13-iyun kuni Mayami shahrida federal sud huzuriga borib, 37 bandli ayblovlar bilan yuzlashgan Donald Tramp o'zini aybsiz deb hisoblashini bildirdi. Sudya uni tovonsiz qo'yib yubordi. Sayohat qilishiga ham cheklovlar qo'yilmadi.
Maxfiy hujjatlarni Oq uydan ruxsatsiz olib ketib, noqonuniy ravishda saqlanganlikda va yashirganlikda, adolat yo'liga to'siq qo'yganlikda ayblanayotgan Tramp bu ish yuzasidan yana qachon sudga chaqiriladi, noma'lum. Aybdor deb topilsa, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Qonun unga Oq uy uchun kurashishni taqiqlamaydi. Tramp poygadan chiqmoqchi emas. Aksincha, suddan chiqiboq u Mayamidagi barga borib, tarafdorlari bilan ko'rishdi.
Kuba taomlari va ichimliklarini taklif qiladigan restoranda Tramp suddagi ayblovlarni qoraladi va Amerikani "to'g'ri yo'lga solish kerak", deya ta'kidladi.
Tramp uni tekshirgan Adliya vazirligini, Bayden ma'muriyatini va sud tizimini unga qarshi uydirma va nafratda ayblab keladi.
Barga yig'ilganlarni mehmon qilgan sobiq prezident ularni o'zining dam olish maskanlariga ham taklif qildi. Tramp Florida shtatida qator mulklarga ega.
Sud zalida kameralarga ruxsat berilmadi, ammo jurnalistlar kirib, jarayonni kuzatdi. Tramp advokatlari qurshovida o'tirar ekan, vaziyatdan norozi ekanini yashirmadi.
Tramp qatori uning yaqin xizmatchisi Volt Nota ham jinoyatda ayblanmoqda, xususan sobiq prezidentga maxfiy hujjatlarni yashirishda yordamlashganlikda. U tovon bilan qo'yib yuborilgan va iyun oyi oxirlarida yana sudda ko'rinishi kerak. Nota ham Tramp kabi o'zini aybsiz deb biladi.
Kun yakunida respublikachi siyosatchi shaxsiy samolyotda Nyu-Jersi shtatiga yo'l oldi va u yerda tarafdorlari oldida so'zladi.
"Menga tuhmat qilishmoqda, tizim menga nisbatan adolatsiz", - deya nolidi Tramp.
Prezidentlikka respublikachi da'vogarlar orasida yetakchilik qilayotgan Tramp fikricha, demokratlar uni Jo Baydenning potensial raqibi sifatida maydonda chiqarishga urinmoqda.
Trampgacha AQShning biroq sobiq prezidenti jinoyatda ayblanmagan. Mayamidagi ishdan oldin u Nyu-Yorkda mart oyida politsiya va sudga chaqirilgan edi.
Jorjiya shtatida ham u jinoiy harakatlarda gumon qilinadi, ammo rasman biror ayblov qo'yilmagan.
Bu hafta 77 yoshini qarshilayotgan Tramp Oq uyga qaytishga bel bog'lagan. Uning nazarida Prezident Bayden ishni eplay olmayapti.
"Amerika chegaralari qo'riqlanmayapti. Sistema korrupsiyalashgan. Biz uni tuzatamiz", - dedi Tramp Mayamida tarafdorlari bilan gaplashar ekan.
Ayni damda 2024-yilgi saylovda prezidentlik uchun kurashishga 10 ga yaqin respublikachi bel bog'lagan. Florida gubernatori Ron Desantis ulardan biri. U reytinglarda Trampdan keyingi ikkinchi o'rinda.
Facebook Forum