Breaking News

AQSh: Yordam dasturlari tugab, uysizlar soni 12 foizga oshgan


Los-Anjeles, Kaliforniya, 2-fevral, 2023
Los-Anjeles, Kaliforniya, 2-fevral, 2023

Qo’shma Shtatlarda ijara narxlari ko’tarilishi va pandemiya bilan bog’liq yordam to’lovlari to’xtashi ortidan uysizlik 12 foizga oshgan. Yil boshidagi hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatda uysizlar soni taxminan 653 mingga teng. Bu 2007-yilda so’rov o’tkazish boshlanganidan beri eng yuqori ko’rsatkich.

Muammoga uy-joy qimmatligi, opiod epidemiyasi, qator shtatlarda boshpanalar migrantlar bilan to’lgani ham hissa qo’shmoqda, deydi rasmiylar. O’sishning katta qismi birinchi bor uysiz qolganlar hisobiga to’g’ri keladi.

“Bu ma’lumotlar odamlarga uysizlik muammosidan tezda xalos bo’lishga yordam beradigan va boshidan buning oldini oladigan yechim va strategiyalarga shoshilinch ehtiyoj borligini ko’rsatmoqda”, - deydi AQSh Uy-joy va shaharsozlik vaziri Marsiya Faj.

Oxirgi 10 yildan buyon AQSh hukumati uysizlikni kamaytirish uchun ko’rayotgan choralar, xususan faxriylarni boshpana bilan ta’minlash uchun qilingan sarmoya, natija berayotgan edi. Uysiz odamlar soni 2010-yilda 637 000 dan 2017-yilda 554 000 ga kamaydi.

2020-yilda bu raqam yana oshib, 580 mingga yetgan va keyingi ikki yilda shu darajada saqlanib qolayotgan edi. 2020-yildan boshlab Kongress koronavirus pandemiyasi tufayli oilalarga va mahalliy huhumatlarga katta miqdorda moliyaviy yordam uzatgan, ijarada turganlarni haydab chiqarish ham bir muddat taqiqlangan.

Boshpanasizlar bo’yicha idoralararo kengash nomli federal agentlik ijrochi direktori Jeff Olivetning aytishicha, o’shanda Kongress ajratgan bosqichma-bosqich ko’mak, oilalarga cheklar, ayrim to'lovlar vaqtincha to'xtatilgani uysizlar soni oshishini to’xtatdi.

Garchi ko’plab omillar uysizlikka sabab bo’lsa-da, asosiy sabablar arzon uy-joy yetishmovchiligi, ipoteka stavkalarining yuqoriligi va qimmatchilik, deydi Olivet. Ko’plab oilalar maoshdan maoshga yashaydi.

San-Fransisko, Kaliforniya, 29-avgust, 2023
San-Fransisko, Kaliforniya, 29-avgust, 2023

Uysizlik individual shaxslar orasida 11 foizga, veteranlar orasida 7,4 foizga va bolali oilalar orasida 15,5 foizga o’sgan. Uysizlarning 37 foizi afro-amerikalik, 33 foizi ispanzabon.

Uy-joy va shaharsozlik vazirligiga ko’ra, 2022-yilda Amerika bo’ylab ijara haqi sezilarli darajada yuqorilagan. Boshpanasiz odamlarning yarmidan ko’pi to’rtta shtatda: Kaliforniya, Nyu-York, Florida va Vashington.

Xususan, Kaliforniyaning Los-Anjeles shahrida uysizlar 71 320 kishini tashkil etmoqda, bu 2022-yilga qaraganda qariyb 10 foizga ko'p. So'nggi bir yilda Nyu-Gempshir, Nyu-Meksiko va Kolorado shtatlarida uysizlar soni oshgan.

Umuman olganda, 41 ta shtat va poytaxt Vashingtonda uysizlar ko’paygan, qolgan to’qqizta shtatda kamaygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG