Breaking News

O'zbekiston: Mehnat muhojirlari nega ekstremist guruhlarga qo'shilmoqda?


Yaqinda o'zini Suriyada "jihod yo'lida" portlatgan o'zbek yigit Qirg'izistondan ekanligi ma'lum bo'ldi. "Ozodlik" radiosiga ko'ra, 21 yoshli Bobur Isroilov Rossiyaga pul ishlashga borib, bedarak ketgan.
Yaqinda o'zini Suriyada "jihod yo'lida" portlatgan o'zbek yigit Qirg'izistondan ekanligi ma'lum bo'ldi. "Ozodlik" radiosiga ko'ra, 21 yoshli Bobur Isroilov Rossiyaga pul ishlashga borib, bedarak ketgan.

Markaziy Osiyo bo’ylab, jumladan, O'zbekistonda “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi targ’ibot avj olgan. Imomlar va mahalla oqsoqollari aholini bu ekstremist tizim tahdidi haqida ogohlantirib, uning ta’siridan saqlanishga chaqirmoqda. Rossiyada ham shunday ishlar olib borilmoqda. Biroq kuzatuvchilar nazarida hukumat hali ham muammo ortidagi asl sabablarni tan olmaydi.

O'zbekiston: Mehnat muhojirlarini ekstremizmdan qanday qilib asrash mumkin? Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:51 0:00
Yuklab oling

BMT Aksilterror qo’mitasiga ko’ra, aksariyati Markaziy Osiyo fuqarolaridan tarkib topgan O’zbekiston Islomiy Harakati, Islomiy Jihod Ittifoqi, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati “Islomiy davlat” va al-Qoidaning bir qismlaridir. Yaqinda "Islomiy davlat" ga qo'shilganini e'lon qilganida O'zbekiston Islomiy Harakatini o'zini Xuroson viloyati lashkarlari deb tanishtirgan edi.

BMT radiosining xabar berishicha, markaziy osiyolik jangarilar “Islomiy davlat” guruhida yuqori lavozimlarini band etib keladi. Mintaqa aholisini estremistik guruhlar safiga jalb etish targ’ibotida esa O’zbekiston Islomiy Harakati faol. So’nggi paytda asosan mehnat muhojirlari va ayollar bu targ’ibot qurboniga aylanmoqda, deyiladi bu axborotda.

O’zbekistonda jamoatchilik orasida “Islomiy davlat” guruhiga qarshi adabiyotlar tarqatilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Davlat musulmonlar idorasi imomlarni Rossiyaga yuborib, u yerdagi masjidlarda “Islomiy davlat” guruhiga qarshi o’tkazilgan tadbirlar haqida xabar tarqatgan. Rossiyaning bir nechta shaharlarida O’zbekiston musulmonlar idorasi raisi o’rinbosari Ayderbek Tulepov tomonidan yozilgan “ISHID fitnasi” kitobi ham muhokama qilingan.

Ekstremistik guruhlar safiga qo’shilayotgan o’zbeklar asosan mehnat muhojirlari ekanligiga urg’u berilib, imomlarning Rossiyaga safari aynan shu sabab amalga oshgan.

Ammo, kuzatuvchilar va faollar nazarida, hukumatning bu harakatlari ancha kechikkan.

“Birinchidan, o’zbeklar masjidlarga ko’p bormaydi, chunki hammasi biladi u yerda Karimovning ayg’oqchilari yurishini. Masjidarga asosan Qirg’iziston, Tojikistondan kelgan muhojirlar boradi. O’zbekistonlik musulmonlar ko’p, lekin ular ko’proq boshqa joylarga namozga borishadi, musulmonlarning ahvoliga qarab fikr qiladi, ularning qarashlari boshqacha. Muftiyatning endi targ’ibotga kirishgani foydasiz. O’zbeklar hukumat musulmonlarni yoppasiga qamay boshlaganda jim o’tirgan, Karimovni insofga chaqirmagan muftiyat endi kelib, haq-huquqlarimiz toptalib yotgan bir paytda yana itoatga chaqirayaptimi, deyishayapti. Hamma shunday qabul qilayapti”, - deydi Moskvada faoliyat yuritib kelayotgan huquq faoli Bahrom Hamroyev.

Rossiyadagi o’zbek faollaridan biri Usmon Baratov deydiki, masjidlarda o’tkazilgan targ’ibotlardan aksariyat o’zbekistonliklar chetda, chunki muhojirlarni ekstremistik tashkilotlarga yetaklayotgan sabablar boshqa.

“Avvalo ular yaxshi ish blan ta’minlanishi kerak, oilasini, bola-chaqasini boqish darajasida. O’zbeklar muhojirlar soni bo’yicha Rossiyada eng ko’p edi. Yaqinda esa Rossiya hukumati repressiv qonunlar ishlab chiqdi, muhojirlarni yo’qotayapti. Bu bechoralar endi nima qilsin? O’zbekistonga borsa, ish yo’q. O’g’irlik qilsa, qamaladi. Hozir ancha ko’paydiyam bu narsa. Boshini qayerga urishi kerak? Maydonga chiqarmaydi, Andijondagi kabi darrov otib tashlaydi; qamoqlarga tashlaydi. Nima qilishsin? O’lgan kunidan o’sha yoqlarga ketishayapti, ayrimlar tolibonga, ayrimlar Pokistonga, yaxshi pul to’layapti deb eshitgandan keyin. Ayrimlar faqat pul uchun, ayrimlar esa g’oya uchun. Musulmonlar idorasini bu yerdagi masjidlarda bir-ikki marta targ’ibot o’tkazgani hech narsa emas, bu juda kam. Bundan tashqari ishlagani kelgan o’zbeklar masjidlarga bormaydi ham”, - deydi u.

O’zbekistonda “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kuchaygan targ’ibot qatorida ektremistik oqimlarga aloqadorlikda ayblanib, qamoqqa tashlanayotganlar haqida ma’lumotlar ham ko’paymoqda.

Yaqinda Xorazm viloyatida ekstremistik tashkilotlarni quvvatlaganlikda ayblangan bir guruh yoshlar ustidan sud ishi tugagan. Guruh rahbari deya da’vo qilingan shaxs 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG