Breaking News

Donald Tramp fuqarolik ishi bo’yicha aybdor topildi


Nyu-York sudyasi AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp, uning ikki to’ng’ich o’g’li va kompaniyalariga 364 million dollar miqdorida jarima to’lashni buyurib, uch yil davomida Nyu-York shtatida biznes bilan shug’ullanishni taqiqlab qo’ydi.

Xalqaro hayot - 19-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:04 0:00

Tramp sud hukmini qoralab, uning ortida siyosiy sabablar borligini, Demokratik partiya a’zosi bo’lmish Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeyms undan o’ch olayotganini aytdi.

Jeyms Tramp Tashkilotini o’n yil davomida shtatdagi ko’p mulklari bahosini yiliga 3,6 milliard dollarga oshirib ko’rsatib, banklardan imtiyozli kreditlar olish maqsadida ularni aldab kelganini aytdi.

Trampga ko’ra, sudya Artur Engoron ushbu qarori bilan saylovga aralashdi, so’lchi siyosatchilarning Trampga qarshi fitnasiga sherik bo’ldi.

Nyu-yorkliklar sud qaroriga turlicha munosabat bildirmoqda.

“Bu qaror saylovda kimga ovoz berishimga ta’sir qilmaydi. Trampga baribir ovoz berish niyatim yo’q edi. Ammo bu boshqalarning ovoziga ta’sir qiladi degan umiddaman”, - deydi bir ayol.

"Ahmoqlik bu. Har safar ayni narsa. Doim unga hujum qilishadi. E’tibor bermasdan oldinga qarab yurishi kerak”, - deydi yana bir nyu-yorklik.

Tramp juma kuni sud qaroriga apellyatsiya bermoqchi.

“Tramp ikki yo’ldan birini tanlashi mumkin. Masalan, apellyatsiya sudiga murojaat qilishi mumkin. Bu Nyu-Yorkning eng yuqori sudi. Ammo bu ixtiyoriy apellyatsiya bo’ladi. Sud shikoyatni ko’rib chiqmasligi mumkin. Yana bir yo’li AQSh Oliy sudiga shikoyat qilish. Biroq bu ishda federal masala yo’q. Nyu-York shtatiga doir ish bu”, - deydi sobiq federal prokuror Nima Rahmani.

Unga ko’ra, Tramp sud belgilagan jarima miqdorini darrov to’lashi shart emas.

“Ammo baribir Donald Tramp yaqin orada to’lovni amalga oshirishi kerak bo’ladi. Chunki agar bu ishni apellyatsiya sudiga oshirmoqchi bo’lsa, apellyatsiya garov pulini to’lashi kerak. Uning miqdori quyi sud belgilagan jarima miqdorining ma’lum foiziga teng bo’ladi. Gap ko’p pul haqida ketmoqda”, - deydi Rahmani.

Ba’zi kuzatuvchilar nazarida, sud hukmi Trampni muvaffaqiyatli tadbirkor deb o’ylab, unga ovoz bermoqchi bo’lgan yoki ikkilanib turgan saylovchilarni o’ylantirib qo’yishi mumkin.

“Navbatdagi prezident saylovi natijasini mustaqil saylovchilar hal qilishi mumkin. Va mening nazarimda, Tramp ko’plarining ovozini yo’qotishi mumkin. So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Trampning bu va boshqa huquqiy muammolari sabab uning mustaqil saylovchilar orasida reytingi kamida 10 foizga kamaygan. Bu esa Pensilvaniya va Viskonsin kabi kurash murosasiz kechuvchi shtatlarda o’ta muhimdir”, - deydi Boston universiteti professori Tomas Veylen.

Tramp ustidan yana to’rtta ish bo’yicha jinoiy tergov qo’zg’atilgan. Ulardan biri bo’yicha sud 25-mart kuni boshlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG