Breaking News

34 trillion dollarlik qarz bilan AQSh hukumati yangi byudjetdan umidvor


AQSh Moliya vazirligi binosi, Vashington
AQSh Moliya vazirligi binosi, Vashington

34 trillion dollarlik qarz AQSh iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazayotgani yo'q, chunki federal hukumatga kredit berishga shay bizneslar talay. Bu esa hukumatni soliqni oshirishga majbur qilmaydi.

AQShda federal hukumatning qarzi 34 trillion dollardan oshar ekan, Bayden ma'muriyati Kongress yaqin orada bu yilgi byudjetni talablarga mos holda ma'qullaydi, degan umidda.

Moliya vazirligi vaziyat haqida qonunchilarga hisobot bergan. Yaqin haftalar ichida hukumat uchun zarur mablag' ajratilmasa, tizim ishdan to'xtab qolishi mumkin.

Hozirgi byudjetning bir qismi 19-yanvargacha, qolgani 2-fevralgacha bo'lgan davrni qoplaydi.

Kongress a'zolari orasida ziddiyatlar talay, respublikachilar Oq uyning takliflarini chetga surish harakatida. O'tgan yilning iyunidagi kelishuvga ko'ra, qarz shifti 2025-yilgacha cheklanmaydi.

Kongressning Byudjet idorasi 2020-yilgi taxminida federal qarz 2029-yilga borib, 34 trillion dollarga yetadi, deya hisoblagan edi.

Biroq pandemiya tug'dirgan muammolar sabab xarajatlar haddan tashqari oshib ketdi. Favqulodda holatda yashash iqtisodga misli ko'rilmagan darajada zarar keltirdi.

Donald Tramp va Jo Bayden prezidentligi davrida hukumat zaruratlarni qoplash, aholiga yordam ko'rsatish uchun ko'zlanganidan ham ko'proq qarz oldi.

Iqtisod tiklanar ekan, inflyatsiya ko'tarildi. Davlatga zarur xizmatlar ham qimmatlashdi.

"Vashington pulni cheksiz xazinaga egadek sarflash bilan ovora, - deydi Sang Von Son, Loyola Merimaunt universiteti tadqiqotchisi. - Hamma narsaning o'z bahosi bor, hech narsa tekin emas. Kelajak juda xavotirli".

Qarz deganda jumladan davlat o'zidan oladigan mablag' tushuniladi. AQShda yillik yalpi mahsulot miqdori 26,7 trillion dollarga teng.

34 trillion dollarlik qarz AQSh iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazayotgani yo'q, chunki federal hukumatga kredit berishga shay bizneslar talay. Bu esa hukumatni soliqni oshirishga majbur qilmaydi.

Lekin qarz bu qadar tez sur'atda o'sishda davom etsa, davlat xavfsizligi va ijtimoiy himoya dasturlariga ta'sir qila boshlashi tayin, deydi ekspertlar. Eng salmoqli zarar - xalqning tizimga ishonchining pasayishi, xususan Kongress va Oq uyga.

Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Yevropadagi ayrim davlatlar AQSh qarziga qilgan sarmoyalarini kamaytirgan. Asosiy kreditorlar - Amerika banklari.

Hukumat qarzi miqdori, deya tahlil qiladi iqtisodchilar, AQShda yashaydigan har bir kishiga 100 ming dollarga to'g'ri keladi. Bir qarashda bu qo'rqinchli, ammo fuqaroga bevosita effekti hozircha sezilmayapti.

Tadqiqotchi Son fikricha esa bu qadar katta qarz kelajakda aholi uchun tirikchilikni qiyinlashtiradi, xususan uni nafaqa va imityozlardan ayirishi mumkin.

Yana bir iqtisodchi olim Shay Akabas ham shunday qarashda.

"Amerikaliklar buni qachon his qila boshlashini bashorat qilish mushkul, lekin u kunlar kelishi aniq,- deydi Akabas. - Stavkalar oshadi, ishsizlik kengayadi, inflyatsiya va narx-navo ko'tariladi".

Demokratlar va respublikachilar qarzni kamaytirish borasida yakdil, ammo qay tarzda tushirish borasida turlicha yondashuvga ega.

Demokratlarga ko'ra boylar va korporatsiyalarga ko'proq soliq solish kerak. Ya'ni yechim ular nazarida soliq tizimini qayta ko'rib chiqishda.

Respublikachilarga ko'ra hukumatning mudofaadan tashqari barcha xarajatlarini ozaytirish lozim. Xususan energetik imtiyozlarni bekor qilish kerak, deydi ular. Ularning pozitsiyasi shuki, bizneslardan kamroq soliq olish aslida iqtisodni o'stiradi va turmushni yaxshilaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG