisi orqali nikotindan zararlanadi va turli kasalliklarga chalinadi. Zaharlanish keng tarqalgan holat”, - deydi Margaret Vurt, “Human Rights Watch”ning bola huquqlari bo’yicha eksperti.
AQSh qishloq xo’jaligi yosh avlod taqdiriga befarq, deydi u.
“AQSh qonunlari hozirgi shaklida 12 yoshli bola ham dalada og’ir ishlar qilishini man etmaydi. Uni xohlagancha ekspluatatsiya qilish mumkin. Bolalar hayoti tahdid ostida bo’lsa-da, mehnat qonunlari ularni himoya qilmaydi”, - deydi Vurt.
Amerika fermer xo’jaliklarida ham boshqa davlatlarda bo’lgani kabi bolalar yurishni boshlashi bilanoq dalada.
"Dalada katta bo’ladi bolalarimiz, ishlashadi albatta", - deydi Stiv Pratt, besh shtatda biznes qiladigan yirik tamaki xo’jaligi egasi.
“Amerika Ovozi” bilan telefonda gaplashar ekan, uning o’zi va xodimlari qonunlarni buzmasligini aytadi. “Mehnat qonunlarini bilamiz”, deydi fermer.
“Hech kim dalada zo’rlab ishlatilmaydi. Ishlagan odam haq oladi, yoshmi yoki qari. Kooperativmiz. Barcha a’zolarimiz tartib va qonunlardan xabardor va ogoh. Bolalarni xavfli ishlarga jalb etmaymiz”, - deydi Pratt.
Huquq tashkilotlari Kongressni mehnat qonunlarining bolalar bilan bog’liq qismlarini qayta ko’rib chiqib, muayyan taqiqlar qo’yishga chaqirmoqda.
Facebook Forum