Breaking News

AQSh bo'ylab qurolli xurujlar, qariyb 20 kishi o'lgan


Illinoys shtati, 18-iyun, 2023
Illinoys shtati, 18-iyun, 2023

Amerika xalqi 19-iyunda federal bayram - qullik barham topgan kunni nishonlar ekan, kamida yetti shtatdagi qurolli hujumlarda 20 ga yaqin kishi halok bo'lgan.

Otishmalar shaharlar va qishloqlarda sodir bo'lgan. Pandemiyadan keyingi davrda AQShda bunday hollar yanada ko'paygan.

"Ayrimlari kattalar orasidagi ziddiyatlar sabab yuzaga kelgan bo'lsa, boshqalari qo'liga qurol tushgan mas'uliyatsiz insonlarning ishi", - deya sharhlaydi Daniel Nagin, Karnegie Mellon universitetidan ekspert.

"Har bir holatda norasida insonlar o'lgan va jamoatchilikning tinchligi buzilgan".

Jamiyatshunoslar Amerika nega qonli otishmalar girdobida yashayotganini turlicha tahlil qiladi. Biroq birlamchi omil, deydi tadqiqotchilar, qurollarning ko'pligi va ularga ega bo'lish imkoniyati oson ekani. Qurolli qonunbuzarliklar aksariyat hollarda yengil jazolanishi ham bot-bot tilga olinadi.

Illinoys shtatining eng katta shahri Chikagoda besh kishi yaralangan, ikkisining ahvoli og'ir. Gavjum mahalladagi tadbirda janjal chiqib, bir odam qurolini ishlatgan.

Kechasi yuz bergan to'qnashuvda esa to'rt kishi yaralangan.

Chikago, Illinoys shtati
Chikago, Illinoys shtati

Chikagoning boshqa bir qismida bayramni qutlashga kelganlardan kamida 23 nafariga o'q uzilgan, ular orasida o'smirlar ham bo'lgan.

Shahar bo'ylab ayyom bilan bog'liq yig'inlarda yana o'nlab odamlar yaralangan.

Illinoys shtati gubernatiori J.B. Pritzker bayram qonli o'tganidan anduhda ekanini aytib, jinoyatchilar jazosini oladi, deya odamlarni xotirjamlantirishga urinmoqda.

Oq uy o'tgan ikki kun ichida yaqinlarini yo'qotganlarga hamdardlik bildirmoqda.

Aydaxo shtatida cherkovga tutashgan hovlida bir kishi to'rt odamni otib o'ldirgan. Kellogg degan shaharchadagi bu jinoyatda 31 yoshli erkak ayblanmoqda.

Qo'shnilarga ko'ra, bu uyda anchadan beri qarindoshlar orasida kelishmovchilik kuzatilayotgan bo'lgan.

AQSh qurol do'konlarida
AQSh qurol do'konlarida

Missuri shtatining Sent-Luis shahridagiqurolli xurujda 17 yoshli amerikalik halok bo'lgan. Bir shaxs gumon qilinib, hibsda. Shahar politsiyasiga ko'ra, o'smirlarning tungi o'tirishi janjalga aylanib, 15-19 yoshlar orasidagi qizlar va yigitlar yaralangan. Yoshlardan biri miltiq qo'llagan.

Vashington shtatida 17-iyun kuni kechki paytdagi raqs festivalida politsiya bilan to'qnashuvda bir kishi o'q yegan. Bu shaxsning qurollangani va hujum qilishi mumkinigi haqida ogohlantirilgan jamoatchilik vahimaga tushib qochgan.

Pensilvaniya shtatida politsiya nishonga olinib, bir zobit o'lgan. Xuruj kunduzi politsiyachilar qarorgohida ro'y bergan. Yuqori kalibrdagi qurol ishlatilgan.

Filadelfiya shahrida qora kiyimdagi odam oldidan chiqqanlarni o'qqa tutib, kamida olti kishini yaralagan. Politsiya hujumchini qidirmoqda.

38 yoshli hujumchi otishmada o'ldirilgan. Bu odam nima sabab bunday harakat qilgani mavhum.

Kaliforniya shtatining Karson shaharchasida oilaviy nizo qonli tus olib, sakkiz kishi jarohatlangan. 16-24 yoshlar orasidagi amerikaliklar o'q yegan.

Baltimor shahridagi otishmada olti kishi jarohatlangan. 17-26 yoshlar orasidagi erkaklar orasidagi ziddiyat mahsuli.

San-Fransisko shahrida ikki mashinada yoshlar o'q almashib, olti kishiga zarar yetkazgan, jumladan ularga aloqasi bo'lmagan va ko'chadan o'tayotgan ikki qizga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG