Yaqin Sharqdagi eng so’nggi mojaro yechimi xususida muloqot qilishda yaqingacha Turkiyani chetlab o’tgan Blinken hozirgi safarini aynan Turkiyadan boshladi, Turkiya prezidenti va tashqi ishlar vaziri bilan ko’rishdi.
Rajab Toyib Erdog’an mojaro boshida XAMASni qo’llab-quvvatlagani va Benyamin Netanyaxuni keskin tanqid qilgani Vashingtonga yoqmagan edi, biroq Blinkenning Turkiyaga safari, deydi ayrim kuzatuvchilar, AQSh Anqaraning siyosiy ahamiyatini tan olayotganini ko’rsatmoqda.
“XAMASni Falastin Muxtoriyati bilan hamkorlik qilishga undashda Turkiya diplomatiyasi va bosimi kerak bo’lishi mumkin. Bundan tashqari G’azoda terrorga qarshi kurash uchun, xavfsizlikni ta’minlash uchun va hattoki eng oddiy boshqaruv tizimini o’rnatishda Turkiya rol o’ynashi mumkin. Oq uy ma’muriyati Turkiyani chetlab o’tish Erdog’an ritorikasini vazminlashtirmayotganini ham ko’rmoqda deb o’ylayman”, - deydi Vashingtonda asoslangan Brukings tahlil institutidan Asli Oydintoshbosh.
Vashington ham, Anqara ham urushning Yaqin Sharq bo’ylab tarqalishi xavfidan xavotirda.
Istanbuldagi muloqot chog’ida Blinken Shvetsiyaning NATOga a’zolik uchun arizasi Turkiya parlamenti tomonidan hanuz tasdiqlanmayotganidan ham tashvish bildirdi.
Erdog’an buning uchun avval AQSh Kongressi Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotishga ruxsat berishini talab qilmoqda.
Vashington esa Turkiya avval Shvetsiya a’zoligini hal qilsin, deydi.
Tahlilchilarga ko’ra, Kongressni Ukrainaga harbiy yordam berishga ko’ndira olmayotgan Prezident Bayden Turkiya masalasida ham qonunchilar bilan osonlikcha kelisha olmasligini bashorat qilmoqda.
“Bayden Turkiya masalasida na Senatga, na Vakillar palatasiga bosim qo’ya oladi. Ukraina masalasida bunga muvaffaq bo’la olmayaptiyu, hali hech narsa qilmagan va hatto XAMASni qo’llab-quvvatlayotgan Turkiya nomidan qanday qilib ularni ko’ndirsin?”, - deydi tahlilchi Sezin O’ney.
Blinken Erdog’an bilan suhbatda mavjud mavhumlik uzoq davom etgan sari AQSh Kongressida Turkiyaga nisbatan salbiy munosabat kuchayishi haqida ogohlantirgan bo’lishi mumkin, deya taxmin qiladi kuzatuvchilar.
Oy oxiriga yaqin Turkiya parlamenti ta’tildan qaytadi. AQSh Anqaradan Shvetsiyaning NATOga a’zoligi masalasini tezroq ovozga qo’yishni talab qilmoqda.