Breaking News

Vakillar palatasi Bayden impichmentini ko'rib chiqishi nimani anglatadi?


Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson

AQSh Vakillar palatasida ko'pchilik o'rinni egallagan respublikachilar demokrat Prezident Jo Baydenni impich qilish kerak, deya bong urmoqda. Tergov boshlashni qonunchilar o'tgan haftada ma'qullashgan.

Oq uy va demokratlarga ko'ra, Baydenni tekshirish uchun isbot-dalil yo'q. Ular nazarida respublikachilar saylov oldidan shunday siyosiy mashmasha bilan chiqib, poygani va butun jarayonni izdan chiqarmoqchi.

Impichment, AQSh qonunlariga ko'ra, prezidentni katta jinoyatlarda ayblab, sudlash va lozim topilsa, ishdan olish demakdir. Mahkama Senatda o'tadi.

Baydenning ko'ngli to'q. Odatda bu boradagi savollarga javob bermaydigan prezident respublikachi qonunchilarni buzg'unchilikda ayblamoqda.

"Muddao nima? Ishingiz Amerika xalqi uchun xizmat qilish emasmi? Uning dardi bilan shug'ullanish emasmi? Menga tuhmatlar yog'dirib, meni qoralashdan nima yutasiz?"

"Ular siyosiy tomoshalarga berilib, vaqtni behuda sarflamoqda, qolaversa respublikachilarning o'zlari ham tan olib turibdi, meni ayblash uchun ularda fakt yo'q", - deydi Bayden.

Tekshiruv yangi yilning birinchi oyida yakunlanishi kutilmoqda. Xulosalarga qarab, keyingi qadamlar belgilanadi.

Oldingi prezident, Donald Tramp, ikki bor impishmentdan o'tgan, har ikkisida oqlangan.

Baydenni korrupsiyada ayblab, javobgarlikka turish kerak, deb anchadan beri undab kelayotgan siyosatchi - Tramp.

Demokratlar nazarida Baydenni impich qilish tashabbusi boshdan oyoq toqima
Demokratlar nazarida Baydenni impich qilish tashabbusi boshdan oyoq toqima

Baydenning oilasi bilan bog'liq bizneslarni Kongress anchadan beri elakdan o'tkazmoqda va yetakchilardan natijani ko'rsatish kutilayotgan edi.

Etik kamchiliklar topilgan, ammo Bayden prezidentlik davrida yoki vitse-prezidentlik paytida biror korrupsion harakat qilgani, pora olgani aniqlanmagan.

"Biz har bir bosqichga jiddiy yondashamiz va qo'limizda isbot-dalil bo'lmay xulosa qilmaymiz", - deydi spiker Mayk Jonson.

Demokratlar nazarida esa respublikachilar Trampning impichmentlari uchun ulardan alamini olmoqchi.

"Respublikachilarda hech narsa yo'q. Asossiz ayblar, vijdonsizlik. Hammasi sahnalashtirilgan", - deydi Jim Makgovern, Massachusetts shtatidan kongressmen.

Ko'plab respublikachilarga ko'ra, impichment tekshiruvi - faqatgina tekshuruv.

"Siyosiy, qonuniy jarayon bu. Natijaga qarab, ish ko'ramiz", - deydi Tom Emmer, respublikachi kongressmen.

Tekshiruv Oq uyni ma'lumot uzatishga majbur qiladi, ya'ni Bayden ma'muriyati qonunchilarning so'rovlariga javob berishi shart. Hozirgacha olib borilgan tekshiruv paytida administratsiya savollardan qochgan paytlar bo'lgan, deydi respublikachilar.

Demokrat Jerri Nadler. Adliya qo'mitasi a'zosi, harakatning o'zi noqonuniy deydi, chunki, uning nazarida, impichment tekshiruvini boshlash uchun ham yetarlicha isbot-dalil zarur.

"Qani ular? Hech narsa ko'rsatishmadi, chunki yo'q",- deydi u.

Prezident Jo Baydenning o'g'li Xanter Bayden ikki jinoyatda ayblamoqda
Prezident Jo Baydenning o'g'li Xanter Bayden ikki jinoyatda ayblamoqda

Hozirgacha olib borilgan tekshuruv asosan Prezident Baydenning o'g'li, 53 yoshli Xanter Bayden bilan bog'liq. Unga noqonuniy ravishda qurol olib yurganlik, va moliyaviy qonunbuzarlik kabi ayblovlar qo'yilgan.

Xanter Bayden yurist, lobbist va tadbirkor. Besh farzandning otasi, 2020-yildan beri tergov ostida.

Respublikachilarning gumoni shuki, prezident o'g'lining ishlarni bilgan, ammo pinagini buzmagan, o'g'lini quvvatlagan.

Xanter Bayden sudlovga tayyor ekanini, otasining uning qilmishlariga aloqasi yo'qligini aytadi. Demokratlar ham shuni takrorlamoqda.

"Respublikachilar shaffof emas. Man nima qilgan bo'lsam, javob beraman. Siz nimadan qo'rqayapsiz", - deya so'raydi u impichment tekshiruvini yoqlaganlardan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG