Rossiyada qamoqdagi muxolifatchi Aleksey Navalniy Arktikadagi koloniyaga jo'natilgan. Uch haftadan beru daraksiz ketgan mahkum oilasi bilan aloqaga chiqqan va advokatlari uning salomatli joyida ekanini tasdiqlagan.
Prezident Vladimir Putinni keskin tanqid qilib, muqobil siyosat taklif etib nom qozongan Navalniy ekstremzmda aybdor deb topilib, 19 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Yaqingacha u Vladimirdagi qamoqxonada edi, Moskvadan 230 kilometrcha sharqda.
Endilikda esa Navalniy Xarp shahrida mehnat lagerida, Moskvadan qariyb 1900 kilometr shimoli-sharqda. Xarp Yamalo-Nenets regionida joylashgan.
Navalniy o'tirgan hududga tutash Vorkuta, ko'mir konlari makoni, Sovet davrida gulag sifatida tanilgan edi, chunki tuzumga dushman deb ko'rilgan ko'plab insonlar shu yerga badarg'a qilingan.
G'arb siyosiy tahlilchilari, Rossiya bo'yicha ekspertlar nazarida Navalniyning bu qadar uzoqda zanjirband qilinishi hokimiyatdan ketishni aslo xayoliga keltirmayotgan, Rossiyani kengaytirishni va kuchaytirishni maqsad qilgan Putindan ajablanarli qaror emas.
Rossiya hukumati Navalniyning ko'chirilishi sabablarini tushuntirmagan. Muxolifatchining tarafdorlari deydiki, siyosiy raqibni eng olisdagi koloniyaga yuborish bilan Kremldagi rahbariyat naqadar toqatsiz va shafqatsiz ekanini namoyon etmoqda.