Rossiyadagi o´zbeklarning “Vatandosh” jamiyati rahbari Usmon Baratov armiyani haqoratlashda ayblanib, hibsda. 19-yanvar kuni sud Baratovni 17-martga qadar qamoqda saqlashni buyurdi. Organlarga ko'ra, Baratov ijtimoiy tarmoqda Rossiya qo'shinlarining ustidan kulgan.
66 yoshli Baratov Rossiya fuqarolgini qabul qilgan, uzoq yillardan buyon Rossiyada yashayotgan o’zbeklardan. “Vatandosh” jamiyati vazifalari qatorida u mehnat muhojirlari huquqlarini ham himoya qilib, tanilgan.
Baratov- bahsli shaxs. Rossiya hukumati, shuningdek O´zbekiston hukumatiga nisbatan ham tanqidiy fikrlari, shu bilan birga Sovet ittifoqi davrini olqishlovchi chiqishlari bilan ham e'tiborga tushgan.
Oxirgi yillarda Baratov bloger sifatida Rossiyadagi va O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga doir chiqishlar qilib kelayotgan edi.
Baratov Islom Karimov davrida virtual saylovlarda o´z nomzodini O´zbekiston prezidentligiga surgan. U O’zbekiston istiqboli Rossiya yetakchiligida tashkilotlar bilan ittifoqda, degan fikrlarni olg'a surgan.
Rossiyada millatchilik kuchayayotganini ham ochiq aytib kelgan faollardan. Aynan shu bois ham rus millatchilari tanqidiga nishon bo`lgan.
Baratov o’z chiqishlari bilan rus bloggerlari, millatchilari e’tiroziga uchrab kelayotgan edi.
Baratov hibsidan ikki hafta oldin e’lon qilingan “Rasstriga_dok” nashridagi intervyusida Rossiyada etnik rus bo`lmagan millatlar ham rus atamasi bilan sifatlanayotganidan norozilik bildirgan.
“Rossiya fuqarosi sifatida bu menga ta’sir qiladi. Chunki men rus emasman, mening qonim boshqa, men o’zbekman. Men singib ketmoqchi emasman. Adaptatsiya, integratsiya kerak. Lekin odamni o’zligidan mahrum qiluvchi assimilyatsiya kerak emas. Federal kanallarda ham Rossiya pasportini rus pasporti deb atay boshlashdi. Rus pasporti degan narsa yo’q, Rossiya pasporti bor”, - degan Baratov.
U rus bloggerlari prokuraturaga qilgan murojaati ortidan hibsga olingan.
Baratov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiyada tuxum yetishmovchiligi muammosiga munosabat bildirar ekan, “xo´rozlar”ni frontdan qaytarishni tavsiya qildi. Bu Ukrainada urishayotgan rus askarlarini tahqirlash sifatida talqin qilinmoqda, ammo Baratov bu ayblovlarni inkor etgan.
Rossiya qonunchiligiga kiritilgan so’nggi o’zgarishlarga ko’ra, u fuqarolikdan mahrum qilinishi ham mumkin.