Gollivudda ikki oydan beri ssenariy mualliflarining ish tashlashi davom etmoqda. Bu ssenariyli television mahsulotlar ishlab chiqarishni to'xtatib qo'ydi va har kuni Kaliforniya millionlab dollar yo'qotishga uchramoqda.
May boshidan beri Gollivudda ssenariy mualliflari har kuni soat 10:00 dan 14:00 gacha kinostudiyalar tashqarisida yaxshi maosh talab qilib namoyish o’tkazmoqda.
“Karib dengizi qaroqchilari” va “Men Frankenshteyn” filmlariga ssenariy yozgan Gollivud ssenaristi Styuart Bittining aytishicha, uning hayoti izdan chiqqan va u ssenariy yozish o‘rniga har kuni namoyishlarga chiqib, o‘z huquqi uchun kurashmoqda.
"Hech birimiz bu yerda bo'lishni xohlamaymiz, biz hozir hikoyalar yozayotgan bo’lishimiz kerak edi. Studiyalar bizni bu yerga kelishga majbur qildi", - deydi u.
Bitti ssenarist bo’lishni orzu qilayotgan o’g’lini ham o'zi bilan olib kelgan. 2007-yilda yuz bergan oxirgi namoyishlarda ham ikkalasi birga bo’lgan.
“2007-yilda ham o‘g‘lim yonimda edi; o'sha paytda ancha kichik bo’lgan, hozir ancha katta, farqi shunda. Ammo 2007-yilda men odamlarga nima uchun ish tashlaganimizni tushuntirishga majbur bo’lganman. Bundan hatto ba’zilar norozi edi”, - deydi u.
Milken instituti ma'lumotiga ko'ra, 2007-yilgi ish tashlash Kaliforniyaga taxminan 2 milliard dollarga tushgan. Yozuvchilar uyushmasiga ko'ra, bu safargisi Kaliforniya va Gollivudga kuniga 30 million dollar zarar keltirmoqda.
Kaliforniyaning kichik bizneslari ham aziyat chekyapti. “Milt & Edie” kiyim tozalovchilari hozir ishsiz. Kompaniya boshqaruvchisi Robert Shapironing aytishicha, ish tashlashdan avval ko'plab yirik studiyalar kostyumlarini shu yerga olib kelgan.
"Ko’ngilochar biznesimizda pasayishni ko'ryapmiz. Birinchi navbatda, bu ko'plab shoularni suratga olish to'xtaganligi sababli. Natijada biz kamroq stilistlar va mijozlar bilan ishlayapmiz”, - deydi u.
Restoran va vizajistlar ham, sartaroshlar, floristlar, dekorativ va elektr ishchilari ham pul yo'qotmoqda.
Hozircha ish tashlash yana qancha davom etishi noma’lum. Studiyalar va yozuvchilar o'rtasida hech qanday muzokara rejalashtirilmagan va Ekran aktyorlari gildiyasi a'zolari ham ish tashlashi mumkinligi xabar qilinmoqda. Ularning shartnomasi ham nihoyasiga yetmoqda.
Facebook Forum