Breaking News

YXHT: O’zbekistonning muxolifatsiz osoyishta saylovi


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuv missiyasi O’zbekiston prezidenti saylovlariga doir oraliq hisobotini e’lon qildi.

Mamlakatda saylov kampaniyasi nisbatan osoyishta kechayotgani ta’kidlangan hisobotda buning sababi amaldagi prezidentga muxolifat yo’qligi bilan bog'lanadi.

“Saylovoldi kampaniyasi rasman 7-iyundan boshlandi va 7-iyulgacha davom etadi. Bugungacha saylovoldi kampaniyasi nisbatan osoyishta oʻtmoqda; bu esa amaldagi prezidentga muxolifatning yoʻqligidan dalolat beradi. Kampaniyaning borishida hozircha biror qarama-qarshilik yoki salbiy jihat kuzatilmadi. Prezidentlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar turli afishalar, bilbordlar va elektron ekranlardan foydalangan holda targʻibot ishlarini olib bormoqdalar”, deb qayd qiladi YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi kuzatuv missiyasi.

O’zbekiston prezidentligi uchun saylovlar 9-iyulda o’tadi. Prezidentlik uchun Shavkat Mirziyoyev doxil to’rt nafar nomzod kurashmoqda.

O’zbekistondagi mavjud beshta rasmiy partiyalardan bittasi - “Milliy tiklanish” O’zbekiston liberal demokratlar partiyasi tomonidan surilgan Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo’llab chiqdi. Xalq demokratik partiyasidan Ulug’bek Inoyatov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O’zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Hamzayev nomzodi prezidentlikka olg'a surilgan.

O'zbekistonda yana bir saylov: Tayyormisiz?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:19 0:00

Prezidentlik uchun to’rt nomzod bo’lsa-da, hokimiyatga Shavkat Mirziyoyevdan boshqa hech kim da’vogar emasligi jamoatchilikka ayon. Buni muxolifatsiz o’tayotgan saylov kompaniyasini osoyishta baholayotgan YXHT missiyasi ham e’tirof etayotgandek.

O’zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar ortidan qonunchilik qayta ko’rib chiqilayotganini ta’kidlagan kuzatuv missiyasi YXHTning ayrim tavsiyalari inobatga olinganini qayd etgan, ammo bular demokratik saylov, fuqarolik jamiyati, so’z erkinligini belgilovchi asosiz tavsiyalar emas.

Anglanilishicha, O’zbekiston hukumati demokratik, raqobatli saylovlarga sharoit yaratuvchi bu o’zgarishlarni 9-iyulda belgilangan navbatdan tashqari saylovlarni o’tkazib olishi ortidan ko’rib chiqmoqchi.

“2023-yilgi qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlarda DIIHBning oldingi ayrim tavsiyalari hisobga olingan, ammo bir nechta avvalgi tavsiyalar, jumladan, yigʻilishlar oʻtkazish erkinligi va soʻz erkinligi, fuqarolarning saylovlarni kuzatish va siyosiy partiyalarni roʻyxatga olish erkinliklarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan tavsiyalar amalga oshirilishi zarur. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) maʼlumotlariga koʻra, hukumat 2023-yilgi saylovdan soʻng saylov qonunchiligini konstitutsiyaviy meʼyorlarga muvofiqlashtirish va DIIHBning avvalgi tavsiyalarini ushbu jarayonning bir qismi sifatida koʻrib chiqishni maqsad qilgan”, - deyiladi hisobotda.

Demoktratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) kuzatuv missiyasining oraliq hisoboti O’zbekistondagi fuqarolik jamiyati vakillari bilan o’tkazilgan suhbatlarga asoslanadi. Ta’kidlanishicha, suhbatdoshlar O’zbekistonda so’z, yig’ilishlar o’tkazish erkinligi yo’qligidan xavotir bildirishgan.

Kuzatuv missiyasi “mamlakatdagi siyosiy vaziyat o’zgarishsiz qolayotgani”ga parlamentdagi besh partiyadan birortasi ochiq muxolifatda emasligiga, 2019-yilda O’zbekiston Ekologik partiyasi ro’yxatga olinganidan buyon boshqa biror siyosiy partiya ro’yxatga olinmaganiga diqqat qaratadi.

Hisobotda Xidirnazar Olloqulov yetakchiligidagi “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasi ro’yxatdan o’tolmay kelayotgani, partiya a’zolari qo’rqitilgani, yetakchisi hibs qilinganiga doir ma’lumotlar ham qayd qilingan.

Xidirnazar Olloqulov “Amerika ovozi” bilan suhbatda kuzatuv missiyasi vakillari bilan uchrashgani, imzo yig’ish jarayonida uning o’ziga, shuningdek partiya faollariga nisbatan bo’layotgan tazyiqlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etganini bildirgan edi.

DIIHB kuzatuv missiyasining O’zbekiston prezidentli saylovlariga deyarli bir hafta qolayotgan bir paytda e’lon qilgan oraliq hisoboti saylovlar taqdiri avvaldan hal etilganiga doir jamoatchilikdagi ishonchni bilvosita tasdiqlayotgandek.

Har holda bu hisobotda O’zbekistondagi siyosiy vaziyat o’zgarishsiz qolayotganini qayd etish, saylovlar soxta nomzodlar, qo’g’irchoq partiyalar ishtirokida nomigagina o’tkazib kelingan, prezidentlik muddati konstitutsiyaviy o’zgarishlar qilish yordamida uzaytirib kelingan marhum prezident Islom Karimov diktaturasi davrlariga ishora beradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG