Breaking News

Amerika jamiyatidagi siyosiy bo'linish, Oregon misolida


Oregon qishloqlari qo’shni shtatga qo’shilmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Amerikaliklarning uchdan ikki qismi mamlakat har qachongidan ko’ra bo’lingani va tarqoq ekanini aytadi. Xususan, qishloq va shahar aholisi o’rtasida tafovutlar katta.

Oregon qishloqlarida 12 ta okrug bu shtatni tark etib, Aydaxoga qo’shilish bo’yicha muzokara boshlash uchun ovoz berdi. Valova okrugi shulardan biri. Bizon chorvadori Bob Stengelning ota-bobolari ham shu yerda yashagan.

“Hozir AQShda ozchilik huquqlari, ularga imtiyozlar berish, bag’rikenglik to’g’risida ko’p gapirilyapti. Menimcha, muhokamadan chetda qolayotgan yana bir ozchilik guruh bor, bu – konservatorlar”, - deydi fermer.

Stengel Oregonning sharqiy chegaralarini qayta belgilash, qishloq hududlarini respublikachilar hukmron bo’lgan Aydaxoga qo’shish taklifini yoqlab ovoz bergan. Oregonni esa demokratlar boshqaradi.

“Liberallar va umuman demokratlar so’nggi 40 yildan buyon Oregonda siyosatni belgilab keladi. Ular konservatorlarga qanday yashashni o’rgatmasligi kerak”, - deydi Stengel.

Oregon yerlari Aydaxoga qo’shilishi amri mahol. Buning uchun har ikki shtat qonunchilik organlari, shuningdek, AQSh Kongressining roziligi kerak. Konservativ oregonliklar deydiki, markaziy va sharqiy okruglarning majburiy kuchga ega bo’lmagan ovoz berish tashabbusi Kongressga signal sifatida ko’rilishi kerak.

Elnora Kameron ham Valova okrugida yashaydi. U taklifga qarshi ovoz bergan, lekin separatizm kayfiyatiga nima turtki berayotganini tushunaman, deydi.

“Oregon rezidentiman. Aydaxoning qonun-qoidalari bo’yicha yashashni xohlaymayman. Lekin Oregonning g’arbiy va sharqiy hududlarida yashovchi aholi o’rtasida muloqot boshlanishi kerak. Norozilik o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi”, - deydi bu amerikalik.

Oxirgi prezidentlik saylovida Oregonning konservativ sharqiy hududlarida Donald Tramp ko’proq ovoz olgan. Ammo shtatda Jo Bayden g’alaba qilgan, chunki demokratlarga ovoz beruvchi aksar aholi g’arbiy shaharlar va ular atrofida istiqomat qiladi.

Amerikaning boshqa qismlarida ham ayni vaziyat. Oregon respublikachilari o’zlarini ovozsiz his qilayotgani bejiz emas, deydi professor Jo Launds.

“Oregondan ajralib chiqish harakati siyosiy qubtlashish qay nuqtaga yetganini ko’rsatadi. Shtatdagi Respublikachilar partiyasi 20 yil oldingi partiyadan keskin farq qiladi. Shuning uchun ular ko’proq Aydaxo bilan o’zlarini o’xshash deb ko’rishadi. Oregonda, ular nazarida, liberallarning e’tibori butunlay boshqa masalalarda”, - deydi suhbatdosh.

Shu yilning may oyida abort huquqlarini kengaytirish va transgenderlar uchun tibbiy xizmatlar masalalasi ovozga qo’yilganda, Oregonning respublikachi qonunchilari zalni tark etgan, boykot e’lon qilgan.

Oregondan ajralmoqchi bo’layotgan okruglar tarafdor to’plab, o’z safini kengaytirmoqchi. Ammo Bob Stengel kabi konservatorlar safarbar etilib, ular katta sonda ovoz berishga chiqsa ham, bunday rejani amalga oshirish oson bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG